Sarlovhani o’qib hayron bo’lgandursiz? Ha, to’g’ri o’qidingiz… qimorga ilk qadam!
Gap hozirda farzandlarimizning ko’ziga oddiy va qiziq tuyilayotgan, ular yoqtirib o’ynayotkan aynan o’sha “ketka” o’yini haqida.
Uni asli qimor ekanligini bilarmidingiz… Nega deysizmi? Chunki unda g’olib bo’lgan bolaning “yutug’i” – bu o’sha yerda o’ynalgan “ketka” kartalaridir. Sizu bizga arzimas tuyulgan bu qog’oz parchalarining bolalar nazdida qiymati baland.
Qimor o’zi nima? Istilohda “raqobatchilar yoki o’yinchilar o’rtasida g’olibning mag’lubdan nimanudir olishi talab qilinadigan har qanday o’yin” qimor deyiladi. Uning dinimizda ochiq oydin harom qilinganligi haqida bir qancha dalillar bor:
Alloh taolo aytadi: «Ey mo‘minlar, aroq (mast qiluvchi ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar(ga sig‘inish) va cho‘plar(bilan fol ochish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, ularning har biridan uzoq bo‘lingiz, shoyad najot topsangiz! Aroq, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!» (Moida surasi, 90-91).
Qimor odamlarning haqlarini botil-nohaq yo‘l bilan yeyishdir va Alloh undan qaytargandir: «Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz (Ya’ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!)» (Baqara surasi, 188).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida ham: «Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq tajovuz qiladilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur», deganlar (Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki bir birodariga: «Kel, qimor o‘ynaymiz» desa, darhol sadaqa qilsin», dedilar (Buxoriy rivoyati).
Agar «qimor o‘ynaymiz» degan so‘zning o‘zi uchun kafforat to‘lash yoki sadaqa qilish vojib bo‘lsa, qimor o‘ynashning hukmi qanday og’ir ekan haqida bir o’ylab ko’raylik! Masalan, Islom ulamolari, garchi o‘rtaga hech narsa tikmasalar-da, narda o‘ynash haromligiga ittifoq qilganlar. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim narda o‘ynasa, u go‘yoki qo‘lini cho‘chqaning go‘shti va qoniga botirgandek bo‘libdi», deganlar (Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).
To’g’ri, “ketka”ni voyaga yetmagan bo’lalar o’ynasa, ularga gunoh bo’lmaydi. Ammo uning boshqa jiddiy zararlari bor. Kelin ularni ko’rib chiqamiz:
– O’yinni biror bir (moddiy) narsa evaziga o’ynash, bolaning hayotida oddiy holga aylanadi va bu bora-bora kattaroq musibatga olib keladi;
– Vaqtini isrof qilib, undan unumli va manfaatli foydalanishni bilmay o’sadi;
– O’rtoqlari bilan aynan shu ketka o’yini borasida har hil tortishuvlar yuzaga keladi va natija mushtlashuvgacha borishi mumkin;
– Yoshi ulg’aygan sayin, ketka o’yinidan qoniqmay qoladi va endi pul evaziga o’ynaladigan o’yinlarga qiziqishi ortib boradi;
– Hatto gigiyena tarafdan ham zararli bo’lgan bu o’yin, har-hil yerlarda o’ynalib, zararli mikrop va bakteriyalarga “boyigan” ketka kartalari bolajonlarimiz sog’lig’iga ham havf solidi. Bular ketka o’yini zararlarining bir qismi holos.
Qimorbozlik azaldan millatimizni kemirgan illatdir. Hozirgi internet davrida esa qimor o’yinlari yanada avj olmoqda. “Falonchi qimor o’ynab, bor budidan ayrilibti”, “Pistonchining farzandi qimorda yutqizib qo’yib uyidan narsalarini o’g’rilab sotibdi” kabi xabarlar kunda kun ora bor. Undan ham yomoni qimorda yutkazgani sababidan o’z joniga qasd qilish o’smiru yoshlar orasida tez-tez uchrayotkani jamiyatimizning og’ir musibatlaridan bo’lib qo’lmoqda. Bularning bariga esa sabab bitta – Alloh xarom qilgan narsalarni tanimaslik, bilmaslik. Kichik-kichik musiybatlar katta bir falokatga olib kelgan.
Biz yuqorida “ketka” o’yinini “qimorga ilk qadam” deya qiyoslashimiz bejizga emas edi. Aziz ota-onalar, ogoh bo’laylik! Allohning omonati bo’lgan bo’lajonlarimizni har qanday yomonlikka sabab bo’ladigan katta-kichik narsalardan uzoq tutaylik. Bolajonlarimizni yoshligidanoq Alloh xarom qilgan va unga yetaklovchi ishlaridan qaytarishimiz, sabablarini chiroyli holatda tushuntirishimiz va halol o’yinlar, mashg’ulotlar bilan ularni band qilishimiz kerak-ki, keyinchalik “ey voh” deb qolmaylik.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti
talabasi Yo’ldoshho’jayeva Hojiyahon