islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Alloma Najmiddin Umar Nasafiyning hayoti

O‘z davrida turli ilm sohalarida faoliyat olib borgan ushbu mutafakkir va qomusiy olimning ismi manbalarda to‘liq holda Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy as-Samarqandiy shaklida beriladi. Allomaga “Najmuddin” (dinning yulduzi) taxallusining berilishiga sabab uning islom ilmi sohalari bo‘yicha ko‘rsatgan xizmatlarining katta bo‘lganligini ko‘rsatadi. Nasafiy Qur’on, hadis, aqida va fiqh kabi ilmlarni mukammal bilgan, she’riyat sohasida qalam tebratgan va tafsir, hadis, kalom, fiqh va she’riyatga doir ko‘plab asarlarni meros qoldirgan. Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Nasaf kabi, shuningdek, Bag‘dod, Marv kabi ilm markazlarida ko‘plab olimlardan dars olgan va qator shogirdlarga dars bergan.

Olim o‘z davrida hadis ilmini bilimdoni sifatida “al-hofiz”, fiqh olimi sifatida “al-faqih”, yirik tasavvuf namoyandasi sifatida “az-zohid” unvonlariga musharraf bo‘lgan. Movarounnahrda hanafiy mazhabining rivojiga qo‘shgan hissasi ulkan bo‘lgani bois olim ismiga “al-hanafiy” nisbasi ham qo‘shib aytiladi. Asli Nasafdan bo‘lgan bu olim umrining asosiy qismini Samarqandda o‘tkazgani uchun manbalarda “an-Nasafiy summa as-Samarqandiy” (nasaflik so‘ngra samarqandlik) deya tavsiflanadi. Nasafning qadimiy nomi Naxshab bo‘lgani bois, muallifning nasabi ba’zi manbalarda “an-Naxshabiy” shaklida ham uchraydi.

Nasafiy yoshlik davrini Nasafda o‘tkazgan, 30 yoshidan so‘ng Samarqandga borgan. Umrining asosiy, ilmiy-ijodiy qismini shu shaharda o‘tkazgan va o‘z tahsilini davom ettirgan. Shahardagi „Dor al-juzjoniya“ nomli markaz uning yetuk olim bo‘lib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. Keyinchalik olim ushbu ilm markazida mudarrislik qilgan.

Nasafiy 1113-yili 45 yoshida Makkai Mukarramaga hajga yo‘l oladi. U o‘z safari davomida Bag‘dod shahrida bo‘lib, u yerdagi taniqli olimlar suhbatidan bahramand bo‘ladi. Bag‘doddagi “Amir Xumor-tegin ibn Abdulloh” madrasasida hadis ilmidan dars beradi. Hadis roviysi Abul Qosim ibn Bayondan hadislar yozib oladi. Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy va Saraxsda Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soig‘iy kabi ulamolardan hadislar eshitadi. Bag‘dodlik muhaddis olim Ibn an-Najjor Nasafiy jamlab ta’lif etgan “Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor” (Xabarlar talabidagi uzoq safarlar) nomli asaridan dars olib, uni o‘z shogirdlariga rivoyat qilgan. Mazkur asarda Nasafiy o‘zining barcha ustozlari haqida xabar bergan. Ammo olimning Bag‘dod, Makka va Madinaga qilgan safari uzoqqa cho‘zilmadi. U tez orada o‘z ona yurtiga qaytdi.

Olimning ijodi o‘z yurtiga bo‘lgan kuchli muhabbat, milliy qadriyatlarga chuqur hurmat, ilm ahliga mehr va samimiyat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan. Allomaning “shoh asari” — “Kitob al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand” Movarounnahr o‘lkasidan yetishib chiqqan mingdan ziyod yurtdoshlarimizning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi qimmatli biografik ma’lumotlarni bergan.

Nasafiyning tug‘ilib ulg‘aygan ona yurti Nasaf o‘sha davrda Movarounnahrning yirik ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan. Yirik muhaddis olim Imom Buxoriy o‘z ilmiy safarlaridan birida Nasafga tashrif buyurgan edi. Nasafiy ilk tahsilini shu shaharda olib, yoshligidan ilmga muhabbati, ustozlarga hurmati, namunali odobi bilan tanilgan. Nasafiy ilm olish niyatida boshqa yurtlarga borgan va ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan.

Nasafiy yashagan davrda Movarounnahrda turli ilm sohalari rivojlangan edi. Xususan, olim o‘z umrning asosiy ijodiy qismini o‘tkazgan Samarqand shahrida muhaddislar uylari, mahallalar, guzarlar, masjid va madrasalar kabi hadis toliblari yig‘iladigan joylar hadis ilmi markazlari bo‘lgan. Shulardan biri “Dor al-Juzjoniya” nomli ilm dargohi bo‘lib, u yerda XI-XII asrlarda muhaddislar qizg‘in faoliyat ko‘rsatganlar.

Nasafiy haqida unga zamondosh va undan keyin yashagan mualliflar tomonidan yozib qoldirilgan ma’lumotlar ko‘plab manbalarda uchraydi. Nasafiyning hayoti haqida aniqroq ma’lumotlarni uning zamondoshi Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy al-Marvaziy beradi. Masalan, u o‘zining “Kitob al-ansob” (Nasablar kitobi) asarida Nasafiyning nomini tilga oladi. Sam’oniydan keyingi mualliflar esa uning ma’lumotlarini o‘z asarlarida takrorlaydilar va faqat ayrim hollardagina yangi ba’zi qo‘shimcha ma’lumotlarni keltiradilar. Abu Sa’d Sam’oniy Nasafiy bilan maktublar orqali ilmiy muloqotda bo‘lib turganini faxr bilan zikr etadi.

Nasafiy 74 yil umr kechirib, juda sermahsul ijod qilgan. U ko‘proq Samarqand shahrining “Sikkat al-labbodin” (Kigizchilar ko‘chasi) mavzeidagi ko‘chalarning birida hayot kechirgan. Bu mahalla keyinchalik uning sharafiga “Zuqoq Abi Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy” (Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy ko‘chasi) deb atala boshlagan.

Nasafiy hijriy 461-yil (milodiy 1068-yili) Nasafda tavallud topgan va hijriy 537-yil 12-jumodul avval (milodiy 1142-yil 3-oktyabr) kuni Samarqandda vafot etgan. Alloma Chokardiza qabristoniga, “Imom al-huda” (Hidoyat yo‘lboshchisi) Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan.

Toshkent islom instituti talabasi

Shaydullayev N

428180cookie-checkAlloma Najmiddin Umar Nasafiyning hayoti

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: