islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Hanafiy masalalarining tabaqalari

Matn, sharh, fatvo va boshqa turli uslublarda yozilgan hanafiy mazhabidagi kitoblar qanchadan-qancha fiqhga doir masalalar bilan to‘lgan. Ular orasida mazhabning mutaqaddim imomlari Abu Hanifa va u zotning mujtahid shogirdlaridan rivoyat qilinganlari, ulardan keyin kelgan faqihlar istinbot qilgan hukmlar, dalili yoki olingan joyi kuchli bo‘lgani, aytuvchisi yoki rivoyat qiluvchisining martabasi yuqori bo‘lgani uchun mazhabda amal qilinib, boshqasidan ustun qo‘yiladigan masalalar hamda shoz, kuchsiz va rad qilingan masalalar bor.

Masalalarning darajasida har xillik va tafovut bo‘lganligi bois hanafiy mazhabidagi mutaaxxir olimlar ularni bir necha qismga bo‘lganlar. Natijada ular fiqhiy masalalar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolganda muftiy boshqasidan quvvatliroq bo‘lgan masalani oladi.

Hanafiy mazhabi fiqhidagi kitoblarning darajalari rivoyat quvvati, keltirilgan masalalar kuchi jihatidan bir xil emas. Ular uch martabaga bo‘linib o‘rganiladi va “tabaqotul-masoil” deb ham ataladi.

1. Usul yoki “Zohirur rivoya” masalalari. Bunda Muhammad ibn Hasan Shayboniyning mashhur oltita kitobi – “Al-Mabsut” (Kengaytirilgan), “Az-Ziyodot” (Ziyodalar), “Al-Jomi’ as-sag‘ir” (Kichik to‘plam), “Al-Jomi’ al-ka- bir” (Katta to‘plam), “As-Siyar as-sag‘ir” (Kichik yurishlar), “As-Siyar al-kabir” (Katta yurishlar)da keltirilgan masalalar nazarda tutiladi. Yanada aniqroq qilib aytganda, Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammadning sahih yo‘l bilan (mutavotir va mashhur tariqada ishonchli kishilar tomonidan) rivoyat qilingan qavllarini qamrab oladi. Ibn Obidin (1783-1836) fikricha, Zufar va Hasan ibn Ziyod kabi Abu Hanifa shogirdlarining ayrim qarashlari ham ushbu masalalar tabaqa va martabasiga kiradi.

Uchta martabaning eng ulug‘i bo‘lgan “Zohiri rivoya” ma-salalari hanafiy mazhabining asosini tashkil qiladi. Unga xilof bo‘lgan masalalarning e’tibori bo‘lmaydi, faqat juda oz, ayrim masalalarda “Zohiri rivoya”dagi-dan boshqacha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham qadim-dan olimlar unga ixlos qo‘yishib, ularni sharh qila boshladilar, uning masalalarini taxrij qildilar, ular asosida far’iy rivoyatlarni ishlab chiqdilar. “Zohiri rivoya” masalalarining barchasini bir kitobga jamlash fikri ham tug‘ilgan: uni Hokim Shahid (vaf. 334/945) o‘zining “Al-Kofiy” (Kifoya qiluvchi) asari bilan amalga oshirdi.

Fiqhiy manbalarda “zohiri rivoya” o‘rnida goho “zohi-ri mazhab” iborasi ishlatiladi.

Ushbu kitoblarda kelgan masalalar boshqa masalalardan ikki sababga ko‘ra ustun qo‘yiladi:

  1. bu kitoblar mazhabning avvalgi imomlari – Abu Hani-fa, Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan “rahimahumulloh”-ning so‘zlari va ra’ylaridan iborat;
  2. bu kitoblar ulardan sahih rivoyat bilan rivoyat qilin-gan bo‘lib, mashhurlik yoki mutavotirlik darajasiga yetadi.

2. Navodir yoki “Zohirur rivoya”dan boshqa masalalar. Muhammad Shayboniyning oltita mashhur kitobidan boshqa asarlarida zikr qilingan rivoyatlar nazarda tu-tiladi. Ularning yozilgan joyiga yoki bag‘ishlangan kimsaga ko‘ra nomlangan: “Al-Kaysoniyot”, “Al-Jurjoniyot”, “Ar-Raqqiyot”, “Al-Horuniyot” kabi kitoblar shular jumlasidandir. Shuningdek, Abu Yusufning “Al-Amoliy”, Hasan ibn Ziyodning “Al-Mujarrad” (boshlang‘ich, dastlabki) kabi asarlari, Hishom (vaf. 201/817), Muhammad ibn Rustam (vaf. 211/827), Muallo ibn Mansur (vaf. 211/827), Muham-mad ibn Samoa (747-848) kabi faqihlarning muayyan ma-salalardagi ayrim rivoyatlari ham ushbu tabaqa tarkibiga kiradi.

3. Fatovo yoki navozil yoxud voqeot masalalari. Bundan mutaaxxirin mujtahidlar – Abu Yusuf va Muhammad hamda Abu Hanifaning boshqa shogirdlarining shogirdlari va ulardan keyingi faqihlar tomonidan biror bir voqea yoki hodisaga bildirgan fikrlari, bergan fatvolari nazarda tutiladi. Bular Abu Hanifaning shogirdlaridan rivoyat qilinmagan, balki uning shogirdlarining shogirdlari – Abu Ismat Balxiy (vaf. 210/826), Ibn Rustam (vaf. 211/827), Muhammad ibn Samoa (747-848), Abu Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/815), Abu Hafs Kabir Buxoriy (767-831) kabi faqihlar tomonidan “Zohiri rivoya” va “navodir”da yo‘q masalalarga chiqargan fatvolardir.

Fiqhiy fatvolar ilk bor to‘plangan kitob Abu Lays Sa-marqandiyning (vaf. 393/1003) “An-Navozil” (Boshga tushgan narsalar) nomli asaridir. Shundan so‘ng Notifiy (vaf. 446/1054) va Sadrush shahid (1090-1141) o‘zining “Al-Voqeot” (Voqealar) nomli asarlarini yozgan.

Shuni ta’kidlash lozimki, yuqoridagi uchta martabadagi manbalar mujtahidlik davri deb ataladigan vaqtlarda bitilgan. Keyingi davrlarda bitilgan fatovo janridagi asarlarni bu tarkibga qo‘shish unchalik to‘g‘ri emas. Chunki ularda hanafiylikning har xil fiqhiy qarashlari, yuqorida keltirilgan uch martabadagi rivoyatlarni farqlamasdan, aralash keltirilgan masalalar bilan birga zaif rivoyatlar ham uchraydi. Ularni tanib olishning oson yo‘li, bu xildagi fatovolarda faqat kitoblardan naqllar keltiriladi, iqtibos olingan kitob nomlari tez-tez ko‘zga tashlanadi. Bularning eng mashhurlaridan biri Boburiylar sulolasi vakili Avrangzeb Olamgir (1658-1707) buyurtmasiga binoan tayyorlangan “Fatovoyi Olamgiriya” nomli fatvo kitobidir.

Toshkent islom instituti talabasi

Jalolxonov Abbosxon

429800cookie-checkHanafiy masalalarining tabaqalari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: