islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Abu Bakrning roziyallohu anhuning  Siddiqligi haqida

Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mavludlaridan  ikki yilu bir necha oy keyin dunyoga keldilar.

U kishining otalari Abu Quhofa Usmon ibn Omir edi. Onalari esa, Ummu Xoyr Salmaa binti Soxr ibn amr bo‘lib, Abu Quhofa roziyallohu anhuning amakilarining qizi edilar.

U kishi Makkai Mukarramada o‘sib, ulg‘aydilar. Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhu faqat tijorat uchungina bu muqaddas shahardan tashqariga chiqar edilar. U kishi o‘z tijoratlari orqasidan katta mol-mulk topgan edilar.

Shu bilan birga, Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhu hayru ehson va muruvvatlari bilan ham johilyat ahli orasida nom chiqargan edilar. Ukishi Qurayshning rahbarlaridan bo‘lib, maslahat-mashvarat ishlarida doimo ishtirok etib, kishilarning muhabbatini qozongan edilar.

Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhuga Qurayshning xun va qarz to‘lash ishlari topshirilgan edi.

Johilyat davrida arablarning markazlashgan davlati bo‘lmaganligi uchun Makka ahli turli vazifalarni turli qabilalarga bo‘lib qo‘ygan edi. Bir qabila kishilarni mehmon qilishga mas’ul bo‘lsa, boshqasi Kabaga qarashga, uchunchisi majlis o‘tkazishga mas’ul edi. Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhuning qabilasiga anashunday vazifalardan biri – diya va qarzlar ishi topshirilgan edi.

Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhu ham johilyat davrida, ham Islom davrida sharafli bo‘gan o‘n kishining biridirlar.

Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhu johilyat davrining odamlari ichidagi eng iffatli kishilardan biri edilar. U kishi o‘z ixtiyorlari bilan, o‘zlaricha xamr ichishni tark qilgan edilar. Shuningdek, she’r aytish bilan ham mashg‘ul bo‘lmaganlar.

Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhu tabiatan sezgir va yaxshilikka moyil bo‘lganliklari uchun johilyatda ham iloji boricha yomonliklardan qochib, yaxshiliklarga yondoshib yurar edilar. Shu bilan birga, “Johilyat botqog‘idan chiqish mumkunmi?” degan savolga javob axtargan bo‘lsalar ham ajab emas.

Ibn Asokir Iyso ibn Yaziddan quyidagilarni rivoyat qiladilar:

“Abu Bakr  Siddiq  roziyallohu anhu aytdi:

“Men Ka’baning hovlisida o‘tirgan edim. Zayd ibn Amr ibn Nufayil ham utirgan edi. Uning oldidan Umayya ibn Abu Solt o‘tib qoldi va:

“Qandoqsan, ey yaxshilik axtaruvchi?” dedi.

“Yaxshiman”, dedi u.

“Uni topdingmi?” deb so‘radi Umayya.

“Yo‘q”, dedi u.

“Qiyomat kuni Alloh amr qilmagan hamma dinlar yomondir. Anvi kutilayotgan nabiy bizdanmi, sizdanmi?” dedi Umayya.

Men bundan oldin kutilayotgan va yuboriladigan nabiy haqida eshitgan edim. Varaqa ibn Navfalning oldiga chiqdim. U osmonga ko‘p nazar soladigan, ichida bir narsalarni pichirlab yuradigan odam edi. Uni topib, bo‘lgan gapni aytib berdim.

“Ha ey birodarimning o‘g‘li, biz kitoblar va ilmlar sohibimiz. Anna shu kutilayotgan nabiy arablarning eng yaxshi nasabidan bo‘ladi. Men nasablarni bilaman. Sening qovming arablarning eng yaxshi nasabidan”, dedi u.

“Ey amaki nabiy nima dedi?”, dedim.

“O‘ziga nima aytilsa, shuni aytadi. Faqat u zulum qilmaydi. U zulumga aralashmaydi ham”, dedi u.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuborilganlarida u zotga iymon keltirdim va tasdiq qildi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin ham Abu Bakir Siddiq  roziyallohu anhuning u zot bilan durustgina aloqalari bor edi. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning rostgo‘yliklari, omonatga xiyonat qilmasliklari, muruvvatli ekanliklari va boshqa barcha axloqi hamidalarini juda yaxshi bilar edilar.

Ibn Is’hoq quydagilarni zikir qladi:

“Bir kuni Abu Bakir Siddiq  roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uchratib qoldi va:

“Ey Muhammad, Qurayshning sizning olihalarimizni tark qilganingiz, aqillarimizni past sanayotganingiz, otalarimizni kofirga chiqarayotganingiz haqida aytilayotgan gaplari to‘g‘rimi?” deb so‘radi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Ha! Men Allohning Rasuli va Nabiysiman. U zot meni O‘z risolasini yetkazish uchun yubordi. Seni haq ila Allohga da’vat qilaman. Allohga qasamki, U Zot haqdir. Ey Abu Bakr , seni yolg‘iz, sherigi yo‘q Allohga, Undan o‘zgaga ibodat qilmasliginga va doim Uning toatida bo‘lishingga da’vat qilaman”, dedilar.

So‘ngra unga Qur’on tilovat qilib, eshittirdilar. U iqror ham, inkor ham qilmadi. Darhol Islomga keldi.Sanamlarga kufir keltirdi. Sheriklarini otdi. Islom haqqini iqror qildi. Abu Bakr mo‘min va musoddiq bo‘lgan holida qaytib ketdi”.

Ibn Is’hoq Muhammad ibn Abdurahmon ibn Abdulloh ibn al-Husoyin at-Tamimiydan qilgan rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quydagilarni aytdilar:

“Kimni islomga da’vat qilsam, albatta, to‘xtashi va ikkilanishi bo‘ldi. Faqatgina Abu Bakr kutib turmadi va ikkilanmadi”.

Bu Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhuning fazllariga fazl qo‘shadigan ulkan guvohlikdir.

Ammor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni u zot bilan beshta qul, ikki ayol va Abu Bakrgina borligida ko‘rdim”.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Sharh: Bu Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam dastlab Payg‘ambar paytlaridagi holati edi. U zotga birinchi bo‘lib iymon keltirganlar shulardan iborat edi.

Beshta qul: Bilol ibn Raboh, Zayid ibn Horisa, Omir ibn Fuhayro, Abu Fuqayha, (Safvon ibn Umayyaning quli) va Ubayd ibn Zayid al-Habashiy edilar.

Ikki ayol esa, Xadiycha onamiz va Ummu Ayman roziyallohu anholar edilar.

Ular bilan birga yagona hur erkak- Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhu bor edilar. To‘g‘riroq qilib aytadigan bo‘lsak balog‘atga yetgan erkaklardan birinchi bo‘lib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirgan zot Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhu edilar. Bunga barcha tarixchilar va Islom ummati ittifoq qilganlar. Bu ham Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhuning eng afzal sahobiy ekanliklarini ko‘rsatadi.

Katta kishilardan birinchi bo‘lib, Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhuga kelganliklari barcha Islom ummati ittifoq qilganlar.

Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhu kunyasi ismidan ham mashhur bo‘lib ketgan shaxslardan biridir.

“Abu Bakr” u kishining kunyalaridir.

Ismlari esa Abdullohdir.

Ba’zi rivoyatlarda aytilishicha, u kishining avvalgi ismlari Abdulka’ba bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ismini Abdullohga

almashtirgan ekanlar.

Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhuning otalari ham kunyalari, ya’ni, Abu Quhofa nomi bilan mashhur bo‘lganlar. Asil ismlari esa, Usmon bo‘lgan.

Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhuning eng mashhur laqablari Siddiqlidir. Bu laqabni olishlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir amallarini tasdiqlashga har doim shoshilib turganlari sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhu doimo o‘zlariga sodiqlikni lozim tutganlar. Islom-iymon masalasida biror marta ham, salgina bo‘lsada ikkilanish yoki sustlik sezilmagan.

Ushbu va shunga o‘xshash ko‘pgina holatlar u kishining “Siddiq” laqabini olishlariga sabab bo‘lgan.

Abu Bakr Siddiq  roziyallohu anhuning ikkinchi laqablari “Atiyq” bo‘lgan.

U kishining bundoq laqabini  olishlari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari orqali bo‘lgan. Buni yuqoridagi imom Termiziy Oisha onamizdan rivoyat qilgan hadisi sharifda o‘rgandik. Yana shu ma’nodagi boshqa hadisi shariflari ham bor.

Toshkent islom instituti talabasi

Muxtorov Isroil

357340cookie-checkAbu Bakrning roziyallohu anhuning  Siddiqligi haqida

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: