Imom Taftazoniy rahmatullohi alayh to’liq ismi Sa’duddin Mas’ud ibn Umar inb Abdulloh Taftazoniydir. Alloma Taftazoniyning hayotini sinchiklab o’rgangan olimlarning ta’kidlashlaricha, u kishi hijriy 722, milodiy 1322-yili safar oyida, Movarounnahrning mashhur shaharlaridan bo’lgan Niso shahriga qarashli Taftazon qishlog’ida dunyoga kelgan. Bu yer hozirgi Turkmaniston yerlarida joylashgan shahardir. O’sha vaqtlarda Niso shahri mashhur ilmiy markazlardan bo’lgan. Imom Taftazoniy yoshligidan o’z qishlog’i Taftazonni tark qilib, ilm olish uchun Niso shahriga keladi. U yerda xat qoidalarini, imloni, dastlabki diniy ilmlarni o’rgandi va Qur’onni yod oldi.
So’ngra Imom Taftazoniy turli ilmlar markazi bo’lgan Samarqand tomon yuzlanadi. U yerda o’sha vaqtning mashhur allomalaridan bo’lgan Azududdin Iyjiy rahmatullohi alayhga shogird tushdi. Ustozidan mantiq, kalom, bayon, badiy’, usul kabi fanlardan dars oldi.
Alloma Taftazoniy hijriy 742-sanada Samarqandtan Urganchga ko’chib o’tdi. Xorazm ahli Urganch deb atagan shaharni “Jurjoniya” deb ataganlar.
Imom Taftazoniyning shuhrati Urganchga o’zidan oldin yetib kelgan.
Imom Taftazoniy Urganchda tolibi ilmlarga dars berish bilan birga, ko’plab kitoblar yozishni yo’lga qo’ydi. Xususan, o’zining mashhur kitoblaridan biri bo’lmish “Al-Mutovval ‘alat talxiys”ni yozib bitirdi. Imom Taftazoniy hijriy 748-yilda Urganchdan Hirotga ko’chib o’tdi. O’sha paytda Hirot ham mashhur va katta shaharlardan biri hisoblanadi. Bu shaharda ko’plab ulamolar, fazl ahllari va hukamolar istiqomat qilar edi. Imom Taftazoniy Hirotda to’rt yil turganiga qaramay, bu shaharda birorta ham kitob yozmagan. So’ngra Imom Taftazoniy Jom nomli joyda bo’ladilar. Bu joyda bir muddat yashadi va o’zining mantiq ilmiga oid “Sharhush shamsiya” nomli kitobini hijriy 752-yilda nihoyasiga yetkazadi. Hijriy 756-sanada Sa’duddin Taftazoniy G’ijduvonga kelib, o’sha yerda yashay boshladi. U zot G’ijduvonda o’zining “Al Muxtasar ‘alat talxiys” nomli kitobini tugalladi. Imom Taftazoniy bu shaharda ikki yil yashadi.
So’ngra Turkiston shaharlaridan bo’lgan Gulistonga ko’chib o’tganlar.
Keyin hijriy 759-yili yana Hirotga qaytib keldi. Bundan keyin Imom Taftazoniy yana Urganchga ko’chib keldi.
Keyin esa Amir Temur hazratni Samarqandga taklif qiladilar. U kishi Samarqandga kelgach, Amir Temur u kishiga alohida ehtirom ko’rsatdi. Samarqandda yashab turgan paytlarida o’zining eng ulkan va dunyoga dong’i ketgan “Maqosid” nomli kitobini yozdi. Imom Taftazoniy hijriy 785-yilda Samarqanddan Saraxsga ko’chib o’tib, u yerda “Talxiysul Jome’” nomli kitob yoza boshladi. Bu orada juda ko’p ilmiy munozaralar bo’ladi. 791-hijriy sanada Sa’duddin Taftazoniy va Sayyid Sharif Jurjoniy orasida mashhur munozara bo’lib o’tadi.
Hijriy 791-yilning avvalida boshlangan bu munozara g’oyatda mashhur bo’lib u haqida ko’plab ilmiy bahslar yozilgan.
Ushbu ilmiy munozaradan so’ng ko’p o’tmay, hijriy 791, milodiy 1389-yili Sa’duddin Taftazoniy rahmatullohi alayh bu dunyodan ko’z yumdi. U kishining jasadlari Samarqanddan Saraxsga olib borib dafn etildi.
Toshkent islom instituti
405-guruh talabasi
Shamuratov O’mirzaq