Sakta — “السكت/ السكتة ” lug’atda “tin olish”, “jim turish”, “sukut” deganidir.
Istilohda bir kalimani ikkinchi kalimadan qiroatni davom ettirish niyati ila, nafas olmasdan uzib turishga aytiladi.
Ba’zi ulamolar saktaning muddati 2 harakatdir, deydilar.
Taqriban ikki harakat nafas olmay to’xtab turgach, qiroat davom ettiriladi.
Sakta – oyatlar yoki oyat tarkibidagi kalimalar qo’shib o’qilayotganda (حالة الوصل) vujudga keladi.
Uni ustoz qorilardan eshitib o’rganish kerak.
(Saktaning kayfiyatini bilish uchun audio / videodarsliklarga murojaat qilish foydali.)
Hafsning Osimdan qilgan rivoyatida 2 xil sakta mavjud:
1) Vojib sakta;
2) Joiz sakta;
Vojib – bajarilishi shart bo’lgan, qoriga qiroat borasida tanlash imkoni berilmagan va tark qilish bilan gunohkor bo’linadigan holatni bildiradi;
Joiz – bajarilishi ixtiyoriy bo’lgan, qoriga bir necha holatdan birini tanlash imkoni berilgan, birini qo’yib boshqasini qiroat uchun tanlashi orqali gunohkor bo’lmaslikni bildiradi.
—–
Qo’shib o’qish chog’ida VOJIB bo’lgan saktalar Qur’oni karimda 4 o’rinda kelgan:
1. Kahf surasi 1-oyat oxiri عوجا so’zida, ikki oyat orasida.
2. Yasin surasi 52-oyati مرقدنا so’zida, ikki kalima orasida.
3. Qiyama surasi 27-oyati من so’zida, ikki kalima orasida.
4. Mutoffifiyn surasi 14-oyati بل
so’zida, ikki kalima orasida sakta qilinadi.
Qo’shib o’qish chog’ida joiz bo’lgan saktalar Qur’oni karimda 2 o’rinda kelgan:
1. Anfol surasining oxirini Baroat (Tavba) surasiga ulab o’qish chog’ida uch holat JOIZ:
a) basmalasiz vaqf (to’xtab, nafas olib davom etish)
b) basmalasiz vasl (iqlob qilib ulab o’qish)
c) sakta (nafas olmay 2 harakat miqdori tin olish)
2. Haqqo surasi 27-28 oyatlari orasida ikki holat JOIZ:
a) sakta;
b) idg’om;
Qori bu holatda unga berilgan variantlardan birini tanlab o’qiydi.
Mus’haflarda qay birida o’qish avloroq bo’lsa, shunisi yoziladi.
Bu qoidaga ko’ra:
الترتيب للأولوية
Ketma-ketlik – qay biri yaxshiroq bo’lsa, shunga ko’ra bo’ladi, degani.
——
P.S.
Rasmlardagi izohlar buyuk muqri’ Abul Hasan Muhyiddin Kurdiy rohimahullohga tegishli.
الدقائق المحكمة في شرح المقدمة في علم التجويد
kitobiga yozgan tahqiqlaridan.
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi
o’qituvchisi Najmiddinova Robiya