Doktor Shayx Muhammad Husayn az- Zahabiy rohmatullohi alayh 1915-yil 19-oktyabrda Misrning Kafr ash-Shayx gubernatorligining shimoliy qismidagi Motubas qishlog’ida tijorat va ziroat bilan kun ko’radigan oilada tug’ilgan. Otasi u zot yoshligida vafot etib ketgani sababli akasi Husayning tarbiyasida qoldi. Yoshligida Qur’onni to’liq yod oldi. O’qish va yozish talimni o’z qishlog’ida olgach, Desuq al-Azhariy diniy institutida o’rta talimni tamomladi. So’ng Qohiraga borib al- Azhar ash- sharifda o’qishni davom ettirdi. U yerda o’z asrining yetuk olimlaridan bo’lmish Shayx Muhammad Mustafo al-Marog’iy, Iyso Manun, Muhammad Zohid Kavsariy, Muhammad Habibulloh ash-Shinqitiy, Muhammad al-Xadir Husayn, Ma’mun ash-Shenaviy va boshqa bir qator ulamolardan dars oldi. 1936- yil shariat fakultetini tamomladi. 1947-yil 15-fevralda Ulumul Qur’on ustozligidan xalqaro professor unvonini oldi. 1948-yilda Saudiya Arabistoni Toif shahridagi Daru at-Tavhid madrasasida dars berish uchun yuborilgan Azhar ulamolaridan bo’ldi. U yerda 1951-yilgacha dars berdi. Bu muddat davomida Shayx Abdurrazzoq Afifiy, Shayx Muhammad Nayal, Shayx Abdulvahhob Bahiriy, Shayx Muhammad Abu Zahu, Shayx Zaki G’ays va Shayx Sayyid Hakim kabi bir qator ulamolar bilan faoliyat yuritdi. 1951-yil Madinai Munavvarada dars berishlik baxtiga sazovar bo’ldi. 1952-yilda Qohiraga qaytdi va 1954-yilgacha al-Azhar oliygohlarida so’ng 1954-yildan 1955-yilgacha shariat fakultetida dars berdi. 1955-yilda Irpqda huquq fakultetida, 1961-yildan 1963-yilgacha Bag’doda shariat fakultetida dars berdi. Iroqdan Misrga qaytgach 1963-1964-yillar davomida islom ayol-qizlar fakultetida dars berdi va u zotning qo’lida yetuk olima ayol-qizlar yetishib chiqdi. 1968-1971- yillar davomida Quvayt universitetida dars berdi. Va u yerda Darul ulum shariat fakulteti raisi Shayx Ali Hasabulloh, Qohira universiteti huquq fakultetining shariat qismi raisi Shayx Zakariya al-Bari, Shayx Badr al-Metvalli Abdulbasit, Doktor Abdulhamid Talab va boshqa bir qator ulamolar bilan hamsuhbat bo’ldi. U zotni Shayx Muhammad Abu Zahra rohmatullohi alayh “mufassirlar imomi” deya chaqirar edi. Bundan tashqari u zot mutqin muhaddis, fasohatli xatib, dinga g’amxo’r, bidat va xurofotga qarshi, mazhabi Hanafiy olim zot edi.
Doktor Zahabiy bir qator oliygohlarda dars berish bilan birga bir qancha asarlar ta’lif etdi. Ulardan tafsir ilmi uslubi borasidagi yozilgan “at-Tafsir val- mufassirun” asari juda mashhur va mo’tabar hisoblanadi. Va yana “al-Isroiliyaat fit-Tafsir val- Hadis” , “al-Ittijahatul munharifa fit-Tafsir”, “Ibn Arobiy va tafsirul Qur’on”, “al-Vahiy”, “Muqaddima fii-Ulumul-Qur’on”, “Muqaddima fii- Ulumul-Hadis” va bir necha suralarni tafsiri kabi asarlar ta’lif etdi.
1975-yilning 15-aprelida Vaqf va al-Azhar ishlari vaziri etib tayinlandi. Bu lavozimdan 1976-yil 9-noyabrda bo’shab Usuliddin fakultetida mudarris bo’lib ishlay boshladi. 1977-yil 3-iyulda Muhammad Husayn az-Zahabiy “Takfir val-hijra” guruhi tomonidan o’z uyidan o’g’irlab ketiladi va ularning qo’lida shahid bo’ldi. U zotning janozalari al-Azhar masjidida bo’ldi. Janozani o’sha vaqtdagi al-Azhar bosh imomi Solih al-Jafariy o’qildi. Janozaga ming-minglab insonlar, hamkasblari, shogirtlari va yaqinlari tashrif buyurdi. U zotning ilmidan tatib ko’rgan, yaqindan tanigan, u zotni dindagi o’rnini bilgan har bir kishi ortidan yig’lab qoldi.
Alloh taolo u zotdan O’zi rozi bo’lsin va rahmatiga olsin. Nabiylar, siddiqlar, shuhadolar va solihlar bilan joyini birga qilsin amin…
Toshkent islom intituti talabasi
Muxtorov Isroiljon