To’liq ismlari Abdulloh ibn Mas’ud ibn Rofiya ibn Habib al-Xuzaliy. Kunyalari esa – Abu Abdurahmon bo’lib, 590- yilda tug’ilganlar.
Jussalari juda kichik, ozg’in, bo’ylari pastroq edi. U kishining ikki boldirlari juda ingichka bo’lib, bir kuni Rasululloh sallollohu alayhi vasallam uchun meva termoqchi bo’lib daraxtga chiqqanlarida, sahobalar u kishining boldirlarini ko’rib, kulib yubordilar. Chunki, u kishining ikki boldirlari juda ingichka edi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ularga : “Ibn Mas’udning boldirlaridan kulyapsizlarmi, shubhasiz ular Allohning huzuridagi mezonda Uhud tog’idan ham vaznliroqdir”– dedilar.
Ha, bu nimjon kishining imoni va ishonchi uni nur va hidoyatga boshlovchi Imomlarga peshvo qilib qo’ydi.
Ibn Mas’ud Islomga kirgan zahotiyoq ilm olishga jiddu jahd qildilar. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam u kishidagi g’ayrat va shavqni ko’rib “Sen muallim bo’ladigan yigitsan”, dedilar. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam yana bu zot haqlarida : “Kimki Qur’onni nozil bo’lganidek o’qishni istasa Ummu Abd o’g’lidan o’rgansin” deya marhamat qilganlar.
Sahobalar ichida ilmda eng peshqadam bo’lganliklari sababidan Hazrati Umar raziyallohu anhu bu kishiga “Ilm liq to’la xumcha” deb nisbat bergan edilar. Xalifalik paytlarida ham Ibn Mas’uddan ko’p tafsiyalar olar edilar…
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Usmon roziyallohu anhuning xalifalik davrigacha yashadilar va 653- yilda Rafiqul A’loga rihlat qildilar…
Toshkent islom instituti talabasi
Ismoilova Hilola