islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Uyalmasang xohlaganingni qilaver!

Hadis roviylaridan birinchisi Imom Buxoriy rohimahullohning ustozi Abdulloh ibn Maslamadir. U kishi ko’proq Qa’nabiy deb zikr etiladi.

Bu kishi mashhur muhaddislardan bo’lib, siqa roviy sanaladi. Avvalda o’zlari yashaydigan joydagi eng bebosh, ya’ni barcha nojoiz ishlarga mubtalo, dindan uzoq, xohlagan ishini qilishdan tap tortmaydigan odam bo’lgan ekanlar. Biroq keyinchalik bu kishiga Alloh taolo tarafidan ajib bir lutf bo’ldi. U zamonda “Amirul mu’miniyn fil hadis” (Hadis borasida mo’minlar amiri) nomi bilan shuhrat qozongan Sho’ba ibn Hajjoj rohmatullohi alayh ham yashar edi. Sho’baning dars halqalariga dunyoning turli taraflaridan hadis o’rganish uchun nihoyatda ko’p kishilar kelishardi. Abdulloh Qa’nabiy ham shu yerda yashardi. U kishi Sho’baning darsi bo’layotgan joydan o’tib turar, bo’layotgan ishlarni ko’zi bilan ko’rardi. Dunyoning eng zabardast muhaddisi huzurida shunday mislsiz ilm majlislari tashkil qilinib tursa-da, bu vaziyatdan unumli foydalanib qolish Qa’nabiyning hayoliga ham kelmas edi. Ammo Imom Sho’baning hammaga hadis o’rgatishi, hadisdan dars berishidan yaxshi xabardor edi. Bir kuni Qa’nabiy ko’chada turgan paytda hazrat Sho’ba darsni tugatib, ulovlarida uylariga qaytayotgan edi. Qa’nabiy tabiatan epchil, chapdast va cho’rtkesar kishi edi. U hazrat Sho’baning yo’lini to’sib, ulovining jilovidan tutib oldi va yurgani qo’ymadi. Imomga qarata: “Ey Sho’ba, siz odamlarga hadis aytasiz, menga ham aytib bering”, dedi. Shunda Imom Sho’ba: “Hadis o’rganishning yo’li bunday bo’lmaydi”, dedilar. Abdulloh: “Yo’q, hadis aytmasang, bu yerdan ketmaysan”, dedi. Hazrat Sho’ba Payg’ambar alayhissalomning: “Agar uyalmasang, bilganingni qilaver!”, degan hadislarini sanadi bilan aytib berdilar (Imom Buxoriy rivoyati). Abdullohning fazlini qarangki, hadisni eshitishi bilan u kishining qalbiga go’yo bir olov tushdi. “Men qanday bir behayomanki, hozirgacha dinning biron bir xizmati menga muvaffaq bo’lmagan. Bu ham kamlik qilgandek, yetuk bir muhaddis, ulug’ daraja sohibiga shunaqangi noloyiq muomala qilyapman”, deb o’sha vaqtning o’zida hazrat Sho’baning qo’lida tavba qildi. Oldin qanday gunoh sodir etgan bo’lsa, hammasiga tavba qilib, o’zini diniy ta’limga bag’ishladi. Chunonchi, katta muhaddislar qatoriga qo’shilib, siqa roviy darajasiga erishdi.

Xulosa qilib aytganda, tavba qachonki nasuh bo’ladigan bo’lsa, shundagina Alloh taolo bu tavbani qabul qiladi. Ba’zida odamlar savol berishadi: “Men tavba qilaman, lekin yana gunoh qilaman. Keyin yana tavba qilaman. Lekin yana gunohga qaytaman”, deb. Abdulloh ibn Maslama rohimahulloh agarchi nojoiz ishlarga mubtalo bo’lgan bo’lsa ham hadisni butun vujudi bilan his qilib, u oddiy gap emas balki, Payg’ambar alayhissalomning muborak so’zlari ekanligini anglab tavba qilganligi uchun Alloh u zotning tavbasini qabul qildi va u zotga tavfiq berdi. Biz ham Alloh taolodan tavbalarimizni qabul qilishini va ummatga xolis hizmat qiladigan bandalardan bo’lishimizni duo qilib so’raymiz.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Abbosxonov Muhriddin

416380cookie-checkUyalmasang xohlaganingni qilaver!

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: