islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Xabarlarda kelishicha,

-Agar insonning badanidan ruhi chiqsa, osmondan uchta nido eshitiladi: “Ey odam bolasi, sen dunyoni tark qildingmi yoki dunyo seni tark qildimi? Sen dunyoni to‘pladingmi yoki dunyo seni to‘pladimi? Sen dunyoni o‘ldirdingmi yoki dunyo seni o‘ldirdimi?”

-Agar jasad yuvishga keltirilsa, uch nido eshitiladi: “Ey odam bolasi, kuchli badaning qani?! Nega zaif holdasan, o‘tkir tiling qani?! Nega jimsan, ishongan do‘stlaring qani?! Nega yolg‘izsan?.”

-Agar jasad kafanlansa, uch nido eshitiladi: “Uzoq safarga ketyapsan, lekin zaxirang yo‘q. Manzilingdan chiqyapsan, endi unga qaytmaysan. Shunday bir ulovga minyapsan-ki, unga o‘xshashini umring davomida minmagansan.”

-Agar jasad tobutga qo‘yilsa, uch nido eshitiladi: “Ey odam bolasi, dunyoda tavba qiluvchi holatda yashagan bo‘lsang, senga Jannat bo‘lsin. Agar yaxshi amal qilgan bo‘lsang, senga Jannat bo‘lsin. Agar Alloh yo‘lida do‘stlashgan bo‘lsang, senga Jannat bo‘lsin.”

-Agar Janoza namozi o‘qilsa, uch nido eshitiladi: “Ey odam bolasi, Qiyomatda qilgan amalingni ko‘rasan. Shu amaling yaxshi bo‘lsa, yaxshilikni ko‘rasan, yomon bo‘lsa yomonlikni.”

-Agar Tobut qabr yoniga qo‘yilsa, uch nido eshitiladi: “Ey odam bolasi,umring davomida yaxshi amalni zaxira qilmasdan, qabringni xarob qilding. Hayoting davomida saxiylik qilmading, qabringda faqir bo‘lasan. Hayotingda kengchilik qilmading, tor qabrga kirasan.”

-Agar jasad qabrga qo‘yilsa, uch nido eshitiladi: “Ey odam bolasi, ustimda kulib yurganding, ichimga yig‘lab kirding. Ustimda xursand yurgan eding, ichimga mahzun kirding. Ustimda gapirib yurganding, ichimga jim kelding.”

-Agar insonlar qaytib ketishsa, Alloh taolo aytadi: “Ey bandam, yolg‘iz o‘zing qolding. Ular seni qabr zulmatida qoldirishdi. Sen o‘sha insonlar, ahling, farzandlaring uchun menga osiylik qilgan eding. Men bugun senga butun xaloyiq ajablantiradigan rahmatim-la rahmat qilaman va men senga ona o‘z bolasiga shafqatidanda shafqatliroqman.

Daqoiqul axbor kitobidan

Toshkent islom instituti talabasi

Abdurahim To‘raqulov

416530cookie-checkAllohning rahmati

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: