Hozirgi kunda dunyo hamjamiyati atrofda bo‘layotgan tahlikali vaziyatlardan sarosimada ekani hech bir oqil insonga sir emas. E’tibor beradigan bo‘lsak, internet va axborot vositalari o‘z rivojlanish cho‘qqisiga chiqqanidan beri dunyo bir hovli kabi bo‘lib qoldi va bu hovlida xabarlar yetkazish va uni qabul qilish ham juda yengil tusga kirdi. Mana shunday xabarlar yomg‘iri ostida har kuni turli xil urushlar boshlangani, bir necha yillardan beri davom etib kelayotgan urushlarning tafsilotlari, davlatlar o‘rtasida keskinlik vujudga kelayotgani haqidagi ma’lumotlar ham kam emas, balki o‘z soni borasida peshqadam bo‘lib turibdi. Hatto bunday xabarlar orasida kurak ustida turmaydigan va kishini bir seskantirib yuboradiganlari ham albatta topiladi. Jahon siyosiy to‘qnashuvlari natijasida ba’zi qo‘shtirnoq ichidagi davlatlar turli yo‘llar bilan tinch totuv hayot kechirayotgan xalqlar farovonligiga tahdid solmoqchi bo‘layotgani va o‘zining qabohatga qorishgan va nafsi havosi qaridan chiqqan tuturiqsiz iddaolarini dushmanga qarata otilgan tosh kabi atrof o‘lkalarga sochayotgani va ularni hududiy yaxlitligiga raxna solmoqchi ekanligi haqidagi xabarlar ham ahyon ahyon-da eshitilib turibdi. Bunday tuturiqsiz gaplarni ona Vatanimiz sha’niga ham aytilgani biz vatandoshlarni hushyorlikka va sergaklikka chorlashi lozim. Siyosiy e’tibordan olib qaraganda bunday ma’nosiz gaplar ahamiyatsizdek tuyulsa ham, dunyo siyosiy qonunlari ish bermay qolayotgan bir davrda o‘z xalqimiz va jonajon Vatanimiz mudofaasi yo‘lida xizmat qilish yuksak matonat belgisi ekani namoyon bo‘ladi.
Vatan himoyasi yo‘lida erta-yu kech tinmay xizmat qilayotgan chegara posbonlari-yu, mudofaa qo‘shinlarining xizmatlari beqiyos. Zero, musulmonlar mudofaasi yo‘lida xizmat qilish ne chog‘lik savob va ulkan daraja ekani ko‘pgina Hadisi shariflarda zikr qilingan. Bu to‘g‘risida Rasulimmiz alayhissalotu vasallam quyidagi hadislarni bizlarga bayon qilganlar. U zot aytadilarki- “Tun yarmida Allohdan qo‘rqib yig‘lagan va Alloh yo‘lida musulmonlarni qo‘riqlab tunni bedor o‘tkazgan ko‘zni do‘zax otashi kuydirmaydi”. (Imom Termiziy rivoyati.) Yana bir hadisda esa shunday marhamat qiladilar- “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajr-u-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”. (Imom Nasoiy rivoyati.)
Bu hadislardan ma’lum bo‘ladiki chegara posboni bo‘lish bu dunyodagi azizlikka va oxiratdagi sharaf va ulkan ne’matlarga erishishga sababchi bo‘lar ekan. Vatan himoyachisi bo‘lish sharafli burch bo‘lsa, yurtning tinchligi va xavfsizligi uchun kurashish esa yurtimizning har bir fuqarosining burchidir.
Toshkent islom instituti talabasi
Yaxshiboyev Muhammadsaid