Xalqimizda “Imonsizda hayo, hayosizda imon bo‘lmaydi” degan ajoyib bir naql yuradi.
Albatta bu hikmatli gaplar bekoriga aytilmagan. Bobokalonlarimiz har bir aytgan gaplarini hayot tajribalaridan, muqaddas kitobimiz Qur’on-u karim va hadisi sharifga to‘g‘ri keladigan va kelajak avlodning komil voyaga yetishi uchun xizmat qiladigan ma’no-mazmunlarda hikmat qilib qoldirilgan. Hayo imondan bir bo‘lak bo‘lib, u imonni sayqal topishida, go‘zal va pokligida muhim o‘rin tutadi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Imon oltmishdan ziyod bo‘lakdan iboratdir. Uning eng afzali “La ilaha Illalloh” kalimasi bo‘lsa, eng pastki darajasi yo‘ldagi insonga aziyat yetkazayotgan narsalarni olib tashlashdir. Hayo ham imondan bir bo‘lakdir.”- deb marhamat qilganlar. Qaysi bir kishining hayosi kuchli bo‘lsa, demak, uning imoni ham kuchlidir. Uning imoni kuchli bo‘lsa, demak, hayosi ham kuchlidir. Hayo bilan imon bir-biriga chambarchas bog‘langan, Allohning bandalariga bergan ulkan ne’matlaridan biridir. Shunday ekan hayoni iymon bilan, iymonni esa hayo bilan bezab hayotimizga tatbiq etsak, eng go‘zal, eng oliy janob, eng iboli, eng hayoli, eng taqvoli musulmonga aylanamiz.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida: “Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilinglar”, deganlarida sahobalar: “Alhamdulillah, biz Allohdan hayo qilamiz”, dedilar. Shunda Rasululloh unga javoban marhamat qildilar: “Hayo bunday bo‘lmaydi. Balki, haqiqiy hayo miyadagi fikrlarni yaxshilash. Oshqozonni poklash, ya’ni parhezkor bo‘lish va o‘limni doimo yodda tutish bilan bo‘ladi. Kimki shularga e’tibor qilsa Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilibdi”, dedilar.
Sa’diy Sheroziy ( Guliston ) asarida aytadi.
Bayt:
Karam binu lutfi Xudovandgor,
Gunah banda kardastu õ sharmsor.
Ya’ni: Alloh taoloning karam-u lutfi mehribonligini qaraki gunohni banda qiladi-yu, U (Alloh) hayo qiladi.
Hayoning ma’nodoshlari oriyat, ibo, uyat, or-nomus va shunga o‘xshash insoniy fazilatlardir. Kimiki bu fazilatlarni o‘zida jamuljam etsa hayoli kishiga aylanadi. Hayoli kishi esa o‘z-o‘zidan imonli kishiga aylanadi. Imonli kishi vatanini sevadigan , o‘z xalqiga astoydil xizmat qiladigan, muqaddas dinini ko‘z qorachig‘idek avaylaydigan chin mo‘min-musulmon bo‘lib yetishadi. Bugungi kunning qadriga yetmasdan vatangado bo‘lib yurgan noshukur bandalar qalbida na hayo va na imon mavjud.
Toshkent islom instituti talabasi
Habibov Abduqahhor