Buyuk alloma Alisher Navoiyni xotirlash hamda ulkan meros boʻlib qolgan qoʻlyozmalar bilan tanishish maqsadida Toshkent islom instituti talaba qizlari o’qituvchi N.Saidakbarova bilan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga tashrif buyurdilar. Muzey eksponatlari va qoʻlyozmalari bilan tanishish jarayonida talaba qizlar alloma qoldirgan ulkan meros bilan tanishdilar hamda qoʻlyozmalarni oʻqidilar.
Talabalar Oʻzbek adabiyotining boy tarixi, buyuk namoyondalari, O’rta asrlar, yaqin oʻtmish va zamonaviy adabiyot vakillarining ijodlari bilan tanishdilar.
Ayniqsa buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning faoliyatiga oid ilmiy meroslar talabalarda katta qiziqish uygʻotdi.
Oʻzbekistonning eng yirik ilmiy muassasalaridan biri – Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi 1939-yilda tashkil etilgan. Aynan shu yerda oʻzbek xalqining adabiy merosi yodgorliklari saqlanadi.
Muzey fondida 17000 dan ortiq eksponatlar – badiiy asarlar, arxeologik obidalar, qoʻlyozmalar, hujjatlar, oʻzbek adabiyoti madaniyatining koʻp asrlik tarixini aks ettiruvchi filmlar mavjud. Bundan tashqari, bu yerda mamlakatimiz yozuvchilarining hayoti va ijodi toʻgʻrisidagi 65 mingdan ortiq hujjatlar toʻplangan.
TII Matbuot xizmati