islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ertaga yangi oy boshlanadi

Mana hijriy-qamariy 1445-yilning Rajab oyi ham tugab bormoqda. Insha Alloh, ertaga yangi oy boshlanadi. Bu boshlanadigan yangi oy Shaʼbon oyidir. Shu oʻrinda shuni ham aytib oʻtish joizki, xalqimiz “Shaʼbon” oyini “Barot” oyi deb ham ataydi.

Maʼlumki, Shaʼbon oyi hijriy-qamariy yil hisobining sakkizinchi oyidir. U 29 kundan iboratdir. “Shaʼbon” arabcha soʻz boʻlib, u oʻzbek tilida “boʻlinish”, “tarqalish” degan maʼnolarni anglatadi.

Rivoyat qilishlaricha, qadimda xalqlar orasida qish paytida bir joyda, bahor kelishi bilan boshqa joylarga tarqalib yashash odati boʻlgan. Qamariy-hijriy sakkizinchi oyiga nom beriladigan paytda odamlarning har tomonga boʻlinish, tarqalish paytlariga toʻgʻri keladi. Mana shu holatdan kelib chiqib, bu oyga “Shaʼbon” qoʻyishgan.

Xalqimizda  baʼzi oylarni kimgadir, nimagadir tegishli qilib bayon qilish hollari uchraydi. Rajab oyi Alloh taoloning oyi deb eʼtirof etilsa, Shaʼbon oyi paygʻambar oyi, Ramazon esa ummatlarning oyi deyiladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Alloh taolo oʻn ikki oy ichidan Rajab oyini oʻzi uchun tanlab olgan. Shuning uchun «Allohning oyi” deyiladi. Kim bu oyni ulugʻlab, hurmatini joyiga keltirsa, Alloh taolo uni jannati naimga kiritib, yana Oʻz roziligini ato etadi. Shaʼbon oyi “Rasululloh oyi” ham deyiladi. Kim bu oyni ulugʻlab, hurmatini bajo keltirsa, Qiyomat kuni unga jannatdan joyni oʻzim tayyorlab turaman. Ramazon oyi esa “Ummatlarim oyi”dir. Kim bu oyni ulugʻlab, hurmatini joyiga qoʻysa, gunohlardan oʻzini tiysa, kunduz roʻzador, kechalari bedor, birovlarga beozor holda roʻza oyini tamomlasa, barcha gunohlari magʻfirat qilinadi». (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Shaʼbon oyi kelsa, moʻmin-musulmonlar bu oyning hurmatidan oʻzaro  mehr-muhabbatni kuchaytiradilar. Ular bu oyda ota-ona, yor-birodarlar, xesh-aqrobolar,  kasalmand, muhtoj kishilarning  holidan xabar oladilar. Ularga turli muruvvatlar koʻrsatadilar. Bu esa Shaʼbon oyi insonlar orasida mehr-oqibat, oʻzaro hamjihatlik baxsh etadigan oy ekanligiga dalolat qiladi.

Alloh taolo kirib kelayotgan Shaʼbon oyini barakali oylardan qilsin!

 

 

,

Oʻzbekiston musulmonlar idorasining Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi

420830cookie-checkErtaga yangi oy boshlanadi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: