Bir og’riqli nuqta
Yurtimiz qadimdan beri ko`plab qorilarga beshik bo`lib kelyapti. Xalqimizning Qur`onga bo`lgan muhabbati, o`rganishga bo`lgan ishtiyoqi tahsinga sazovor. Yurtimizda Qur`oni karimni Imom Osimning Imom Hafsdan qilingan rivoyati bo`yicha o`qish urfga kirgan. Ammo xalqimizning ko`p qismi Qur`on desa ayni shu Imom Hafsning rivoyati bo`yicha o`qilganini tushunadi. Boshqa qiroatlar u yerda tursin qiroatimiz imomi Imom Osimning boshqa shogirdi, ya`ni Imom Shu`ba rivoyati ham borligi haqida tasavvurga ega emas. Chunki xalqimiz na qorilarimizdan Imom Shu`ba rivoyatida tilovat eshitadi va na Shu`ba rivoyatiga asoslangan Mus`hafni ko`radi.
Yurtimizning barcha hududida shu paytgacha Imom Hafs rivoyatiga ko`ra tilovat qilib kelingan, Qur`onni ta`lim olishda ham, ta`lim berishda ham shu rivoyat yo`lga qo`yilgan, yurtimizda tarqalgan mus`hafi shariflar ham shu rivoyat bo`yicha bosib chiqarilganlaridir. Shu sababdan xalqimizning ko`p sonli qismi Imom Shu`ba rivoyati haqida tasavvurga ega bo`lmay qolgan. Ammo bu yurtimiz boshqa qiroat va rivoyatlardan boxabar qorilardan bebahra degani emas.
Toshkent islom instituti tasarrufidagi “Tahfizul Qur`on” kafedrasida Qur`onni Imom Hafs rivoyati bo`yicha puxta o`zlashtirgan qorilarimizga Imom Shu`ba rivoyati ham ta`lim berilib, ijozalar taqdim etib kelinmoqda.
Xalqimizga tanish va suyukli bo`lgan mashhur qorimiz shayx Alijon qori ham bir necha yillar mobaynida Misr davlatining dunyoga mashhur “al-Azhar” universitetida Qur`on ilmlari va qiroati bo`yicha ta`lim olib, mutaxassis sifatida yurtimizga qaytib kelganlari ham xalqimiz uchun katta tuhfa bo`ldi. U kishining bir qancha masjidlarimizda va ijtimoiy tarmoqlarda xalqimizga qiroatlar borasida o`zlashtirgan ilmlarini ta`lim berishlari va Qur`onni turli qiroat va rivoyatlari bo`yicha tilovat qilib berishlari xalqimizning Qur`on borasidagi ma`rifatini kengaytirib bormoqda.
Bundan tashqari biz yuqorida zikr qilgan “Tahfizul Qur`on” kafedrasi ustoz-o`qituvchilari ham, yurtimizning Qur`onga muhabbatli qorilari ham “al-Azhar” universitetiga borib, qiroat ilmidan tahsil olib, yurtimizga ijozalar bilan qaytib, xizmat qilmoqdalar. Alloh barchalarini jidd-u jahdlarini qabul aylasin va ajr-u mukofotini ko`paytirib bersin.
Toshkent islom instituti talabasi
Qosimjon Obidov