islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

“Milliy-madaniy merosimizni o‘rganamiz!”

O‘zbekiston qadimiy tamaddun markazlaridan hisoblanadi. Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yurtimizda asrlar davomida turli sivilizatsiyalar hukm surgani sababli noyob, bebaho va go‘zal me’moriy obidalar bunyod etilishiga zamin yaratdi. Dunyoning hech bir burchagida uchramaydigan bunday betakror obidalar bizning boyligimiz va faxrimiz hisoblanadi.

YUNESKOning umumjahon ro‘yxatidagi moddiy madaniy 1121 ta merosdan 4 ta meros O‘zbekistondan kiritilgan bo‘lib, bular: Ichan qal’a (1990-yilda); Buxoro shahrining tarixiy qismi (1993-yilda); Shahrisabz shahrining tarixiy qismi (2000-yilda); Samarqand shahri (2001-yilda) bo‘lsa, YUNESKOning nomoddiy madaniy 500 dan ortiq meros ro‘yxatiga O‘zbekistondan 8 ta meros, ya’ni: Boysun tumani madaniyati (2008-yilda); Shashmaqom (2008-yilda – O‘zbekiston va Tojikiston); Katta ashula (2009-yilda); Askiya – aql-idrok san’ati (2014-yilda); Navro‘z (2016-yilda O‘zbekiston va yana 11 ta davlat); Palov tayyorlash madaniyati va urf-odati (2016-yilda); Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, atlas va adras matolarini to‘qishning an’anaviy texnologiyasi (2017-yilda), Xorazm lazgisi (2019-yilda) kiritilgan. Albatta, bu oddiy ro‘yxat emas. Bu butun dunyoga buyuk va bebaho merosimizni, salohiyatimizni hamda qadriyatlarimizni namoyon qiluvchi bebaho boyligimiz hisoblanadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, dunyoning yetakchi nashrlari, xususan, Forbes, the Independent, Sondé Nast Traveler, Germaniyaning mashhur Berliner Telegraph va boshqalar tomonidan O‘zbekiston 2022-yilda sayohat qilish uchun eng qulay mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etildi. Xorijiy axborot vositalarining aksariyati, O‘zbekiston bu nafaqat Yevrosiyoning markazi, balki yangi Buyuk ipak yo‘lining tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, qadimiy betakror shaharlar, bebaho va noyob go‘zal madaniy merosga ega mamlakat sifatida ta’kidlanadi.

O‘zbekistondagi tarixiy obidalarning mahorati, noyob va o‘ziga xos uslubi, minglab asrlar silsilasidan bizgacha yetib kelayotgani butun dunyoni lol qoldirib kelmoqda. Mamlakatmizga sayyohlarning aksariyati ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan mustahkam san’at asarlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, ulardagi ulug‘vorlikni his qilish uchun tashrif buyurishadi. Bunday tashriflar yildan-yilga oshib bormoqda. Masalan, birgina 2021-yilda xorijiy sayyohlar soni 24 302 tani tashkil etdi. Bu deganiki, shuncha sayyohlar orqali shuncha xorij davlatlari bizni tanidi, bizning madaniy merosimizdan hayratlandi, noyob betakror obidalarimizdan bahramand bo‘lib, nafaqat turizm rivojlanishiga balki buyuk bobomiz Amir Temurning “Bizni qudratimizga ishonmasang, biz qurdirgan imoratlarga boq!” degan fikrlari naqadar haqiqat ekanligiga iqror bo‘lishmoqda.

TII “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi

o‘qituvchisi Sh.Badiyev

430280cookie-check“Milliy-madaniy merosimizni o‘rganamiz!”

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: