Arab tilining qonun-qoidalari tizimi – nahv ilmini yaratgan va kamolga yetkazgan olimlar orasida bizning bobokalonimiz Mahmud Zamaxshariy muhim o‘rin egallaydi.
Alloma haqidagi ma’lumotlar asosan O‘rta asr arab manbalarida keltirilgan. Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy 467/1075 yil 27 rajab oyi /19 martda Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lgan va aksar vaqtini ibodat bilan o‘tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Onasi ham xudojo‘y bo‘lgan.
Sharqda allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustozul arab val ajam” (“Arablar va g‘ayri arablar ustozi”), “Faxru Xorazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.
Zamaxshariy hayoti davomida ilm o‘rganish maqsadida tinmay dunyo kezgan. Buyuk alloma Xuroson, Eron, Arabiston, Iroq, Yaman, Shom (Suriya) kabi davlatlarning Marv, Nishopur, Isfahon, Bag‘dod, Hijoz, Damashq va Makka kabi shaharlarida bo‘lib, asarlari uchun boy manba to‘plagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, olim o‘zining ko‘plab asarlarini Makkada yozgan va xuddi shu yerda buyuk olim sifatida e’tirof etilgan, shuhrat qozongan.
Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng boshqa buyuk ajdodlarimiz qatorida Mahmud Zamaxshariy hayoti va ilmiy merosi ham ilmiy asosda keng o‘rganila boshladi.
Zamaxshariy o‘z davrining zabardast olimlaridan biri bo‘lib, fanning turli sohalariga oid yetmishga yaqin asar yozgan. Afsuski, bizga shulardan ba’zilarigina yetib kelgan, xolos. Allomaning asarlari ro‘yxati turli manbalarda turlicha keltiriladi. Nemis sharqshunos olimi K.Brokkelman o‘zining “Arab adabiyoti tarixi” nomli asarida Mahmud Zamaxshariyning 31 ta asari bo‘lgani haqida ma’lumot bergan bo‘lsa, doktor Ahmad Muhammad Xufiy – “ Zamaxshariy” nomli risolasida uning 48 asari borligini aytib o‘tadi. Akademik A.Rustamovning “Mahmud Zamaxshariy” kitobida allomaning 39 ta asari bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor. B.Z.Xolidov o‘z maqolasida Zamaxshariy 55 ta asar yozganini ta’kidlaydi. Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosining yana bir tadqiqotchisi U.Uvatov “Nozik iboralar” nomli kitobida allomaning 34 ta asariga oid ma’lumot bergan[1].
1998 yili Bayrutda Mahmud Zamaxshariyning “Asosul balog‘a” asari chop etilgan va uning muqaddima qismida tadqiqotchi olim Muhammad Bosil Uyun Sud allomaning 65 ta asari ro‘yxatini keltirgan.
I.Yu.Krachkovskiy, V.V.Bartol’d, A.A.Borovkov, A.Krimskiy, V.L.Vyatkin; g‘arb olimlaridan K.Brokkelman, Goldsiyer, Vetshteyn, Nyoldeke, Poppe, Rayt, Bensing, Zayonchikovskiy Mahmud Zamaxshariyning ilmiy merosiga katta qiziqish bildirgan va alloma asarlari ustida izlanishlar olib borgan. Lekin birortasida “Al-Mufassal fi nahv” asari alohida ko‘rib chiqilgan emas.
Arab olimlaridan Jurji Zaydon, Ahmad Muhammad Xudiy, Ali Bajoviy, Bahija Boqir Husniy, Muhammad Abul fazl Ibrohim, Husni Abdujalil Yusuf, Ibrohim Samaroiy, Muhammad Bosil Uyun Sud va boshqalar alloma ijodini har tomonlama o‘rganishga harakat qilgan va bugungi kunda ham ko‘pgina olimlar Mahmud Zamaxshariy asarlari ustida tadqiqotlar olib bormoqda.
Mahmud Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalarini, jumladan, arab tilining sarfu nahvini, adabiyotshunoslik, lug‘atshunoslik, tilshunoslik, geografiya, aruz, mantiq, diniy ilmlar, Qur’on tafsirini mukammal egallagan.
Buyuk allomaning bebaho merosi durdonalari orasida tilshunoslikka oid eng mashhur asarlaridan “Sharh abyat kitob Sibavayh” (“Sibavayh kitobining sharhi”), “Al-Mufassal”, “Al-Unmuzaj” (grammatikaga oid) alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, bobokalonimiz lug‘atshunoslik sohasida ham salmoqli ishlar olib borgan. Yangi usuldan foydalanib, dunyoga mashhur bir necha lug‘atni tuzgan. Shular jumlasiga “Al-Foiq fi g‘aribil hadis”, Asosul balog‘a (“Balog‘at asosi”), “Al-Mu’jamul arabiyyatul forisiyyat”, “Muqaddamatul adab” asarlari kiradi. Shu bilan birga, Qur’oni karimga yozgan sharhlarini o‘z ichiga olgan “Al-Kashshof” asari islom olamida tafsirga oid asarlar orasida eng mukammali ekanligi sharqshunos va arabshunos olimlar tomonidan tan olingan. Mazkur asarlarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari turli mamlakatlar qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda hamda, ko‘plab dorilfununlarda darslik sifatida haligacha qo‘llanib kelmoqda. Ular aksariyatiga atoqli va nufuzli olimlar tomonidan sharhlar yozilgan.
Mashhur tarixchi Ibn Qiftiy (vaf.1248 y., Halab) “Zamaxshariy ilmul adab, nahv va lug‘at bobida o‘zgalarga misol bo‘ladigan alloma bo‘lib, hayoti davomida ko‘plab buyuk olimu fuzalolar bilan uchrashgan. Alloma tafsir, hadis, nahv va boshqa sohalar bo‘yicha yetuk, zukko bo‘lib, uning bir qancha asarlari bordir. U o‘z asrida arab tilida ijod qilgan ajamlar (arab bo‘lmaganlar) orasida eng buyugidir,” deb yozadi.
Arablarda ham bunday maqol bor: “Agar Zamaxshariy bo‘lmaganida, arablar o‘z tilini bilmas edi”. Shunga ko‘ra, allomaning bunday tahsin-maqtovlarga erishishi va butun dunyoga mashhur tilshunos, grammatik olim bo‘lib tanilishiga sabab arab tili grammatikasiga bag‘ishlab yozilgan “Al-Mufassal fin nahv” – “Nahv (grammatika) haqida mufassal kitob” asari bo‘lsa, ajab emas.
Iroqlik olim Fozil Solih Samariy ma’lumotiga qaraganda, Zamaxshariy qoldirgan boy ilmiy merosni quyidagicha tasniflash mumkin: diniy ilmlar, islom ulamolari va fiqhga oid asarlar; lug‘atshunoslik, arab tili grammatikasi (sarf va nahv); aruz va adabiyot nazariyasi; badiiy adabiyot (she’riy devonlar va nasriy asarlar); mantiq va falsafaga oid asarlar; jo’g’rofiya va etnografiyaga oid asarlar.
Quyida alloma qalamiga mansub tilshunoslikka oid asarlar bilan tanishamiz. “Al-Mufassal fi san’atil i’rob” – “E’rob san’ati haqida mufassal kitob”, “Muqaddamatul adab” – “Adab ilmiga kirish”, “Asosul balog‘a” – “Balog‘at asosi” uning yirik asarlari bo‘lsa,tubanda keltirilganlari muayyan darajada to‘ldiruvchi va ilova vazifasini o‘taydi:
- “Al-Unmuzaj fin nahv” – “Nahv ilmidan namunalar”.
- “Al-Foiq fi g‘aribil hadis” – “Hadislardagi notanish so‘zlarni izohlashga doir ajoyib asar”.
- “Samimul arabiya” – “Arab tilining negizi”.
- “Al-Mu’jamul arabiyyatul forisiyyatu” – “Arabcha-forscha lug‘at”.
- “Al- Minhoj fil usul” – “ Usul ilmidagi tartibotlar”.
- “Al-Mufrad val muallif fin nahv” – Arab tilida birlik va ko‘plik”.
- “Sharh abyat kitob Sibavayh” – “Sibavayh kitobi baytlarining sharhi”.
- “Al-Asmo fil lug‘at” – “Tilda ismlar”.
- “Al-Amoliy fin nahv” – “Grammatik qoidalarda orfografiya”.
- “Ad-Durrud doirul muntahab fi kinoyot va istiorot va tashbehoti-l-arab” – “Arab kinoya, istiora va tashbehlaridan tanlangan durlar”.
- “Devonut tamsil” – Assimiliyatsiya haqida devon”.
- “Javohirul lug‘at” – “Til javohirlari”.
- “Kitabul ajnos” – “Jinslar kitobi”.
- “Al-Mufrad val murakkab fil arabiya” – “Arab tilida birlik va ko‘plik”.
- “Shofiul ayyi min kalamish Shofe’iy” – “Shofe’iy so‘zi yordamida tilni davolash”.
- “Sharh “Muxtasaril Quduriy” – “Quduriyning “Muxtasar” asariga sharh”.
- “Sharhul fasih” – Sa’labning “Fasih” asariga sharh.
- “Hoshiya alal “Mufassal” – “Mufassal asariga hoshiya”.
- “Sharhul ba’zi mushkilatul mufassal – “Mufassaldagi ba’zi qiyin masalalarga yozilgan sharh”.
Toshkent islom instituti talabasi
Abdimuratov Yusuf