islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qatag‘on qurbonlari-istiqlol fidoyilari

Qatag‘on qurbonlari haqida nimalarni bilasiz?

Sobiq Ittifoqning tarixiy sahifalarida millionlab fuqarolarning qonlari bilan yozilgan sahifalari mavjud bo‘lib, bu mustabid sovet tuzumining qatag‘onlik siyosatidir.

Stalincha totalitar-mustabid tuzum bedodligi va zulmning haddan ziyod kuchayib borishi davomida nafaqat yurtparvar milliy kadrlar, fidoyi ziyolilarning hayot tarzi, qismati zavol topdi, balki shu bilan birga millionlab yurt fuqarolarining oddiy insoniy qadr-qimmati, or-nomusi toptaldi, tahqirlandi. G‘addor tuzum zulmkorlari o‘z g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini avj oldirib, bunda har bir insonning yurish-turishi, kundalik mashg‘uloti, muomalasidan tortib to uning qanday tafakkur yuritishigacha bo‘lgan hamma jarayonlarni ham o‘z nazoratiga olishga intilganlar. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa insonlar erki, irodasini jilovlash, uni muayyan chegara doirasida ushlab turish va shu yo‘l bilan badkirdor tuzum sha’niga dog‘ tushirmaslik, uning soxta obro‘-nufuzini asrash, avaylash edi.

30-yillardagi qatag‘onda o‘zbek xalqining eng iste’dodli namoyandalari yo‘q qilindi. Ularga turli ayblar qo‘yilib, har xil bahonalar bilan qatl qilindi. Biroq, sho‘ro tuzumini maqtab, “xalqlar otasi” ni kuylagan ayrim shoirlarga ham kun berilmadi. Sababi, ularning beqiyos iste’dod ekanligi, bir kun kelib baribir o‘z xalqiga yon bosishini oldindan payqagan qizil imperiyachilar ularni ham otib tashlagan.

Sovetlar o‘z siyosatidan sal og‘ish, unga zid keluvchi hollarga shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘lardi. Buning oqibatida kishilar dunyoqarashi, e’tiqodini o‘z izmiga bo‘ysundirish, uni kommunistik axloq, ilmiy va ateistik tamoyillar ruhida shakllantirish uchun keskin kurash olib borgan sovet mafkurasining respublika mehnatkashlarining ma’naviy hayotiga etkazgan zarari behisob bo‘ldi. Shu yo‘l bilan xalq ma’naviy-ruhiy hayotiga asrlar osha muhim hissa qo‘shib kelgan butun boshliq ruhoniylar tabaqasi yo‘q qilindi. Din peshvolari qattiq ta’qibga olindi.

Bu davrda insonni qoralash, uning peshonasiga “xalq dushmani” tamg‘asini bosish tuzum zolimlari uchun xuddi “xamirdan qil sug‘urganday” gap bo‘lgan. Hatto shunday hollarga duch kelindiki, respublikadagi ko‘p xonadonlarda vaqti-vaqti bilan o‘tkazilgan tintuv paytida mabodo arab yozuvida bosilgan biror kitob topilguday bo‘lsa, uning nomi, mazmuni so‘rab, surishtirilmasdan o‘sha xonadon sohibiga jamiyatga yot unsur degan la’nat tamg‘asi bosilib, u qamoq yoki surgun jazosiga hukm etilavergan.

XX asrning 30-yillariga kelib jahon xaritasida mutlaqo qayd etilmagan “Gulag” lagerlari tashkil topdi. Uning fuqarolari haq-huquqsiz Sovet Ittifoqi qahramonlari, mashhur fan arboblari, mohir diplomatlar, shoirlar, yozuvchilar, rassomlar yoki nomlari hech kimga ma’lum bo‘lmagan ishchilar, kolxozchilar va boshqa kasb egallari edi. Bu albatta sovet davlatining qatag‘onlik siyosati natijasi edi. Turkiston ozodligi uchun kurashganlarni “Bosmachi” tamg‘asi bilan yo‘q qilinib tashlandi. So‘ng aholini mehnat qilib biror narsa orttirgan o‘rta hol qismi bu baloga giriftor etildi.

Mustabid tuzum Markazda va joylarda o‘z mutlaq hokimiyatini shakllantirib, mustahkamlab borar ekan, bunda u o‘ziga sodiq muayyan siyosiy va ijtimoiy kuchlarga tayanib ish yuritar edi. Shu maqsadda, Markaz hukumati yangi sotsialistik jamiyat qurilishi davomida O‘zbekistonga o‘zining ko‘p sonli sadoqatli xodimlari, vakillarini rahbari Lavozimlarga yuborib turganligi bejiz emas. Xususan, ular yordamida o‘lka hayotida kechayotgan barcha jarayonlar, o‘zgarishlardan doimiy xabardor bo‘lish, ularning yo‘nalishlarini, maqsad, vazifalarini belgilash, mahalliy kadrlar faoliyatini kuzatish, nazorat qilish mumkin bo‘lardi. Markaz O‘zbekistonlik milliy kadrlarning kundalik ishlariga “ko‘z-quloq” bo‘lish, ular faoliyatini tekshirish, taftish qilish barobarida sotsializm qurilishi yo‘lida sadoqat bildirganlarni tanlash, tarbiyalash, ularni yuqori mansablarga ko‘tarishni o‘z e’tiboridan chetda tutmadi. Markaz ishonchini qozonib, uning nufuzli namoyandalari bilan yaqindan hamkorlik qilgan, kerak bo‘lganda-o‘z xalqining manfaati, qiziqishlarini ko‘zlab ish yuritgan bilimdon kadrlar soni ham ko‘payib borgan. Ammo Stalinning yakkahokimligi kuchayib, totalitar tuzum bedodligi avj olib borgan sari bunday kadrlarni arzimas sabab va bahonalar bilan qiynoq-qistovga olish, vazifalaridan chetlatish odatiy tusga kirib bordi.

Rahbar kadrlar, ayniqsa, o‘z xalqi, yurtining milliy manfaatlarini himoya qilib, uning istiqbolini ko‘zlab, o‘zida kuch, iroda topib, bor haqiqatni aytishga jur’at qilgan millat vakillari birinchi navbatda hukmron Markaz uyushtirgan qatag‘onga duchor bo‘ldi. Buning yorqin ifodasini Sovet mafkurachilari tomonidan o‘zbek milliy kadrlari sha’nini bulg‘ashga qaratilgan, atayin ta’qib chiqarilgan “18 lar guruhi”, “lnog’omovchilar”, “Qosimovchilar” guruhlari misolida ko‘rish mumkin. Ularning faoliyatiga oid tarixiy hujjatlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, bu insonlar faoliyatida ularni ayblashga bois bo‘ladigan hech bir asosli ashyoviy dalillar bo‘lmaganligiga to‘la amin bo‘lamiz. Ularning yagona “gunohi” – bu o‘z millati dardi, tashvishi va manfaatini ko‘zlab ayrim muhim muammolarni ko‘targanligi va ularni hal etishga yuqorining e’tiborini jalb etganligi xolos.

Respublikaning taniqli arboblaridan iborat “18 lar guruhi”ga “yer-suv islohotiga qarshi chiqqan, boy-quloq va yer egalarining manfaatini himoya qilib chiqqanlar, mahalliychilik va millatchilik g‘oyalarini ilgari surgan” degan soxta aybnoma qo‘yildi. Aslida esa ular hukmron Markazning ulug‘ davlatchilik va shovinistik siyosatiga, milliy kadrlarga nisbatan bepisandlik, loqaydligiga qarshi chiqib, adolat va haqqoniylik tamoyillarini himoya qilganlar. Shu sababli, rasmiy partiya organlari tomonidan mazkur guruh keskin qoralanadi va uning a’zolari turli jazolarga giriftor etildilar. Bunday muxolifatchi chiqishlar hukmron partiya mutasaddilarining qahriga uchramasdan qolmasdi, albatta. Shu sababli, 1926-1927-yillarda bu guruh faoliyati partiya tashkilotlarida bir necha bor muhokama qilinib, og‘machi guruhbozlikda ayblandi. Inog‘omov tarafdorlari vazifalaridan olinib, nomlari qoralandi.

“Qosimovchilik” guruhi ham 1929-1930-yillarda sovet hukmron rejimi tomonidan milliy kadrlarni, ziyolilarni qatag‘on qilish, jazolash maqsadida atayin uyushtirilgan navbatdagi uydirma edi. O‘z SSR Oliy Sudining raisi lavozimida ishlagan S. Qosimov va uning yaqin maslakdoshlari: N.AIimov, Musaboyev, Sharipov, Sirojiddinov va boshqa-jami 7 kishi 1929-yilning 2-yarmida “bosmachilik” harakatiga yordam berganlikda ayblanib qamoqqa olindilar. Ular respublikadagi millatchi tashkilotlar bilan aloqa bog‘laganlikda ayblandilar. Bu guruhning 4 ta a’zosi shunday asossiz ayblanib, otib tashlandi. Qolganlari esa ko‘p yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Mustabid tuzum hukmdorlari uchun O‘zbekiston singari milliy Sovet Respublikasi rahbarlari, xodimlarini to‘la itoatda tutishning birdan bir sharti – bu ularning mustaqil faoliyatiga izn bermaslik, vaqti-vaqti bilan silkitib turish, mabodo xato, kamchiliklari topilguday bo‘lsa, shafqatsiz jazolash yo‘li edi. Milliy kadrlar faoliyatiga nisbatan bunday noinsoniy, g‘ayriqonuniy yondashuv oqibatida respublikada o‘z ongli hayoti, jo‘shqin faoliyatini sovetlaring yolg‘on, soxta g‘oyalari, sotsializm g‘alabasi uchun bag‘ishlagan, shu yo‘lda jon fido etib kurashgan qancha yetuk partiya va davlat rahbarlari qatag‘on domiga g‘arq bo‘ldilar. O‘zbekiston ravnaqi, xalqining baxt-u saodati uchun fidoyilik ko‘rsatgan Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Rahimboyev, Isroil Ortiqov, Abdulla Karimov va boshqa o‘nlab mahalliy rahbar kadrlarning qismati mana shunday fojia bilan tugadi.

Mustabid tuzum hukmdorlari va ularning chaqqon dastyorlarning yeng shimarib qilgan “sa’y-harakatlari” natijasida 1937-1938-yillar davomida O‘zbekistonda bir qator yirik aksilinqilobiy tuzilmalar tuzilgan, faoliyat yuritmoqda, degan soxta ma’lumotlar to‘plandi. Mana shunday soxta ma’lumotlar asosida respublika rahbarlari A.Ikromov va F.Xo‘jayev boshchiligidagi “Burjua-millatchilik aksilinqilobiy tashkiloti markazi”, Abdurauf Qoriyev rahbar bo‘lgan “Musulmon ruhoniylarning millatchi-isyonkor tashkiloti”, “Aksilinqilobiy o‘ng trotskiychi josuslar tashkiloti markazi”, “Buxoro va Turkiston baxt-saodati” nomli aksilinqilobiy tashkiloti, I.Ortiqov boshliq Yoshlarning aksilinqilobiy burjua-millatchilik tashkiloti”, “Ingliz josuslik rezidenturasi”, “Yapon josuslik-qo‘poruvchilik rezidenturasi” kabi tashkilotlar Sovet hokimiyatiga qarshi faoliyat yuritmoqda deb e’lon qilindi, ularni tuzishda gumon qilinganlar qatag‘on qilindi.

Eng so‘nggi ma’lumotlar, tarixiy hujjatlarni har tomonlama o‘rganish, tahlil qilishlar, surishtirishlar bunday tashkilotlarning respublikada umuman bo‘lmaganligini to‘la tasdiqlamoqda. Demak, bunday aksilinqilobiy tashkilotlar qatag‘on tuzumi buyurtmasi asosida Markaz va uning jazo organlari tomonidan atayin to‘qib chiqarilgan va hayotga izchil tatbiq etilgan. Buning orqasida ming-minglab begunoh insonlar shafqatsiz jazolangan, umrlari xazon bo‘lgan. XX asr boshidan 40-yillargacha 450 ming vatandoshlarimizga nisbatan “jinoiy ish” ochilganligi, ularning hayoti ostin-ustun bo‘lib ketganligi faktdir.

Faqat 1937-1939- yillarda O‘zbekistonda hammasi bo‘lib 43 mingdan ziyod kishi qamoqqa olingan. Ulardan 6 ming 920 nafari otib tashlangan. 37 ming nafari esa turli muddatga qamoq va surgunlarga hukm etilgan.

Mustabid tuzum jallodlarining bu bedodligini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Yaqin milliy tariximizning bu qorong’u zulmati xalqimiz dilida mangu o‘chmas armon bo‘lib qoldi. U faqat milliy istiqlol tufayligina to‘la yuzaga chiqib, bundan yurtimiz fuqarolari chinakam ro‘shnolik ko‘rish baxtiga musharraf bo‘ldilar.

Stalincha siyosiy qatag‘ondan jamiyatning sog‘lom kuchlari, milliy ziyolilar eng ko‘p aziyat chekdi, mislsiz qurbonlar berdi. Negaki, totalitar rejim mutasaddilari o‘zlari jaholatparast kimsalar bo‘lganligidan, ilm-u ma’rifat, ziyo ahlini qadrlash, e’zozlash o‘rniga ularni xo‘rlash, tahqirlash, kerak bo‘lsa, yo‘q qilishni o‘zlariga kasb qilib olgandilar. Masalan, butun hayoti va ijodini millat baxt-saodati, yurt istiqboli uchun bag‘ishlagan Munavvar qori shu davrda avj olgan sovetlar ig‘vosi va bo‘htonining aybsiz qurboni bo‘ldi. Uning rahnamoligida millat ravnaqi va istiqloli yo‘lida faoliyat yuritgan, xalqqa ziyo taratib kelgan “Milliy istiqlol” tashkilotining 87 a’zosi ustidan sud uyushtirildi. Ularning 49 nafari “Xalq dushmani”, “burjua millatchisi” degan ayblar bilan qoralanib, og‘ir jazolarga hukm qilindi.

O‘zbek adabiyotining ustunlari bo‘lgan, noyob ijodlari xalq mehrini qozongan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Mahmud Botu (Xodiyev), Elbek (Mashriq Yunusov), G‘ozi Yunus kabi ajoyib iste’dodlar quruq bo‘hton-u tuhmatlar asosida “xalq dushmanlari” sifatida jismonan yo‘q qilinib, yorqin faoliyati so‘ndirildi.

Masalan, ulardan biri-professor G‘ozi Olim Yunusovni oladigan bo‘lsak, u 50 dan ziyod asarlar muallifi edi. Arab, fors, nemis, ingliz va barcha turkiy tillarni puxta bilardi. U hatto rus, arab va nemis tillarida Samarqand universiteti, Toshkent pedagogika instituti hamda Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida umumiy tilshunoslik va til bilimiga kirish kabi maxsus kurslardan ma’ruzalar o‘qirdi. Biroq bunday iste’dodlar qatag‘on jallodlari uchun sariq chaqalik qadr-qimmatga ega bo‘lmagan. Mustabid tuzum farmonbardorlari, ayniqsa, bunda o‘zbek xalqining milliy ongi, tafakkurini yoritish, uning o‘zligini tanitishga fidoyilik qilgan, jadidizm namoyandalarini yo‘q qilishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar. Ming afsuslar bo‘lsinki, bunga erishdilar ham. O‘zbekiston hukumatining tashabbusi va sa’y-harakati bilan 20-yillarda xorijga o‘qishga yuborilib, yaxshi mutaxassislar, fan arboblari bo‘lib yetishgan kishilar atayin qatag‘on qurbonlari bo‘ldilar. Agar Germaniya yoki Turkiyada ta’lim olgan bo‘lsalar ularga o‘sha mamlakatlarning josuslari degan ayb qo‘yildi. Buning uchun ularning uyida tintuv paytida chet elda bosilgan kitob topilguday bo‘lsa, shuning o‘zi yetarli dalil edi. Axir ular chet el oliy o‘quv yurtlarida o‘qigan bo‘lsalar, ularda shunday kitoblar bo‘lishi tabiiy edi. Masalaning bunday mantiqiy jihatlari chalasavod jazo organlari vakillarini qiziqtirmagan. Xorijda ta’lim olib, professorlik unvoniga sazovor bo‘lgan Ahmadjon lbrohimov, Majid Ibrohim, Ibrohim Yorqin, Tohir Shokir, Abduvahob Ishoq, Saida Shermuhammad qizi, Sattor Jabbor, Otajon Hoshim va boshqalar o‘sha davrlarda millat faxri bo‘lganlar. Ularga ham “xalq dushmani”, “chet el josusi” qabilidagi tavqi la’nat tamg‘asi bosilib, qatl etildilar.

Bu davrda insonni qoralash, uning peshonasiga “xalq dushmani” tamg‘asini bosish tuzum zolimlari uchun xuddi “xamirdan qil sug‘urganday” gap bo‘lgan. Hatto shunday hollarga duch kelindiki, respublikadagi ko‘p xonadonlarda vaqti-vaqti bilan o‘tkazilgan tintuv paytida mabodo arab yozuvida bosilgan biror kitob topilguday bo‘lsa, uning nomi, mazmuni so‘rab, surishtirilmasdan o‘sha xonadon sohibiga jamiyatga yot unsur degan la’nat tamg‘asi bosilib, u qamoq yoki surgun jazosiga hukm etilgan.

Shunday qilib, stalincha qatag‘on respublikamiz hayotining barcha sohalari uchun qonli fojialar, beadad yo‘qotishlar bilan to‘lib toshgan davr bo‘ldi. U millionlab odamlaring taqdir-qismatida asoratli iz qoldirdi va mislsiz xunuk oqibatlarni yuzaga keltirdi. Shunga qaramay, xalqimiz bukilmas irodasini, matonatini namoyon etib, yorug‘, charog‘on kunlar kelishiga intilib, kurashib yashadi. U stalincha har qanday shiddatiga dosh berib, o‘z asriy qadriyatlarini, udumlari, rasm-rusumlarini saqlab, imon-e’tiqodiga sodiq qoldi va hamisha milliy istiqlol sari dadil harakatlanishda davom etdi.

Qariyb 130 yillik mustamlakachilik yillarida turli sohalarda qilingan juda ham yomon ishlar va hodisalar turli shakllarda yuz bergan. Qatag‘onlar, mahv etishlar, otib tashlashlar xalq ruhiyatini sindirdi. Odamlar bu mislsiz qirg‘inlar natijasida bir umr tahlika va qo‘rquv bilan yashadi. Ana shu hadiksirash millat hayotini zaharladi. Turmush lazzatini, yashash zavqini zaqqumga aylantirdi. Qo‘lga kiritilgan mustaqillik ana shunday iztiroblarga, qon yutishlar iskanjasida qolgan xalqimiz qalbiga nur, umidlariga qanot, dardlariga malham bo‘ldi.

Butun borlig‘idan, ma’naviy bisotidan judo qilingan xalq erkinlik tufayli katta tashnalik bilan o‘z tarixini bilishga intilmoqda. Sho‘ro hukumati davrida ongli ravishda madaniy boyliklarimiz yo‘q qilingan.

Biz, milliy istiqlol davri kishilari jonajon yurtimiz ozodligi va mustaqilligi yo‘lida kurashib, Stalincha qatag‘on qurbonlari bo‘lgan aziz insonlar xotirasini doimo qalbimizda saqlamog‘imiz kerak. Bu har birimiz uchun farz-u qarzdir. Yurtboshimizning 2001-yil 1-maydagi farmoni bilan har yili 3-avgust kunini “Qatag‘on qurbonlari” xotirasini nishonlash kuni deb e’lon qilinganligi g‘oyatda quvonarlidir. Bu hozirgi avlodning shahid ketganlar xotirasi oldidagi ehtiromining umumxalq e’tirofidir.

Yashasin mustaqil yangi O‘zbekiston! Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. A.Ibrohimov va boshqalar. Vatan tuyg‘usi. Toshkent-O‘zbekistonn”-1996

Internet saytlari

  1. arxiv.uz
  2. cyberleninka.ru

“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Faxriddin Yernazarov 

433100cookie-checkQatag‘on qurbonlari-istiqlol fidoyilari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: