islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ona tilimiz – millatimiz ruhi. U bizning borliq va boyligimiz. U ko‘nglimiz mulki, davlatimiz ulug‘ timsolidir. Bundan qariyb 35 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan. Buyuk allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tilining nufuzi, ahamiyati va qadri nafaqat Vatanimizda, balki xalqaro miqyosda kun sayin oshib bormoqda.

1989-yilning 21-oktabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga – Davlat tili maqomi berildi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.

Tilning erkinligi, uning taraqqiyoti bevosita xalqning erki, mustaqilligi bilan bog‘liq. Shu bois ona tilimiz ham mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarildi. Qadr-qimmati tiklanib, yuksalib bordi. O‘zbek tilida eng noyob asarlar, tarixiy-badiiy, ilmiy mavzulardagi qimmatli manbalar nashr qilindi. Dunyo va mumtoz adabiyotimizning eng saralari chop etilib kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. O‘zbek tiliga dunyoning eng mashhur adib va yozuvchilarining asarlari tarjima qilindi. Eng asosiysi, barcha davlat idoralarining rasmiy tili o‘zbek tili bo‘lib, hujjatlar ham ona tilimizda yuritila boshlandi. Xalqning milliy g‘ururi qayta uyg‘ondi. Qadr-qimmati ulug‘landi.

“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020-yil 10-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Endilikda har yili 21-oktabr butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bayram sifatida nishonlanmoqda. Bu esa ona tilimizni qay darajada ardoqlashimizni va hurmat qilishimizni bildiradi.

Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Tilimizni e’zozlash, uning mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning ma’naviy burchimizdir.

TII “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi

o‘qituvchisi Sh.Badiyev

434390cookie-checkQadring baland bo‘lsin, Ona tilim!

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: