islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

RAMAZON – SABR, TAQVO VA SAXOVAT OYI

Ramazon – Alloh taolo tomonidan mo‘minlarga in’om qilingan eng ulug‘ va muborak oy. Bu oyda Qur’oni karim nozil qilingan bo‘lib, u insoniyat uchun to‘g‘ri yo‘lning ochiq dalillari va hidoyat manbaidir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lning ochiq dalillari va (haq bilan botilni) farqlovchi (Qur’on) nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim ushbu oyni topsa, albatta, ro‘za tutsin…” (Baqara surasi, 185-oyat).

Bu oy – nafsni tarbiyalash, sabrni mustahkamlash va taqvoni oshirish vaqti. Ramazon faqat ochlik va chanqoqlik bilan o‘tadigan kunlar emas, balki ruhiy poklanish va Allohga yaqinlashish imkoniyatidir. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! (Sizlardan) avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham taqvo egalari bo‘lishingiz uchun ro‘za farz qilindi” (Baqara surasi, 183-oyat).

Ro‘za – insonni nafaqat yeb-ichishdan, balki har qanday yomon xulq-atvor, gunoh va behuda so‘zlardan ham tiyadigan buyuk ibodatdir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim Ramazon oyini iymon va ixlos bilan ro‘za tutib o‘tkazsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ro‘za insonni sabrga o‘rgatadi. Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam aytganlar: “Ro‘za – sabrning yarmi” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Saxovat va mehr-oqibat oyi. Ramazon saxovat va mehr-oqibatning ham eng yuqori cho‘qqisiga yetadigan davrdir. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollalohu alayhi va sallam odamlarga eng saxiy inson edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida ularning saxiyliklari daryo to‘lqinidek jo‘shardi” (Imom Buxoriy rivoyati). Imom Abu Hanifa roziyallohu anhu ham Ramazonda faqir va miskinlarga yordam berishni o‘z hayotining ajralmas qismiga aylantirgan edilar. Buyuk alloma Imom G‘azzoliy aytganlar: “Ro‘za – taqvoning kalitidir. Ochlik bilan qalb yumshar, gunohlar unutiladi va inson Allohga yaqinlashadi”. Shuningdek, Ramazonda ijtimoiy birdamlik mustahkamlanadi. Boy va kambag‘al, amir va faqir bir xil holatda bo‘lib, ochlik va tashnalikning og‘irligini his qiladi. Natijada, insonda rahm-shafqat, muruvvat va yordam berish tuyg‘usi ortadi. Shuning uchun bu oyda sadaqa, zakot va iftorlik berishning savobi yanada ko‘p bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Kim ro‘zadorni iftorlik bilan siylasa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi va unga ro‘zador olgan savob barobarida ajr yoziladi” (Imom Termiziy rivoyati).

Qadr kechasi – Ramazonning tojidir. Ramazonning eng ulug‘ kechasi – Qadr kechasidir. Alloh taolo bu kecha haqida bunday marhamat qiladi: “Biz uni (Qur’onni) Qadr kechasida nozil qildik. Qadr kechasi ming oydan afzaldir” (Qadr surasi, 1–3-oyatlar).

Qadr kechasi bandalar uchun beqiyos imkoniyatdir. Bu kechada ibodat qilib, duo va istig‘for aytgan inson ulkan mukofotlarga erishadi. Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim Qadr kechasini iymon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ramazon – faqat ochlik va chanqoqlik emas, balki sabr, taqvo, saxovat va Allohga yaqinlashish oyi hamdir. Bu oyda mo‘minlar o‘z qalblarini poklab, Qur’onga yaqinlashib, yaxshilik va mehr-oqibatni ko‘paytirishlari lozim.

Alloh barchamizni Ramazonning ulug‘ fazilatlaridan bahramand qilgan, Qadr kechasiga yetkazgan va gunohlarimizni mag‘firat qilgan bandalaridan qilsin!

Aslbek UMAROV,

TII  104-guruh talabasi (manbalar asosida tayyorladi)

441930cookie-checkRAMAZON – SABR, TAQVO VA SAXOVAT OYI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: