Ba’zi g’arbiy madaniyatlarda oilaviy qadriyatlarning zaiflashishi, nikohsiz yashashning keng tarqalishi va individualizmning kuchayishi kabi tendensiyalar kuzatilmoqda. Bu holatlar boshqa jamiyatlarga ham ta’sir ko’rsatib, oilaviy institutning zaiflashishiga olib kelmoqda.
OAV va internet orqali tarqatilayotgan ba’zi materiallar yoshlarning axloqiy negizlarini buzishga olib kelishi, oilaviy qadriyatlarni inkor etishga undaydi. Bu esa oilaviy munosabatlarning zaiflashishiga sabab bo‘ladi.
Ishsizlik, iqtisodiy qiyinchiliklar va bandlik masalalari oilaviy nizolarga, ajralishlarga va oilaviy barqarorlikning buzilishiga olib kelishi mumkin.
Ba’zi Yevropa davlatlarida tug’ilish darajasining pasayishi va aholining qarishi kuzatilmoqda. Bu holat kelajakda mehnat resurslarining kamayishiga va iqtisodiy qiyinchiliklarga olib kelish ehtimoli katta.
Yaponiyada ham tug’ilish darajasi past bo’lib, aholining qarishi jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa iqtisodiy o’sishning sekinlashishiga va ijtimoiy ta’minot tizimiga bosimning oshishiga sabab bo’lmoqda.
Islom dini oilani jamiyatning asosi sifatida e’zozlaydi va uning mustahkamligini ta’minlash uchun ko’plab ko’rsatmalar beradi. Bunga oyat va hadislardan bir nechtasini qisqacha keltirib o’tamiz.
Niso surasi, 19-oyatining “وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ…” qismi erkaklarni ayollarga nisbatan yaxshilik bilan muomala qilishga undaydi.
“وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ” – “Ayollar bilan ezgulik ila muomala qiling”.
Bu jumla oilaviy hayotda o‘zaro hurmat, mehr-muhabbat va odillik bilan yashashni ta’kidlaydi. Erkaklar o‘z juftlariga nisbatan adolatli va mehribon bo‘lishlari lozim ekanligini uqtirib, erkaklarga ayollarga nisbatan yaxshilik qilish, ularni haq-huquqlaridan mahrum qilmaslik va ularga yaxshi muomala qilish bilan birga ayollarga zulm qilish yoki ularning huquqlarini poymol qilish man etilganini ta’kidlaydi.
Oyatning davomida “فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَىٰ أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا” – “Agar siz ulardan nafratlansangiz ham, ehtimol siz yoqtirmagan narsada Alloh ko‘p yaxshilik ato qilgandir”.
Oyatning davomi insonlarni sabrli bo‘lishga, o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qilib, oilani saqlab arzimas narsalar uchun barbod qilmaslikka va Allohning hikmatiga ishonishga va rozi bo’lishga chaqiradi.
Ulamolarimizdan Imom Olusiy rohimahulloh oyat tafsirida: “Bu oyat ayollarning tabiati nozik ekanligini inobatga olib, ularni hurmat qilish va ularga sabr qilish lozimligini izohlaydi. Chunki ayollarning ham inson sifatida o‘ziga yarasha ehtiyojlari va his-tuyg‘ulari bor”, deganlar.
O’zini musulmon deb bilgan har qanday inson hayotida Nabiy sollallohu alayhi vasallamni o’zlariga namuna deb biladilar. Va oilaviy, xususan ayollarga qanday muomala qilish borasida ham u zotdan o’rnak olib hayot kechirishi lozim tutadi.
Xulosani esa habibimiz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari bilan yakunlaymiz.
Rasululloh ﷺ : “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahli-ayoliga (oilalariga) yaxshilik qiluvchilaringizdir” dedilar.
Anvar XO’JAXONOV,
TII talabasi