“Albatta, har bir ummatning amyni (ishonchli kishisi) bordir. Albatta, bu ummatning amiyni (ishonchli kishisi) Abu Ubayda ibn Jarrohdir”
(Rosululloh sallallohu alayhi vasallam)
Abu Ubayda ibn Jarroh (? – 639) Quraysh qabilasining bani Fixr urug‘idan bo‘lganlar. Abu Ubayda ibn Jarroh Habashistonga, keyin Madinaga hijrat qilganlardanlar. Payg’ambarmiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga barcha g‘azotlarda qatnashganlar.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning da’vatlari bilan ilk iymonga kelgan zotlardanlar, asharai mubashsharaning biri boʻlishlari bilan birga ushbu mubrak zotning nasablari Omir ibn Abdulloh ibn al-Jarroh ibn Hilom ibn Vuhayb ibn Zabbat ibn al-Horis ibn Fixr bo’lib, nasablari Fixrga yetib borganda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamga qoʻshiladilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu haqqilarida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ أَنَس بْن مَالِكٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِنَّ لِكُلِّ أُمَّةٍ أَمِينًا وَإِنَّ أَمِينَنَا أَيَّتُهَا الْأُمَّةُ أَبُو عُبَيْدَةَ بْنُ الْجَرَّاحِ
Anas roziyalohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Risululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Albatta, har bir ummatning amyni bordir. Albatta, bizning amiynimiz, ey ummat, Abu Ubayda ibn Jarrohdir”,degan edilar. Ikki shayx va Termiziy rivoyati.
Shundan so’ng sahobalar orasida “Aminul umma” laqabi bilan mashhur boʻldilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu uzun boʻyli, oriq gavdali, siyrak soqolli, yonoqlari chiqqan edilar. Ochiq yuzli, koʻrkam xulqli, toʻgʻri soʻzli, teran fikrli, obid, zohid, muloyim, mehrli, mamlakat ta’biriga va harb ilmida mohir bo’lganlar.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu u zotni quyidagicha ta’riflaganlar:
— Quraysh qabilasida uch kishi borki, ular insonlarning eng ochiq chehrali, go’zal ahloqli va hayoliroqlaridir. Agar sizga gapirgudek bo’lsalar, bir luqma ham yolg’on qo’shmaslar. Agar siz ularga gapirsangiz, sizni yolg’onchiga chiqarmaslar. Bular Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn Jarrohlardir.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu islomni eng avval qabul qilgan musulmonlardan edilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan bir kun keyin, u kishining da’vati bilan dinga kirganlar va Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Maz’un, Arqam ibn Abu Arqam bilan birga Payg’ambar alayhissalomning huzurlariga borib, haq kalimasini aytganlar, shunday qilib buyuk islom binosini bunyod etishlik uchun qo’yilgan eng avvalgi g’ishtlardan bo’lgan edilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu Makkada ilk islom shu’lalari tarala boshlagan ondan tortib og’ir sinovlarni boshidan kechirdilar. Peshqadam mususlmonlar qatori turli xil zulmu bedodliklar, haqoratu tazyiqlar, g’amu alamlarni totib ko’rdilar-ki, yer yuzidagi bironta din tarafdori bundoq sinovlarga duchor etilmagandi. Ular esa bu sinovlarga mardonavor dosh berishdi, har qancha ahvollari tang, holatlari ayanchli bo’lsa ham Alloh taolo va Payg’ambar alayhissalom janoblariga bergan va’dalariga sodiq qolishdi. Ammo Badr jangi Abu Ubaydani yetti uxlab tushiga kirmagan, inson zoti tasavvur qilishdan ojiz bo’lgan nihoyatda mushkul imtihonga ro’para etgandi.
Badr kuni Abu Ubaydaning dushmanlar safini parokanda etishlikda ko’rsatgan jangovar mahorati mushriklar qalbiga g’ulg’ula soldi. U xuddi o’limni pisand qilmayotganday jangning eng qonli tus olgan nuqtalarida hozir bo’lar, quraysh suvoriylari esa, unga yuzma-yuz kelishdan o’zlarini olib qochardilar…
Ammo ular orasida bir kishi Abu Ubaydani yakkama-yakka olishuvga chorlab, bot-bot oldidan kesib chiqar, Abu Ubayda esa har safar unga yo’liqqanida otining jilovini chetga burardi. Haligi odam xira pashshaday Abu Ubaydani ta’qib qilishdan charchamas, u bo’lsa yakkama-yakka jangdan chetlanishini qo’ymasdi. Nihoyat, taqib qiluvchi niyatiga yetdi. Abu Ubaydaning ro’parasiga ko’ndalang turib olib, Allohning dushmanlariga qarshi jihod qilishdan yo’lini to’sib qo’ydi. So’qishdan o’zga iloj topolmagan mujohid qilichining bir zarbi bilan raqibining kallasini qoq ikkiga bo’lib tashladi.
“O’ziga o’zi o’lim tilab olgan kishi kim bo’ldi ekan?” deb boshingizni qotirib o’tirmang, ey muhtaram o’quvchi. Avval boshdayoq bu imtihonni inson bolasi tasavvur qilishdan ojiz deb aytmaganmidim?! Тixirligi boshiga yetgan kishi Abdulloh ibn Jarroh, Abu Ubaydaning otasi bo’lsa nima deysiz?!
Abu Ubayda otasini qatl qilgani yo’q, balki otasining shaxsidagi shirkni o’ldirdi. Shu bois Alloh subhanahu va taolo ota-bola o’rtasidagi mojaro haqida quyidagi oyatni nozil qildi:
“Allohga va qiyomat kuniga iymon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg’ambari chizgan chiziqdan chiqqan kimsalar bilan – garchi ular o’zlarining otalari yoki o’g’illari, yoki og’a-inilari, yoki qarindosh-urug’lari bo’lsalar-da — do’stlashayotganlarini topmassiz. Ana o’shalarning dillariga (Alloh) iymonni bitib qo’ygandir va ularni O’z tomonidan bo’lgan Ruh — Qur’on bilan quvvatlantirgandir. U zot ularni ostidan daryolar oqib turadigan, ularni mangu qoladigan jannatlarga kiritur.
Alloh ulardan rozi bo’ldi va ular ham (Allohdan — U zot bergan ajr-kukofotlardan) rozi bo’ldilar. Ana o’shalar Allohning xizbidirlar. Ogoh bo’lingizkim, albatta Allohning xizbi (bo’lgan zotlargina) najot topguvchidirlar!” (“Mujoda” surasi, 22-oyat).
Abu Ubaydani bu og’ir imtihondan yorug’ yuz bilan o’tishi, aytarli, ajablanarli hol emas edi. Uning Allohga bo’lgan iymoni shu qadar baquvvat, o’zi dinga shunchalik sodiq va ummat o’rtasida shu darajada ishonchga sazovor, omonatga vafodor ediki, hatto Alloh taoloning nazdida buyuk maqomga ega bo’lgan zotlar ham unga havas qilishardi.
Muhammad ibn Ja’far hikoya qiladi:
Bir kuni Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga nasroniylar guruhi kelib:
– Ya Abal Qosim, biz o’rtamizdagi molni taqsimlay olmay, bir-birimiz bilan salkam jiqqamusht bo’layozdik. Siz, musulmonlar, to’g’ri so’z, omonatdor odamlarsiz. Shuning uchun biz bilan o’zingiz ishongan odamni yuborsangiz, u bizga mollarimizni adolat bilan taqsimlab bersa, – deb iltimos qilishdi.
– Ertaga kelinglar, men siz bilan eng ishonchli odamimni yuboraman, – dedilar Rosululloh sollallohu alayhi va sallam.
Davomini Umar ibn Хattobdan eshiting:
– Ertasi kuni peshin namozini o’qishga masjidga keldim. Хudo haqqi, men umrim bino bo’lib, bironta masalada qozilik qilishni istamagandim, lekin o’sha kuni “Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning ishonchli kishisi” nomini olish uchun bu vazifani menga topshirilishini ich-ichimdan xohladim…
Rosululloh sollallohu alayhi va sallam bizga peshinni o’qib bergach, orqalariga o’girildilar. Ko’zlari bilan odamlar orasidan kimnidir izlay boshladilar. Men umid bilan bo’ynimni cho’zib qarab turardim. Rasulullohning nigohlari Abu Ubaydaga tushib, uni chaqirdilar. So’ng:
— Mehmonlar bilan borib, ular kelisha olmayotgan masalani adolat bilan hal qilib ber, – deb tayinladilar.
Men “Uloqni Abu Ubayda ilib ketdi”, deb qo’ydim.
Abu Ubayda roziyallohu anhu faqat omonatdor bo’libgina qolmay, jismonan ham nihoyatda baquvvat edilar. U zotning jismoniy quvvatlari bir necha musulmonlarga qo’l kelgan edi.
Bir kuni Rosululloh sollallohu alayhi va sallam sahoblaridan bir guruhini Quraysh qabilasiga tegishli karvonni qo’lga kiritish uchun yubordilar. Guruhga Abu Ubaydani amir qilib sayladilar va askarlarning ozuqasi uchun bir qop xurmo berdilar, Ochig’ini aytganda, o’sha paytda boshqa taomning o’zi ham yo’q edi. Abu Ubayda roziyallohu anhu butun safar mobaynida kuniga har bir kishiga bittadan xurmo berib turar, ular esa kun bo’yi xurmoni shimib, ustidan suv ichib yurishardi. Bir kecha-kunduzlik tamaddi shundangina iborat edi va bu ashoblarga kifoya qilardi.
Musulmonlar qo’shini chekinib, vaqtinchalik muvaffaqiyatdan hovliqib ketgan bir zo’ravon mushrik:
— qani Muhammad? Menga Muhammadni ko’rsatib qo’yinglar, – deb tomoq yirtib qichqirgan Uhud jangini eslang.
Shunday qaltis holatda ham Abu Ubayda joyidan jilmagandi. ‘Тo’qqiz nafar birodari bilan Rosululloh sollallohu alayhi va sallamni himoya qilish uchun mushriklarning nayzalariga ko’kragini qalqon qilgandi. Lekin bu ehtiyot choralari Rosululloh sollallohu alayhi va sallamni aziyatlardan asrab qololmadi. U zotning muborak qoziq tishlari sinib, peshonalari yorildi. Egnilaridagi titilib ketgan sovutning ikki simi lunjlariga kirib, chuqur botdi. Abu. Bakr Siddiq endi simlarni sug’urib tashlamoqchi bo’lganida Abu Ubayda:
— Azbaroyi xudo, bu ishni menga qo’yib bering, – deb iltimos qiddi.
U qo’lini ishga solsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning jonlari og’rishidan cho’chib, sovutning simini mahkam tishlab tortdi. Sim sug’urildi, lekin jon-jahdi bilan tishlash natijasida Abu Ubaydaning kurak tishi sinib ketdi. So’ng u ikkinchi kurak tishini qurbon qilish badaliga Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlaridan ikkinchi simni ham sug’urib tashladi.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bu voqeani eslaganida “Abu Ubayda kurak tishi yo’q kishlnlarning eng chiroylisidir”, deb qo’yardi.
Abu Ubayda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qatnashgan janglarning hammasida ishtirok etdi. So’nggi lahzalargacha Payg’ambar alayhissalomning eng yaqin mulozimlaridan bo’lib qoldi.
Saqif kuni (Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuni xalifa etib saylangan kun) Umar ibn Хattob:
– Qo’lingni ber, men senga bay’at qilaman, chunki Rosululloh sollallohu alayhi va sallam “Har bir ummatning o’z ishonchli kishisi bo’ladi, bu ummatning eng ishonchli kishisi sensan” degandilar, – deb Abu Ubaydaga xalifalik lavozimini taklif qilganda, u zot:
— Rosululloh sollallohu alayhi va sallam namozda imom bo’lishlikka buyurgan va to payg’ambarimiz vafot etgunlariga qadar imomgarchilik qilgan bir odam turgan joyda menga xalifalikka yo’l bo’lsin, – deb kamtarlik qilgandi.
Shundan keyin Abu Bakr Siddiqqa itoat izhor etilib, bayat qilindi. Abu Ubayda haq yo’l uzra uning xolis nasihatgo’yi, xayrli ishlarida yelkadosh yordamchisi bo’ldi. Abu Bakr xalifalikni o’zidan so’ng Umar al-Foruqqa vasiyat qilib ketdi. Abu Ubayda hazrati Umarga ham itoatda bo’ldi, sira o’zboshimchalik qilmadi. Тo’g’ri, bir marta u xalifaming buyrug’iga bo’ysunmadi.
Abu Ubayda musulmonlar amiriga itoat etishdan bosh tortgan farmon nima haqida edi?
Voqea Shom diyoriga yuborilgan Abu Ubayda ibn al-Jarroh sarkardaligi ostidagi musulmonlarning zafar yor qo’shini ketma-ket g’alabaga erishib, shomiy shaharlarni hammasini fath etib, sharqdan Frot daryosi yoqasiga, shimoldan Kichik Osiyo chegarasiga yetib kelgan paytda ro’y berdi. Shu vaqtda Shom bo’ylab dahshatli vabo tarqalib, kuniga minglab odamlarning yostig’ini qurita boshladi. Bu mudhish xabar hazrati Umarning qulog’iga chalinishi bilan Abu Ubaydaga quyidagi mazmunda maktub yo’lladi:
– “Biz mushkul ahvolga tushib qoldik. O’zing kelib yordam bermasang bo’lmaydi. Miktubim senga tunda yetib borsa, tong otishini kutib o’tirmay, yo’lga tush. Agar kunduzi yetib borsa, shu zaxoti oyog’ingni qo’lingga olib, shamolday yel”.
Abu Ubayda xatni o’qib chiqib:
– Halifaning menda qanday ishi borligini sezib turibman. U bir insonning ajalini kechiktirishga behuda urinyapti, – dedi.
So’ng qo’liga qalam olib, javob xatini yozdi:
– “Amirul mo’minin janoblari, meni nima maqsadda chaqirtirganingizni his etib turibman. Men musulmonlar qo’shinining bir askariman. Ularning boshiga ne kun tushsa, mening ham taqdirim o’shadir. Boshga tushganni ko’z ko’radi. Alloh peshonamga yozib qo’ygan ish sodir bo’lguncha, lashkardan ajralmayman. Sizdan o’tinib so’rayman, avvalgi buyrug’ingizni bekor qilib, meni shu yerda qolishimga ijozat bersangiz”.
Maktubni o’qigan hazrati Umarning ko’zlari jiqqa yoshga to’ldi. Buni ko’rib atrofdagilar xavotir ichra:
– Abu Ubayda halok bo’libdimi? – deb so’rashdi.
– Yo’q, – dedi xalifa, – lekin u o’lim bilan yuzma-yuz turibdi.
Amirul mo’minnining gumoni to’g’ri chiqdi – mudhish vabo Abu Ubaydani ham o’z domiga tortdi. O’limi yaqinlashganini sezgan sarkarda qo’shinni to’plab, ularga qarata dedi:
– Vasiyatimni tinglang, birodarlar. Aytganlarimni qabul qilsangiz, o’zingizga yaxshi. Namozni doimo ado etib boring, Ramazon ro’zasini tuting, haqdorlarga zakotu sadaqasini bering, haj va umra qiling, bir-biringizni haqqa, yaxshilikka chorlang, rahbarlaringizdan samimiy maslahatingizni ayamang, sizlarni o’tkinchi dunyo aldab qo’ymasin. Chunki inson ming yil umr ko’rsa ham hozir meni changalida tutib turgan o’likdan qochib qutulolmaydi… Sizlarga Allohning salomi va rahmati bo’lsin.
So’ng Muoz ibn Jabalga yuzlandi:
– Ey Muoz, odamlarga imom bo’lib, namoz o’qib bering.
Namozga buyurishlik Abu Ubaydaning so’ngi so’zlari bo’ldi.
Janoza namozidan keyin Muoz to’planganlarga va’z qildi:
— Musulmonlar, siz bir birodaringizdan judo bo’ldingiz. Хudo haqqi, men sofdillikda, yomonlikdan yiroq yurishda, oxiratga muhabbatda va musulmonlarga yordam berishda uning oldiga tushadigan kishini ko’rganimni eslay olmayman. Marhumning haqqiga duo qiling, ey Allohning rahmatiga sazovor bo’lgurlar!
Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning qo‘lidan tutib, “Albatta, har bir ummatning amiyni bo‘ladi. Bu ummatning amiyni Abu Ubayda ibn Jarrohdir” deganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zotus salosil g‘azoti bo‘layotgan paytda Abu Ubayda roziyallohu anhuni bir qancha qo‘shin bilan Amr ibn Os roziyallohu anhuga madad kuchi qilib yuborganlar. Abu Ubayda roziyallohu anhuning qo‘shini orasida Abu Bakr, Umar roziyallohu anhumo kabi sahobalar bor edi.
“Amiyrul umaro” laqabiga ilk bor Abu Ubayda roziyallohu anhu ega bo‘lganlar.
Abu Ubayda bo‘ylari baland, jismlari ozg‘in, yuzlari nurli, soqollari siyrak, tishlari tushgan, ya’ni oldingi ikkita tishlari tushgan inson edilar.
Umar roziyallohu anhu “Agar men vafot etayotganimda Abu Ubayda hayot bo‘lsa, uni xalifa qilib qoldiraman. Oxiratda Robbim mendan uni xalifa qilib qoldirganim haqida so‘rasa, men “Allohning amiynini va Rasulining amiynini xalifa qilib qoldirdim” deyman” deganlar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuning da’vatlari bilan islomni qabul qildilar. Bu paytda Nabiy sollallohu alayhi vasallam hali Arqamning hovlisiga kirmagan edilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu Ikkinchi Habashiston safarida ishtirok etdilar. Badr, Uhud va boshqa barcha ma’rakalarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lish uchun Habashistondan qaytib keldilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin Abu Bakr roziyallohu anhuning, undan keyin Umar roziyallohu anhuning yonida bo‘ldilar.
Dunyoni ortlariga uloqtirgan, oxirat sari yuzlangan, zohid, parhezkor, obid, omonatdor kishi edilar. U zot Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilganlaridan so‘ng shunga sodiq qoldilar va vafot etgunlaricha jonlarini, mollarini, bor imkoniyat va iqtidorlarini Allohning dinining nusrati uchun fido qildilar. Biror marta o‘z nafslarining hissasini, ulushini o‘ylamadilar.
Uhud g‘azotida Abu Ubayda roziyallohu anhu mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘ldirishga harisliklarini sezdi va o‘ziga o‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlaridan jilmaslikka so‘z berdi. Urushdagi ayrim vaziyatlar uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan uzoqlashishga majbur etardi. Uzoqda urishar ekan, ikki ko‘zi sevikligi joylashgan tarafda edi. Urushar ekan, ko‘zlarida Habibining yonlariga tezroq borish istagi va bezovtalik bor edi. Dushmanlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashib borayotganini ko‘rgach, tezda ulardan oldin Nabiy alayhissalomning yonlariga keldi. Urush rosa avjiga chiqqan paytda Abu Ubayda roziyallohu anhuning atroflarini bir nechta mushriklar o‘rab oldilar. Ular bilan urushar ekan, ko‘zi xuddi burgutning ko‘zlaridek sevikli habibining urush qilayotgan joylarida edi. Uni dushman hamon qurshab urushmoqda edi.
Bir payt Abu Ubayda roziyallohu anhu bir mushrikning otgan o‘qi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga borib tekkanini ko‘rdi. Bu manzarani ko‘rgan buyuk sahobiyning hushi boshidan uchib ketay dedi. Shu paytda atrofini o‘rab turgan dushman bilan shunaqa olishdiki, uning qo‘lida bitta emas, yuzta qilich borga o‘xshardi. Dushmanni yer tishlatib, tezda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga yugurdi. Borib qarasa, u zot alayhissalomning muborak boshlaridan chiqqan qon yuzlariga oqib tushibdi. Shu onda Nabiy alayhissalom ko‘zlarini ochib, “Nabiylarining yuzini qonga belagan qavm qanday najot topadi? Axir o‘sha Nabiy ularni Robbilari yo‘liga da’vat qilmoqda-ku!” degancha o‘ng qo‘li bilan yuzlaridagi qonni artayotgan Abu Ubaydani ko‘rdilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasaalmning ikki yanoqlariga sanchilib kirib qolgan ikki halqani ko‘rdi. Bu halqalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamining himoya kiyimlariga tegishli bo‘lib, o‘qning zarbi qattiqligidan o‘sha kiyimdagi halqalarni muborak yanoqlariga botirib, kiritgan edi. Abu Ubayda roziyallohu anhu bu holga chidab tura olmadi va muborak yanoqqa yaqinlashib, oldingi ikki tishlari bilan halqani tishlab, tortib chiqardi. Shunda uning o‘sha ikki tishi sindi.Bu voqeani bizga Abu Bakr roziyallohu anhu so‘zlab bersinlar: “Uhud kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘q otilganda, yanoqlariga kiyimlarining ikkita halqasi botib kirib ketdi. Darhol u zot sollallohu alayhi vasallam tomonga shoshdim. Bir inson ham mashriq tomondan uchib kelayotgan edi. Ikkimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga yetib kelganimizda, qarasam, u Abu Ubayda ekan. U mendan oldin yetib kelgan edi.
“Alloh haqqi, ey Abu Bakr sizdan halqalarni chiqarishni menga qo‘yib berishiningizni so‘rayman” dedi. Bu ishni unga qo‘yib berdim. Abu Ubayda halqalardan birini old tishi bilan tortdi. Halqa yerga tushdi. U bilan birga bitta tish ham tushdi. Keyin ikkinchi halqani yana bir tishi bilan tishlab, tortdi. Halqa va tish yerga tushdi. Shundan keyin Abu Ubayda odamlar orasida “ikki tishi singan” deya ataldi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Ubayda roziyallohu anhuni juda yaxshi ko‘rar edilar. Bir kuni Yamanning Najron degan joyidan bir guruh insonlar musulmon bo‘lish uchun Madinaga keldilar. Ular Nabiy alayhissalomdan o‘zlari bilan birga Qur’onni, Sunnatni va Islomni o‘rgatadigan bir kishini yuborishlarini iltimos qildilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom “Sizlar bilan o‘ta ishonchli, omonatdor, amiyn bo‘lgan kishini yuboraman” dedilar.
Voqeani Umar roziyallohu anhu davom ettiradilar: “Hech qachon amirlikni yaxshi ko‘rmadim. Ammo o‘sha kuni o‘sha ishonchli odam men bo‘lishimni orzu qildim. Peshin namoziga ertaroq keldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan peshinni o‘qiganlaridan so‘ng o‘ng taraf-chap tarafga qaradilar. Meni ko‘rmay qolmasinlar deb bo‘ynimni cho‘zib turdim. Ko‘zlari bilan izlay-izlay, oxiri Abu Ubaydaga qaradilar va “Tur o‘rningdan. Ular bilan birga borib, ixtilof qilayotgan masalalarida haq ila hukm chiqarib ber!” dedilar. Abu Ubayda ular bilan birga ketdi”.
Abu Ubayda roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida qanday yashagan bo‘lsalar, u zot alayhissalomning vafotlaridan keyin ham ishonchli kishi bo‘lib qoldilar.
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Rum imperatoriga qarshi Yarmuk jangida qo‘shinga qo‘mondonlik qilayotgan paytda Abu Bakr roziyallohu anhu vafot etdilar. U kishidan keyin xalifalik Umar roziyallohu anhuga o‘tdi. Umar roziyallohu anhu Yarmuk jangidagi qo‘shinga Abu Ubaydani qo‘mondon qilib, Xolidni mansabidan ozod etdilar. Bu haqda kelgan maktubni Abu Ubayda roziyallohu anhu Xolid roziyallohu anhuga bildirmay, yashirdilar. Urush tugagach, maktubni Xolidga ko‘rsatdilar.
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu u kishidan “Alloh sizni rahm qilsin, ey Abu Ubayda. Bu maktubni kelgan paytida menga aytishdan sizni nima to‘sdi?” deb so‘radilar.
U kishi Xolid roziyallohu anhuga “Men sizning urushingizni sindirgim kelmadi. Biz dunyo sultonligini xohlamaymiz. Dunyo uchun amal qilmaymiz. Barchamiz Alloh yo‘lida birodarmiz” dedilar. Shu bilan Abu Ubayda roziyallohu anhu “Amiyrul umaro” deyila boshladilar. U kishi Shomda Amiyrul umaro bo‘ldilar. Qo‘l ostilarida juda katta sonli qo‘shin bor edi. Ammo o‘zlari qo‘shin a’zolaridan biridek ko‘rinardilar.
Umar roziyallohu anhu Shomga borganlarida birodarlari Abu Ubayda roziyallohu anhuni so‘radilar. Birozdan keyin Abu Ubayda roziyallohu anhu yetib keldilar. Ikki do‘st quchoqlashib ko‘rishdilar. Keyin Umar roziyallohu anhu Abu Ubayda roziyallohu anhuga “Bizni uyingga olib bor” dedilar. Ikkovlari birgalashib Abu Ubaydaning uyiga bordilar. Umar roziyallohu anhu borib, uning uyidan hech narsa topmadilar. “Matoing qani? Axir sen amirsan. Men esa faqat kigiz, mesh va laganni ko‘ryapman. Uyingda taom bormi?” deb so‘radilar. Abu Ubayda roziyallohu anhu turib borib, charm idish ichidan non bo‘laklarini oldilar. Buni ko‘rib Umar roziyallohu anhu yig‘ladilar. Abu Ubayda roziyallohu anhu “Dunyodan dam olishga yetadigani kifoya qiladi” dedilar. Buni eshitgan Umar roziyallohu anhu “Ey Abu Ubayda sendan boshqa hammamizni dunyo o‘zgartirib yuboribdi” dedilar.Amvos degan joyga vabo keldi. Abu Ubayda roziyallohu anhu qo‘shin bilan birga o‘sha yerda edilar. Umar roziyallohu anhu unga vabo yetishidan qo‘rqib, maktub yubordilar. Unda ushbu so‘zlar bor edi:
“Agar maktubim kechqurun yetib borsa, tongni kutmay mening oldimga yo‘lga chiqishingni, agar tongda yetib borsa, kech kirishini kutmay mening oldimga yo‘lga chiqishingni talab qilaman. Mening senda ishim bor”.
Abu Ubayda roziyallohu anhu xalifaning maqsadlarini fahmladilar va u kishiga shunday maktub yubordilar:
“Ey mo‘minlarning amiri, menga maktubingiz yetib keldi. Maqsadingizni bildim. Men musulmonlar qo‘shinining bir a’zosiman. Ularga yetgan narsa menga ham yetadi. Meni qasdingizdan ozod qiling, ey mo‘minlarning amiri”.
Maktub Umar roziyallohu anhuga yetib kelganda, u kishi yig‘ladilar. Atrofda turganlar “Abu Ubayda vafot etibdimi?” deb so‘rashdi. Shunda Umar roziyallohu anhu “Shunga yaqin qolibdi” dedilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu o‘ttiz olti ming qo‘shinga rahbar edilar. Vabo tarqalgach, qo‘shindan olti ming kishi qoldi. Qolganlar vafot etishdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu ham shular qatorida 18-hijriy yilda “Amvos vabosi” sababli vafot etdilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh solollohu alayhi vasallam: “Albatta har bir ummatning amiyni bordir. Albatta, bizning amiynimiz, ey ummat, Abu Ubayda ibn Jarrohdir”, dedilar”.
“Amiyn” so‘zi “O‘ta ishonchli, omanatli odam” degan manoni anglatadi. Sahobalarning har-birlari amaiyndirlar. Ammo ularning o‘zlariga hos sifatlari bor bo‘lib boshqalardan ajrab turgan. Buni esa Rasululloh solollohu alayhi vasallam bilib o‘sha sifat bilan sifatlaganlar. Allohning eng oxirgi va eng mukammal dini bo‘lmish Islomga tobe ummatning amiyni bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lgan Abu Ubayda ibn Jarrohning sifatlari umr yo‘llari haqida malumot beramiz.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuning to‘liq ismlari Omir ibn Abdulloh ibn Hilol ibn Uxayb ibn Zobba ibn al- Haris ibn Fehr ibn Molikdir. U kishining nasablari Nabiy sollollohu alayhi vasallamning nasablari bilan Fihrda jamlanadi. U kishi islom olamida kunyalari va bobolari Jarrohning ismi bilan mashhur bo‘lganlar. Otalari musulmon bo‘lmagan, onalari esa Ummu G‘anam binti Jobir ibn Abdulloh ibn al-A’lo ibn Omir ibn Umayra ibn al-Vadiya ibn al-Haris ibn Fihr musulmon bo‘lgan.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu ilk musulmonlardan hisoblanadilar. U kishi Suhayb Rumiy, Ammor ibn Yosir, Usmon ibn Maz’un, Arqam ibn Abi al-Arqamlar musulmon bo‘lishlaridan avval musulmon bo‘lgan edilar. Habashistonga safar qilganlar orasida ham bo‘lganlar, ammo u yerda oz muddat turib Madinaga borganlar, Rasululloh sollollohu alayhi vasallam yonlarida turib, Alloh taoloning yo‘lida jon fidolik qilganlar.
U kishi Madinaga hijrat qilib borganlarida Kulsum ibn Hadmning uyiga tushganar. So‘ngra Rasululloh sollollohu alayhi vasallam u kishini Muhammad ibn Maslama Ansoriy roziyallohu anhuga birodar qilib qo‘ydilar.
Badrda u kishi mohir chavondoz ekanliklarini ko‘rsatganlar, Uhud kunini tarix hech qachon unutmaydi. U kun qancha yo‘qotishlar, qancha jon fidoliklar bo‘lgani islom olamiga ma’lumdir. Ayni shu kuni bizning qahramonimiz haqiqiy qahramonliklar ko‘rsatganlar. Bu haqida bizga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu so‘zlab beradilar:
“Uhud urishi kuni Rasululloh sollollohu alayhi vasallam odamlardan ajrab, yolg‘iz qoldilar. Men birinchilardan bo‘lib U zot tomon yurdim, qarasam, bir odam U zotning oldilarida himoya qilib, urishmoqda: “Talha bo‘lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin! Talha bo‘lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin”, deb borsam, orqamdan Abu Ubayda huddi qushdek uchib keldi. Birgalashib yetib borsak, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning oldilarda Talha yiqilib yotgan ekan.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Birodaringizga qarang, u haqlidir” derdilar.Shu payt Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning yanoqlariga bir narsa kelib tegib, dubulg‘aning halqasini kiritib yubordi. Uni Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan chiqarib olish uchun borgan edim, Abu Ubayda:
“Alloh hayringni bersin, Abu Bakr menga qo‘yib ber”- dedi va o‘sha kirgan narsani og‘zi bilan chiqara boshladi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga ozor bermaslik uchun tishi bilan chiqarishga harakat qildi va chiqarib oldi. Abu Ubaydaning old tishi sinib tushdi. So‘ngra men keyingisini olishga uringan edim, Abu Ubayda yana:
“Alloh hayringni bersin, Abu Bakr menga qo‘yib ber”- dedi. Yana tishi bilan chiqarib oldi. Abu Ubaydaning yana bir old tishi tushdi.” Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuni tushgan ikki tishlari umr bo‘yi u kishining Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga sadoqatlari nishoni bo‘lib qo‘ldi.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuni ta’riflagan har bir kishi “U kishi uzun bo‘yli, ozg‘in, yuzi ochiq, soqoli siyrak va ikki old tishi tushgan odam edi”, deb aytgan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu u kishini quyidagicha ta’rifalaydilar: “Qurayshdan uch kishi odamlar ichida eng ochiq yuzli, eng go‘zal hulqli, eng sobit hayolidir. Ular sen bilan gaplashsalar, yolg‘on gapirmaydilar. Sen ularga gapirsang, seni yolg‘onchi qilmaydilar. Ular- Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn Jarroh” dedilar.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam bazi sariyalarga u kishini amr qilib yuborganlar, shu sariyalardan biri Zul Qissa nomli joyga yuborilganlaridir. Bu qo‘shinda 300 kishi bor edi. Ular u yerda uzoq qolib ketishdi. Natijada ularda yemish qolmadi. Shiddatli ochlik yetdi. Hattoki ular daraxt barglarini yeyishdi. Ammo Alloh sodiq qullarini shunday tashlab qo‘yarmidi? Yo‘q albatta! Alloh taolo ularga dengizdan Anbar deyilguvchi baliqni otib chiqarib berdi. Ular bu baliqni yeb hatto semirib ham qolishgani aytilgan. Ular Madinaga qaytib voqeani Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga aytib berishganda U zot hazil bilan “Bizga ham olib kelmabsizda” degan edilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu yetuk odob egasi, buyruqqa so‘zsiz bo‘ysunuvchi hodim edilar. Hijriy 8-yili Jumadul avval oyida Zotus Salolsil sariyasi bo‘lib o‘tdi. Bu sariyaga muhojirlardan Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumlar ham chiqqan edilar ularga bosh etib Abu Ubayda ibn Jarrohni tayin qilgandilar Rasululloh sollollohu alayhi vasallam. Umuman o‘sha sariyada mazkur ikki ulug‘ sahobiylardan tashqari, ko‘pgina katta muhojir sahobalar ham bor edilar. Ammo Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ularga bosh etib aynan Abu Ubayda roziyallohu anhuni tayin qilishlari u kishini ummatning amiyni, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning oldilarida fazli ulug‘ kishi ekanliklariga yana bir ishora edi. U kishi husni xulqli, yumshoq tabiatli, tortishuvni hush ko‘rmaydigan, ko‘pchilik g‘amini yeyuvchi yuksak fazl sohibi edilar.
Najrondan elchilar kelib Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga bizga talim beruvchi bir amiyn kishini yuboring deb iltimos qildilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Najron ahli Nabiy sollolohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, bizga bir amiyn kishini yuboring”, dedilar. Bas, U zot:
“Albatta, men sizlarga amiyn kishini, amiyn bo‘lganda ham, haqiyqiy amiynni yuborurman”, dedilar. Odamlar o‘sha sharafga intildilar. U zot Abu Ubayda ibn Jarrohni yubordilar”.
Bundan ko‘rinadiki Abu Ubayda roziyallohu anhuda ustozlikning yuksak namunasi bor edi. Boshqa bir holatda ham Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ustozlikka u kishini tavsiya etganlar. Va tariflab aytgandilarki “Men ta’limingni va odobingni yaxshi qiladigan yubordim” deganlar.
Bir rivoyatda keltirilishicha Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga ichimlik keltirilganda birinchi Abu Ubayda ibn Jarrohga uzatdilar “avval sen ich deb”. Bundan ko‘rinadiki u kishining fazllari yuksak darajada ekanki, u yerda katta sahobalar ham bo‘lsalarda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam aynan u kishiga avval berib “sen ich sendan keyin men ichaman” deb aytgandilar.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam vafot etganlarida odamlar kimni halifa qilishni bilmay turishganda, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu “ Yoki Umarga, yoki Abu Ubaydaga bay’at qilinglar” dedilar. Ammo Abu Ubayda roziyallohu anhuning o‘zlari ixtilofni oldini olib haqli halifaning nomzodini yoqlab chiqdilar.
Halifalar davrida ham u kishi o‘z fazllari va hizmatlari bilan islom ummatiga ko‘p foydalar berganlar. Abu Bakr Sidddiq roziyallohgu anhu davrlarida u kishiga ko‘p maslahatlar berganlar. U kishi taqvoda sobit turgan, dinga hizmat qilishni sharaf bilgan, har ishda Allohga yaqinlikni avvalga qo‘ygan, qalbi pok sahiy, qo‘li ochiq, oxiratni dunyodan ustun qo‘ygan, qo‘liga tushgan narsani ehson qilishni sevuvchi zohid edilar.
U kishi Umar roziyallohu anhu davrlarida Shomga voliy edilar. Shomga vabo tarqalgan bir paytda Umar roziyallohu anhu u kishiga maktub yuborib shunday degandilar; “ Mening senga hojatim bor. Senda boshqa hechkim uni hal qilolmaydi. Agar ushbu maktubni olsang kechasi bo‘lsa, kechasi, kunduzi bo‘lsa kunduzi yo‘lga chiq” deydilar. Ammo Abu Ubayda roziyallohu anhu mo‘minlar amirining niyati u kishini vabo tarqagan hududdan chaqirib olish ekanini bilib quyidagicha javob yozadilar.
“Ey mo‘minlarning amiri, menga tushgan hojatingni bildim. Men musulmonlar lashkari ichidaman. Ularga yetgan narsadan o‘zimni chetga olmoqchi emasman. Alloh mening va ularning haqida O‘z hukmini qilmaguncha ulardan ajramoqchi emasman. Qachon maktubim senga yetsa, meni talabingdan halol et. Meni qolishimga izn ber”, dedilar.
Maktubni olgan Umar roziyallohu anhu qattiq yig‘ladilar. Bildilarki vabo eng yaqinlari, ummatning amiyni, amirul-umaro, sodiq hodim, har lahza din uchun yashovchi bo‘lgan maslahatchilariga ham yetmay qolmas ekan. Ha Umar roziyallohu anhuni yig‘latgan maktubdan hech qancha o‘tmay vabo u kishiga yetdi. Holatlari og‘ilashib yotib qolganlarida u kishi musulmonlarni chaqirib quyidagicha maruza qildilar.
“Namoz o‘qinglar, zakotni beringlar, ramazon ro‘zasizni tutinglar, sadaqa qilinglar, haj va umra qilinglar. Bir-biringizga va amirlaringizga nasihat qilinglar, ularni aldamanglar. Dunyo sizlarni halok qilmasin. O‘lim haq, Alloh taolo bani odamga o‘limni yozgandir. Odamlarning eng farosatlisi O‘z Robbisiga itoatkorroq bo‘lgani, qaytar kun uchun ko‘proq amal qilganidir.” dedilar.
Shundan so‘ng hijriy 18-yili boshlarida Urdun shaxrida vafot etdilar, qabrlari ham o‘sha yerda. Bu habarni eshitgan Umar roziyallohu anhu qattiq yig‘ladilar va uzoq duo qildilar. Janozalarini Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu o‘qidilar. Janoza oldidan odamlarga hutba qilib:
“Ey musulmonlar, sizlar bir kishida fojeaga uchradingiz. Men undan ko‘ra qalbi yaxshiroq, yomonlikdan uzoqroq, ko‘pchilikka hayrni yaxshi ko‘radiganroq, odamlarga nasihatgo‘yroq odamni ko‘rmaganman”, deya olaman.” dedilar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotganlarida, odamlar o‘zlaridan keyingi halifa kim bo‘lishini so‘raganlarida:
“Agar Abu Ubayda ibn Jarroh tirik bo‘lganida, o‘shani halifa qilar edim. Agar Robbim mendan u haqida so‘rasa, “Allohning amiyni, va Uning Rasulining amiynini halifa qilib qo‘ydim”, der edim”, dedilar.
Islom tarixida shijoatli va o‘ta jasur mujohid, buyuk sarkarda, odil bir inson sifatida tanilgan. Otasi Badr jangida makkalik mushriklarga qo‘shilib, musulmon qo‘shinlariga qarshi kurashgan, o‘g‘li Abu Ubayda ibn al-Jarrohni o‘ldirishga qasd qilgan, doimo uni ta’qib etgan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifalig davrlarida Shom (Suriya) fathi uchun yuborilganlar.
Abu Ubayda ibn al-Jarroh roziyallohu anhu odil, shafqatli va halim zot bo‘lganlar. Bu hol dushmanni yengishga qo‘l kelgan, Shomning urushsiz olinishiga sabab bo‘lgan.
639 yilda Shomda og‘ir, yomon kasallik (touni amvos) garqalgan. Kasallik dastlab Falastindagi Amvos qishlog‘idan chiqqan bo‘lib, bu kasallikdan bir oy ichida yigirma ming musulmon vafot etgan.
Abu Ubayda ibn al-Jarroh ham shu kasallik qurboni bo‘lganlar. Abu Ubayda ibn al-Jarroh Urdun (Iordaniya) nohiyasida vafot etganlar, qabrlari Shariat daryosining g‘arb tomoni, Amyo qishlog‘idadir. Umar (ra) o‘zidan keyin xalifalikka Abu Ubayda ibn al-Jarrohni munosib ila nomzod deb bilgan.
58 yoshlarida vafot etdilar. U zotdan bir siloh va bitta qoʻy teri poʻstindan boshqa hech narsa qolmagan edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam u zotni juda yaxshi koʻrar va hali hayotlig chog’larida jannat xushxabarini bergan edilar. Alloh u zotdan rozi boʻlsin.