islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Vatan himoyasi – muqaddas burch

Eshit endi Vatan o‘g‘li mendin nasihat,
Qabul qilsang kelur boshingga davlat.
Vatan asli seningdur O‘zbekiston,
O‘g‘izdin qolmish erdi bu guliston
.
(Alixonto‘ra Sog‘uniy)

Darhaqiqat, insondagi azaliy va abadiy, ma’naviy va axloqiy qadriyatlardan biri Vatanparvarlik – insonparvarlik, ilmsevarlik, millatparvarlik, to‘g‘riso‘zlik, vafodorlik, Vatanga muhabbat kabi hislarni o‘zida mujassam etadi. Zero, har bir insonni tug‘ilib, o‘sib-ulg‘ayib kamolga yetmog‘i uchun osoyishta bir makon – Vatan kerak.
Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, shuning uchun ota-bobolarimiz duoga qo‘l ochsa, dastavval tinchlik-omonlik, xotiri jamlik tilaydi. Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining sababchisi ham osoyishtalikdir. Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi vasallam) hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”.
Barchamizga ma’lumki, barcha taraqqiyotlar – xoh iqtisodiy, xoh ma’naviy, xoh ijtimoiy, xoh ilmiy taraqqiyot bo‘lsin, uning negizida tinchlik turadi. Shu sababdan, tinch, osoyishta makon, solih jamiyat va albatta ozod, qudratli Vatan hamda farovon turmushda umr guzaronlik qilish har bir insonning orzusi. Ammo, bu orzu o‘z-o‘zidan amalga oshadigan narsa emas. Vatanimiz fuqarolarini har birini bunday orzusini amalga oshirmoq uchun yurtimiz sarhadlarini daxlsizligini ta’min etib turgan fidoyi kasb egalari borki, ularning og‘ir va mashaqqatli mehnatlari evaziga bugun yurtimizning tinchligi, turmush farovonligi, bu zaminda yashayotgan har bir inson manfaati to‘liq ta’minlangan. Shaharu qishloqlar, mahallayu ko‘chalar, hovli va uy-joylarimizni, o‘quv yurtlarimiz va ish joylarimizni pok-ozoda hamda obod va go‘zal qiyofada bo‘lishi turmushimiz obodligining isbotidir.
Darhaqiqat, tinchligimiz, osoyishtaligimiz, barakali mehnat qilishimiz, farzandlarimiz o‘sib-ulg‘ayishlari, komil inson bo‘lib yetishishlarida, shubhasiz Vatan himoyachilarining o‘rni, shijoati va jangovar ruhi beqiyosdir. Qalbi Vatanga muhabbat hissi bilan nurafshon o‘g‘lonlarimiz yurtimiz sarhadlarini kecha-yu kunduz sergaklik bilan qo‘riqlamoqdalar. Ularning bu bedorliklari naqadar savobli ish ekani haqida janob payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar:
عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّار : عَيْنٌ بَكَتْ في جَوفِ الْلَّيْل خَشِيْةً لِلَّهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهُِ. رواه الترمذى
ya’ni: “Kechalari Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘zni va Alloh yo‘lida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan ko‘zni do‘zax otashi kuydirmaydi”. Imom Termiziy rivoyati.
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam boshqa bir hadislarida esa bunday deb marhamat qiladilar:
مَنْ رَابَطَ يَوْمًا اَوْ لَيْلَةً فىِ سَبِيلِ اللهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ صِيَامِ شَهْرِ وَقِيَامِهِ
وَمَنْ مَاتَ مُرَابِطاً جَرَى لَهُ مِثْلُ ذلِكَ الْأَجْرِ وَاُجْرِىَ عَلَيْهِ الرِّزْقُ وَاَمِنَ مِنَ الْفَتَّانِ ”
ya’ni: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”. (Imom Nasoiy rivoyati.)

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اصْبِرُوا وَصَابِرُوا وَرَابِطُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
 Ey iymon keltirganlar! Sabr qiling. Sabr ila g‘olib keling. Kurashga bel bog‘lab turing. Allohga taqvo qiling. Shoyadki yutuqqa erishsangiz. (Sabr ila g‘olib kelish muhim narsa, chunki qarshi taraf ham o‘ziga yarasha sabrlidir. Demak, ikki tomonning sabrlari kurashida mo‘minlarning sabri g‘olib kelishi kerak. Buni shar’iy istilohda «musobara» deyiladi. Biz «kurashga bel bog‘lab turing» deb tarjima qilgan ibora esa, «murobata» deyilib, ibodat joyida yoki musulmonlarni dushmandan himoya qilish joyida bardavom bo‘lish ma’nosini beradi.)

Vatan himoyachisi bo‘lish yanada sharafli burch bo‘lsa, yurtning tinchligi va xafvsizligi uchun kurashish esa yurtimizning har bir fuqarosining burchidir.
Yoshlar qalbida milliy va diniy qadriyatlar asosida “O‘zbekiston-yagona Vatan” degan tushunchani shakllantirib, yoshlar tafakkurida o‘zlikni anglash, tarixiy xotiraga sadoqat,
muqaddas qadriyatlarni avaylab-asrash, vatanparvarlik kabi his-tuyg‘ularni kamol toptirish, mute’lik, loqaydlik, befarqlik kabi illatlardan poklash bugungi kunning eng ustivor vazifalaridan hisoblanadi.
Yoshlarni vatanparvar va millatparvar qilib tarbiyalash milliy g‘oyamiz mafkuralaridan bo‘lib, “Milliy istiqlol g‘oyasi” tamoyillari – milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat; erkinlik va bunyodkorlik g‘oyalari ustuvorligi; vatanparvarlik va insonparvarlik; boy ma’naviy va madaniy merosni avaylab-asrash va kelajak avlodga yetkazish; hamkorlik va do‘stlik aloqalari; mamlakatda fuqarolar va millatlararo totuvlik; ijtimoiy barqarorlik, xalq farovonligi va shu kabi boshqa milliy va umuminsoniy g‘oyalarga asoslangan. Yurtimizdagi bugungi tinch va osoyishta, bunyodkor hayot, barqaror taraqqiyot bunday yondashuvning naqadar to‘g‘ri bo‘lganini va uzoqni ko‘zlaganini tasdiqlab bermoqda.

TII Modul ta’lim tizimi talabasi To‘raqo‘rg‘on tumani “Is’hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Sufiyev Ja’farxon

358621cookie-checkVatan himoyasi – muqaddas burch

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: