islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Fatvo so‘zi lug‘atda: إفتاء – يفتي – أفتي Afta-yuftiy, iftaan: “Fatvo chiqarish, muftiyning vazifasi” ma’nosida bo‘lib, har qanday savolga hoh u shar’iy  savol bo‘lsin yoki dunyo hukmlariga aloqador bo‘lsin javob qilmoq.

Fatvo ulamolar nazdida uch qismga bo‘linadi:

1) Shar’iy fatvo – Rasululloh sollallohu alayhi vassalamning davrida paydo bo‘lgan yoki so‘ralgan savolga Shori’ning Qur’oni karim yoki Nabiy alayhissalomning hadislari orqali javob berish.

Bu qismga Qur’oni karimdan misollar:

وَيَسْتَفْتُونَكَ فِي النِّسَاءِ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِيهِنَّ

Va sendan ayollar borasida haqida fatvo so‘rarlar. “Alloh sizga ular haqida hamda … fatvo beradi”, – deb ayt. (Niso surasi. 127-oyat).

يَسْتَفْتُونَكَ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِي الْكَلَالَةِ…

(Ey Muhammad!) Sizdan fatvo so‘raydilar. Aytgin: “Alloh sizlarga otasi ham, farzandi ham bo‘lmagan odam to‘g‘risida (shunday) fatvo berur”…. (Niso surasi. 176-oyat).

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْأَنفَالِ قُلِ الْأَنفَالُ لِلَّهِ وَالرَّسُولِ فَاتَّقُوا اللَّهَ وَأَصْلِحُوا ذَاتَ بَيْنِكُمْ وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ إِن كُنتُم مُّؤْمِنِينَ

Sendan o‘ljalar haqida so‘rarlar. Sen: “O‘ljalar Alloh va Rasulinikidir. Bas, Allohga taqvo qilinglar va o‘z oralaringizni isloh etinglar. Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga va Uning Rasuliga itoat qilinglar”, – deb ayt. (Anfol surasi. 1-oyat).

Rasululloh sollolohu alayhi vassalamning hadisidan misol:

عن ابن عباس رضي الله عنهما، أن امرأة من جهينة، جاءت إلى النبي صلى الله عليه وسلم، فقالت: إن أمي نذرت أن تحج فلم تحج حتى ماتت، أفأحج عنها؟ قال: «نعم حجي عنها، أرأيت لو كان على أمك دين أكنت قاضية؟ اقضوا الله فالله أحق بالوفاء» رواه البخاري

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Juhaynalik bir ayol Nabiy sollallohu alayhi vassalamning huzurlariga kelib “mening onam haj qilaman deb nazr qilib, haj qilishdan oldin vafot etdi. Uning nomidan haj qilaymi?, deb so‘radi”. Shunda U zot: “ha, uning nomidan haj qil. Agar uning zimmasida qarz bo‘lsa ado qilarmiding, Allohga haqlarni ado qilinglar, Alloh vafo qilishga haqliroq”,  deb javob berdi.

Bu turdagi fatvo Rasululloh sollallohu alayhi vassalamga vahiyning kesilishi bilan to‘xtagan.

2) Fiqhiy fatvo – maxsus hodisa borasidagi savolning javobi bo‘lmagan yoki muayyan juzga aloqador bo‘lmasdan umumiy savolning javobi borasida fuqaholardan biri aniqlagan fatvo hisoblanadi. Bu qismda faqih u borasida so‘ralmagan maslaalar borasida tasavvur qilib, masalalarni hukmni shar’iy dalillardan istinbot qiladi, kitob, risola, umumiy savolning javobi shaklida, yoki faraziy savol javobi shaklida bayon qiladi. Misol uchun: muayyan voqeaga hukmni bog‘lamasdan, xotiniga seni bo‘shatdim yoki qo‘ydim deb aytgan kishining hukmi qanday bo‘ladi, tarzida keltiradi.

3) Juz’iy fatvo – fiqhning umumiy qoidalarini ma’lum bir juz’iy masalaga qolib qilib, muayyan voqea haqida so‘ralgan savolning javobi hisoblanadi. Misol uchun: o‘zidan ota-ona, xotin, o‘g‘il va qiz qoldirib, merosi qanday taqsim qilinishi borasida muayyan kishi haqida so‘ralayotgan savolga berilgan javob.

Fatvo kalimasi garchi fiqhiy fatvo qismiga tegishli bo‘lsa ham, asosan juz’iy fatvo qismini qamrab oladi.

Toshkent islom instituti talabasi

Jalolxonov Abbosxon

429830cookie-checkFatvo turlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: