Germaniyaga Islom dini XVI-XVII asrlarda yoyila boshladi. Bunga Usmonlilar sultonligi bilan diplomatik, harbiy va iqtisodiy munosabatlar zamin yaratdi. XVIII asr boshlarida Prussiya qiroli Fridrix Vilhelm I qoʻshinida musulmon askarlar xizmat qilgani tarixdan maʼlum. 1745-yili qirol Fridrix II boshnoq, alban va tatarlardan iborat musulmon lashkariy boʻlinmasini tuzgan.
Germaniyadagi ilk masjid 1915-yili Berlinning Vunsdorf tumanida ochildi. 1922-yili Berlin Islom uyushmasiga asos solindi, u 1930-yili Olmon musulmonlari idorasiga aylandi. 1927-yili musulmonlar oliy taʼlim muassasasi – Maʼhadul Islom ish boshladi. Bu institut hozir Germaniya markaziy islomiy arxiv instituti deb ataladi.
Ikkinchi jahon urushidan soʻng mamlakatda ishchi kuchiga talab keskin oshdi. Chunki urush tufayli aholining mehnatga yaroqli qismi juda kamayib ketgan, bolalar, yarador va nogironlar esa katta hajmdagi ishni bajara olmasdi. 1961-yildan boshlab Gʻarbiy Germaniya hukumati xorijiy ishchilarni mamlakatga taklif etdi. Turkiya, Marokash va Tunisdan kelgan mehnat muhojirlarining aksariyati musulmonlar edi. Ikki Germaniya birlashgach, Yugoslaviya, Livan, Falastin va Afrika mamlakatlari vakillari ham oʻlkada qoʻnim topdi. Mahalliy aholi orasida Islom dinini qabul qilganlar koʻpaydi. Bugun Germaniyada besh millionga yaqin musulmon yashaydi.
Germaniya musulmonlari asosan sunniylik mazhabida. Mamlakatda 2500 dan ortiq namozxona, 240 ta masjid faoliyat yuritadi. 2008-yil kuzida Duysburgda ochilgan masjid nafaqat Germaniyadagi, balki butun Yevropadagi eng katta masjiddir.
Quyi Saksoniya kriminologiya tadqiqot instituti (KFN) tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, musulmon talabalarning aksariyati (67,8 foiz) Qur’on qoidalari Germaniya qonunlaridan muhimroq, deb hisoblaydi. Respondentlarning deyarli yarmi (45,8 foiz) islom teokratiyasi boshqaruvning eng yaxshi shakli degan qarorga kelgan.
Germaniyada o‘quvchilarning ota-onalari ko‘proq maslahat markazlariga murojaat qilmoqda, chunki ularning nasroniy farzandlari maktabda ajralib qolmaslik uchun islom dinini qabul qilishni xohlaydi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Germaniyada musulmon bolalar soni keskin oshgan. Yirik shaharlardagi maktablarda nasroniy o‘quvchilar soni kamaygan.
Oxirgi sakkiz yil ichida immigratsiyaning yuqori darajasi tufayli maktablarda musulmon o‘smirlar va bolalar ulushi sezilarli darajada oshdi. Bundan tashqari, ko‘plab bolalar qat’iy dindor oilalardan keladi: xususan, bular ko‘pincha Suriya, Afg‘oniston va Iroqdan kelgan muhojirlardir.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimi ba’zi maktablardagi musulmon o‘g‘il bolalar o‘zini “g‘arbcha” tutadigan qizlarga “bosim o‘tkazishini” da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning ishlari ko‘pligi sababli bunday vaziyatlarga munosabat bildirishga vaqtlari yo‘q.
Germaniyaning Berlin, Frankfurt yoki Essen kabi yirik shaharlarida musulmon o‘quvchilar ulushi 80 foizdan oshgan maktablar mavjud.
TII “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi
o‘qituvchisi Sh.Badiyev