islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Hazrati Ali va Fotima onamizning nikohlari

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Oyishaga (roziyallohu anhu) uylanganlaridan keyin sahobalardan Fotimaga sovchilar kela boshladi. Fotima otalarining xizmatlarida turgani bois sahobalar shu paytgacha bunga jur’at qila olishmagan edi.

Avvalo, Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) va keyinroq Hazrati Umar (roziyallohu anhu) og‘iz soldilar. Lekin Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) buyuk bir nazokat ila uzr bayon qildilar. Hazrati Umar (roziyallohu anhu) bu sharafni Hazrati Aliga (roziyallohu anhu) loyiq ko‘rib, taklifini unga aytdilar. Ammo Hazrati Ali:
«Hazrati Abu Bakr va hazrati Umardek zotlarga rad javobini bergan Rasululloh mening taklifimni qabul qilishlari mumkinmi?» degan andishada edi. Hazrati Umar (roziyallohu anho) Hazrati Alini Nabiyning (alayhissalom) kuyovi bo‘lishga eng munosib zot ekanliklariga ishontirdilar.
Hazrati Ali (roziyallohu anhu) Payg‘ambar (alayhissalom) huzurlariga bordilar. Ammo uyalganlaridan ziyorat sababini ayta olmadilar. Shunda Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) :
«Abu Tolib o‘g‘lining qanday ehtiyoji bor ekan?» dedilar. Bo‘lajak kuyov tortina-tortina gap boshladilar:
«Rasulullohning qizlari Fotimaning qo‘lini so‘rab keldim». Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) muborak chehralarida mamnuniyat hislari namoyon bo‘ldi.
Ertasiga Hazrati Ali (roziyallohu anhu) takror Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bordilar. Nabiy (alayhissalom):
– Mahr uchun yoningizda biron narsa bormi? – deya so‘radilar. Ali (roziyallohu anhu):
– Yo‘q, ey Rasululloh, – dedi.
– Falon kuni sizga bir zirh bergan edim, o‘sha qani? Hazrati Ali (roziyallohu anhu) xursand bo‘lib:
– O‘zimda turibdi, ey Nabiyulloh, – dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sarpo, sovg‘a-salom olishlari uchun uni sotishga buyurdilar. Hazrati Usmon (roziyallohu anhu) zirhni 470 dirhamga xarid qildilar.
Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) pulning bir qismini xushbo‘yliklar olish uchun Bilolga (roziyallohu anhu) qolgan qismini Ummu Salamaga berib, Fotima uchun kiyim-kechak xarid qilishni buyurdilar.
So‘ngra Sarvari olam (alayhissalom) Anas (roziyallohu anhu) orqali Hazrati Abu Bakr, Umar, Usmon, Talha, Zubayr va ansorlardan yana shuncha kishini huzurlariga chorladilar. Fotimaning qoshiga borib:
«Ey Fotima! Ali senga uylanmoqchi, bunga nima deysan?» dedilar. Muhtarama qizlari qattiq hayo va ibolari bois sukut saqlab, hech qanday javob bermadilar. Bu esa rozilik alomati edi. Bu asnoda chaqirilgan sahobalar ham yetib kelishdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ularga shunday dedilar:
– Tanho hamdu sanoga loyiq, qudrati ila butun mavjudotni yaratgan Allohga behad shukrlar bo‘lsin. Shubhasiz, Alloh taolo oila qurishni va qarindosh-urug‘larni hurmatlashni amr etdi: «U suvdan – nutfadan insonni yaratib, so‘ng uni nasl-nasab egasi va quda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Darhaqiqat, Parvardigoringiz (har ishga) qodirdir» (Furqon, 54) Endi maqsadga kelsak, Haq taolo amriga ko‘ra, Fotimani Aliga nikohlab beraman. Agar rozi bo‘lsa, to‘rt yuz misqol kumush evaziga vojib bir amal va qoim bir sunnat ila Fotimani Aliga uzatayotganimga sizlarni shohid qilyapman. Alloh ularning mol-dunyolariga baraka berib, nasllarini aziz qilsin. Mana shuni sizlarga ma’lum qilib, o‘zimga va barchangizga Allohdan mag‘firat tilayman».
So‘ngra Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bir tovoq xurmo keltirib, mo‘tabar mehmonlarga tortiq qildilar. Bu orada Hazrati Ali (roziyallohu anhu) ham yetib keldilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tabassum ila:
«Ey Ali! Men to‘rt yuz misqol kumush evaziga Fotimani senga nikohladim», dedilar. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) shukr sajdasini ado qildilar. Sarvari koinot (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Ali va Fotimaning haqqiga: «Alloh oilangizga baraka va xursandchilik bersin. Sizlarga solih farzandlar ato etsin», deb duo qildilar.

TII 3-kurs talabasi
Ibrohimov Bahodir

419121cookie-checkHazrati Ali va Fotima onamizning nikohlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: