Muhammad Tohir ibn Oshur o‘zining sermahsul hayoti davomida arab va islom ummatining tarixiy burilish davriga guvoh bo‘ldi. XIX asrning oxiri va XX asrning birinchi yarmi arab mamlakatlari va umuman islom dunyosi uchun siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, diniy va madaniy sohalarda chuqur inqiroz va o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Bu davrda yirik mustamlakachilik davlatlarining arab diyorlariga nisbatan agressiv siyosati kuchayib, mintaqaning katta qismi bevosita yoki bilvosita ularning nazoratiga o‘tdi. Siyosiy parokandalik, milliy ozodlik harakatlarining shakllanishi, an’anaviy ijtimoiy tuzilmalarning yemirilishi va modernizatsiya jarayonlarining ziddiyatli kechishi bu davrning xarakterli xususiyatlari edi...