Mahmudhoja Behbudiy – millatni uyg‘otish, ilm-ma’rifatni yoyish va Turkistonni mustamlaka zulmidan qutqarish yo‘lida jon fido qilgan ulug‘ jadidlardan biridir. U kishi:
“Bizni qutqara oladigan birdan-bir narsa – ilm va ma’rifatdir” deya ilmning hal qiluvchi ahamiyatini ta’kidlaganlar. Bugungi kunda ham bu fikr o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Agar millat ravnaq topishini istasak, avvalo ilmga suyanishimiz shartdur”.
Behbudiy ta’lim tizimini isloh qilishga katta e’tibor berganlar, eski maktablarni yangilash va ilmni xalq ichiga olib kirish uchun fidoyilik ko‘rsatganlar. U o’zi ta’sis etgan “Oyna” gazetasida bunday degan:
“Maktab – nur, maktab – hayot. Ilm nursiz bo‘lsa, millat zulmat ichra qolur” (1914-yil, 24-son).
Bugungi kunda ham eng muhim masala – ilmning rivojlanishidir. Maktablarimiz nafaqat dunyoviy fanlarni o’qitadigan balki harom va halolni chuqur o‘rgatuvchi ilm va tarbiya maskaniga aylanishi lozim.
Behbudiy tanqidiy tafakkurni rivojlantirishga alohida urg‘u berganlar. U kishining so‘zlari:
“Johillik – eng katta dushmandir. Kimki aql yuritmay, har narsaga ko‘r-ko‘rona ishonsa, u mutelikdan qutula olmaydi” (“Oyna” gazetasi, 1913-yil, 6-son).
Bugungi kunda biz har qanday ma’lumotni tekshirib, ishonchli manbalarga asoslanib xulosa chiqarishimiz kerak. Yolg‘on axborot, bid’at va johillikning oldini olishning yagona yo‘li – ilmiy yondashuv va mustaqil fikrlashdir.
U kishi milliy o‘zlik va vatanparvarlik masalasini ko‘p bora tilga olganlar:
“Milliy g‘urur yo‘q joyda millat ham yo‘qdir. Millatni sevgan odam, uning kelajagi uchun qayg‘urishi shart” (“Padarkush”, 1913, 47-bet, “Turkiston” nashriyoti).
Bugun biz o‘zbek tilini, tarixini, madaniyatini himoya qilishga, asrab-avaylashga harakat qilishimiz kerak. Milliy qadriyatlarimizni hurmat qilish, ona tilimizni rivojlantirish va uni boshqa tillar soyasida qolishiga yo‘l qo‘ymaslik ayniqsa biz tolibi ilmlarning burchimizdir.
Behbudiy Turkistonda matbuotning ahamiyatini birinchilardan bo‘lib tushungan va “Oyna” gazetasini tashkil etganlar. U zot shunday yozadilar:
“Matbuot – millatning ko‘zi va qulog‘idir. Agar matbuot so‘zlamasa, millat ham kar va ko‘r bo‘lib qolur” (“Oyna”, 1914-yil, 15-son).
Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlarning kuchi beqiyos. Biz bu imkoniyatlardan foydalanib, haqiqatni yetkazishimiz, millatimiz manfaatlariga xizmat qiladigan axborotlarni tarqatishimiz kerak.
Behbudiy faqat gap bilan emas, amaliy ish bilan millatga xizmat qilganlar. U kishi maktablar ochganlar, gazeta chiqarganlar, dramalar yozganlar, islohotlar uchun kurashganlar. U zotning hayotlari biz uchun katta ibratdir:
“Millatni so‘z emas, amal qutqarur. Har kim millat uchun oz bo‘lsa ham, bir ish qilsa, u eng ulug‘ odamdur” (“Oyna” gazetasi, 1915-yil, 30-son).
Shuning uchun biz ham faqat shiorlar bilan cheklanib qolmasdan, ilm o‘rganishimiz, yoshlar tarbiyasiga e’tibor qaratishimiz va vatanimiz uchun fidokorlik bilan xizmat qilishimiz lozim.
Mahmudho’ja Behbudiy g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. U kishining yo‘li – ma’rifat, adolat va vatanparvarlik yo‘lidir. Behbudiy millat uchun o‘z hayotlarini bag‘ishlaganlar, biz esa u kishining orzularini ro‘yobga chiqarishimiz shart. Bugungi kunda biz ilm-ma’rifatga intilish, mustaqil fikrlash, milliy g‘ururni himoya qilish va amaliy ishlar bilan vatanimizga xizmat qilish orqali Behbudiy hazratlarining izidan borishimiz lozim ekanligi har bir o’zini ilm tolibiman degan talabani haraktga, g’ayratga chorlashi kerak.
Shamsiddin BURXONIDDINOV,
TII 4-kurs talabasi