Ma’lumki, hozir biz yashab turgan vaqtga kelib, xalqimiz musulmonlarini qanchadir ma’noda diniy savodini oshirish va ularni shariatimiz, hanafiy mazhabimizni hukmlarini o‘rganishlari uchun arab tilidagi mo‘tabar kitoblarimiz xalqchil uslubda yetuk ulamolarimiz tomonlaridan tarjima qilindi va qilinmoqda ham. Allohga hamdlar bo‘lsin!
Lekin shunday bo‘lsa-da, ba’zi masalalarda xalqimiz orasida e’tiborsizlik, layoqatsizliklar uchrab turibdi. Shulardan biri, zimmalariga idda lozim bo‘la turib, bunga befarqlik qilayotgan ayollar, yoxud erkaklar ham bor.
Mana shu masalaga yechim o‘laroq, ushbu maqolani garchi manfaati oz bo‘lsa ham, yozishga harakat qildim.
Ma’lum holatlardan: hozirgi kunimizda turli xil tashkilot va idoralarda ishlaydigan ayollar, eri bilan birga xorijga safar qilgan ayollar, hattoki, idda vaqtida bilib yoki bilmasdan boshqa erga nikohlanib ketish holatlari ham yo‘q emas. Bu albatta eng achinarli holatdir. Shu e’tibordan bunday ayollarga idda lozim bo‘lib qolsa, yoki boshqaga nikohlanib olgan bo‘lsa, nima qilishlari kerak aslida? Bu muammolarga quyida to‘xtalib o‘tamiz.
Albatta, idda ham Qur’oni Karim oyatlari va hadis sharif bilan sobit bo‘lgan hukmdir.
“Idda” so‘zi lug‘atda “sanash”, “hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda esa, ayol kishi erining vafotidan keyin yoki eri bilan ajrashgandan so‘ng saqlashi lozim bo‘lgan muddatga aytiladi.
Bugun zamonamiz taqozo qilib turgan holatlarni e’tiborga olgan holda, (ya’ni quldorchilik davrida cho‘rilarni, balog‘atga yetmagan erni o‘lishidan keyingi idda yoki shunga o‘xshash bir qancha holatlar bugungi kunimizda uchramasligi e’tiboridan) idda lozim bo‘lgan ayollarning holatlari quyidagicha:
- Eri o‘lgan ayol (hayz ko‘radigan yoki ko‘rmaydigan)
- Eri o‘lgan yoki eridan ajrashgan homilador ayol
- Eridan ajrashgan hayz ko‘radigan ayol
- Eridan ajrashgan hayz ko‘rmaydigan, hayz ko‘rishdan umidi uzilgan ayol va boshqalar
Bularning hukmlari quyidagicha:
Eri o‘lgan ayol (hayz ko‘radigan yoki ko‘rmaydigan). Alloh taolo “Baqara” surasi 234-oyatida “Sizlardan eri vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy-u o‘n kun kutadilar…”, deb marhamat qilgan.
Shunga muvofiq bu holatdagi ayollar 4 oy-u 10 kun idda o‘tirishi lozim. O‘lim iddasida er o‘lgan kundan hisoblash boshlanadi.
Vafot iddasida o‘tirgan ayol kunduzi to kech kirguniga qadar tashqariga chiqishi mumkin. Ammo, idda saqlashi lozim bo‘lgan manzilida tunaydi.[1] Chunki, eri o‘lgan ayol, taloq qilingan ayoldan farqli o‘laroq, o‘zini o‘zi nafaqa bilan ta’minlashga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun, uyidan chiqishga majbur bo‘ladi.[2] Raj’iy yoki boin taloq qilingan ayollarning nafaqalari esa, taloq qilgan erning zimmasiga vojib bo‘ladi. Taloq iddasida o‘tirgan ayollar uylaridan aslo chiqmaydi. Bu hukm “Taloq” surasini birinchi oyatidan olingan. Bugungi kun holatlariga qarasak, er-xotin tortishib qolishsa, er uni uyidan chiqarib yuborishga shoshiladi. Ayol ham bu holatda narsalarini yig‘ishtirib ota-onasinikiga ketishga urinadi. Bu ham noto‘g‘ri. Aslida erni chiqarib yuborishga, ayolni esa, ketib qolishga haqqi yo‘q. Taloqdan keyin esa, mutlaq mumkin emas. Shuni erlar ham yaxshi bilib olishlari lozim. Mana shu bizning mazhabimiz ko‘rsatmasidir. Bu “Majma’ul Maqsud”da ham zikr qilingan
Eri o‘lgan yoki eridan ajrashgan homilador ayol, homilasini tiqqunigacha idda o‘tiradi.
Bu hukm “Taloq” surasining 4-oyatiga ko‘radir. Ya’ni, “…Homiladorlarning iddasi homilalarini qo‘ymoqlikdir…”, deyilgan. Oyatning hukmi mutlaq bo‘lgani uchun Eri o‘lgan yoki eridan ajrashgan homilador ayolning iddadagi hukmi bir xil bo‘ladi.[3]
Eridan ajrashgan hayz ko‘radigan ayolning iddasi “Baqara” surasi 228-oyatida bayon qilingan. “Taloq qilingan ayollar uch quru’ kutadilar…”. Oyatdagi “Quru’” lafzi bizning mazhabga ko‘ra “hayz”, deb olingan. Ya’ni, hayz ko‘radigan ayol eridan ajrashdimi, uch hayzdan pok bo‘lgunicha idda o‘tiradi. Bunda ayol raj’iy yoki boin taloq bo‘lishini farqi yo‘q. Buning muddati (qancha vaqtga cho‘zilishi) har bir ayolning o‘zini oy ko‘rishi odatiga ko‘ra, har-xil bo‘ladi. Taloq iddasi boshlanishi, agar ayol poklikda taloq qilingan bo‘lsa, birinchi hayzidan boshlanadi, to uch hayzdan pok bo‘lgunicha. Agar hayzli holatida taloq tushgan bo‘lsa, taloq tushgan hayzi hisoblanmaydi. Balki, keyingi hayzdan hisoblanadi. Albatta, bunda ayollarga katta aziyat bor. Shuning uchun shariatimiz hayz holatda taloq qilishdan qattiq qaytargan.
Eridan ajrashgan hayz ko‘rmaydigan, hayz ko‘rishdan umidi uzilgan ayolning iddasi “Taloq” surasi 4-oyatida “Ayollaringizdan hayzdan noumid bo‘lganlarining iddasi, agar shubhangiz bo‘lsa, uch oydir. Hayz ko‘rmaganlariniki ham….”, deb bayon qilingan.
Hayz ko‘rmaydigan ayollarning iddasi taloq tushgan kundan boshlab to‘liq uch oy hisoblanadi.
Eri taloq qilgan xotin taloq qilingan vaqtda, eri o‘lgan xotin eri o‘lgan vaqtda istiqomat qilib turgan joyida idda o‘tiradi. Hozirgi vaqtda shaharlarda yashovchilar ko‘pi ijarada yashaydi. Shu e’tibordan agar o‘tirgan uyi ijarali bo‘lsa, uning ijara haqqini topolmasa, ayol u uydan chiqishi mumkin. Agar o‘sha ijarali uyidan chiqsa, qaysi joyni xohlasa, o‘sha yerga boradi. Chunonchi bu “Jomi’ ur-rumuz” da zikr qilingan.[4]
Agar xotin eridan bir boin yoki uch taloq bilan ajrashgan bo‘lsa, idda o‘tirgan vaqtda o‘rtalarini to‘sib olishlari lozim bo‘ladi. Agar er harom-halolga e’tibor qilmaydigan fosiq kishi bo‘lsa, ayol mana shu uzr sababli o‘sha uydan chiqishi mumkin, erning o‘zi chiqib ketishi esa, yaxshiroq bo‘ladi. Lekin ayol ko‘chib chiqqan joyidan ham uzrsiz hech qayerga chiqmaydi.[5]
Ma’lumki, bugungi kunimizda er-xotinlar birga turli yurtlarga ish, tijorat maqsadida safar qiladilar. Agar safar qilgan joylarida o‘rtalarida ajrim yoki erni vafot etishi sodir bo‘lsa, ayolning idda masalasi nima bo‘ladi? degan savol bo‘lishi tabiiy. Bu masala quyidagicha: bu ikki holatda ham ayol qaraydi, agar o‘zining yurtidan yoki borishi qasd qilgan shahridan birining uzoqligi uch kecha-kunduzlik yo‘l bo‘lsa, va ikkinchisini uzoqligi uch kecha-kunduzlik yo‘ldan ozroq bo‘lsa, masofasini qisqa tarafga boradi. Va o‘sha yerda idda saqlaydi. Agar oradagi farq tafovutli bo‘lmasa qaysinisiga borishga ixtiyorli bo‘ladi. Lekin o‘z vataniga qaytmog‘i yaxshiroq.[6]
Darhaqiqat, bugungi kunda umra safariga borishga turli xil imkoniyatlar ko‘paydi. Shu o‘rinda aytish kerakki, eri raj’iy taloq qilgan ayol farz bo‘lgan haj yoki umra safariga ham chiqa olmaydi. Hattoki, eri bilan yoki boshqa mahramlari (aka-ukasi, otasi, amaki-tog‘alari, o‘g‘li, nabiralari va hokazo) bilan bo‘lsa ham, mumkin emas. Qachonki, iddasi tugasa yoki eri raj’at qilsa (ayoli bilan yana birga yashashini bildirsa) mumkin bo‘ladi. Boin taloq iddasidagi ayollar ham xuddi shunday bo‘ladi. Iddalik ayollarni yuqorida aytilgan uzrlarsiz chiqishining hukmi haromdir.[7]
Yuqoridagi muammolardan biri, agar ayol idda vaqtida boshqa erga nikohlanib olgan bo‘lsa, uning nikohi buziladi va oralari ajratib yuboriladi. Afsuski,bunday holatlar ham yo‘q emas.
Aslida, iddadagi ayolga sovchi qo‘yilmaydi, faqat ishora bilan bo‘lsa, zarari yo‘q. Ya’ni, shama qilib, unga uylanishga ishora qiladigan kinoya so‘zlar aytsa bo‘ladi. Buni dalili “Baqara” surasi 235-oyatida bayon qilingan. “Idda o‘z muddatiga yetmagunicha, nikoh bog‘lashni qasd qilmang”.
Qolaversa, boin taloqdan va o‘limdan keyin idda o‘tirgan ayol balog‘atga yetgan, oqila va muslima ayol bo‘lsa, zebu ziynatni, za’faron va sariqqa bo‘yalgan kiyimlar kiyishni, uzrsiz moy (xushbo‘y), xino, xushbo‘ylik va surma surtishni tark qilish ila aza tutadi.[8] Raj’iy taloq iddasidagi ayol bundan mustasnodir. Chunki, ayol ziynatlanib, chiroyli bo‘lib yursinki, eri yana unga qaytishga o‘zida qiziqish topsin.
Xulosa o‘laroq, ulamolarimiz aytadilarki, islom shariat nimani buyurib, nimadan qaytargan bo‘lsa, albatta buning zamirida hikmatlar talayginadir. Shunga ko‘ra, iddada ham hikmatlar bisyor. Ulamolarimiz ba’zilarini keltiradilar.
Birinchisi, eridan ajragan ayol homiladormi, yo‘qmi ekanligi aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralashib ketishining oldi olinadi.
Ikkinchisi, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.
Uchinchisi, er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi. Va bu hikmatlar dunyo tibbiyot olimlarini ham lol qoldirgani shubhasiz.
Alloh, eng yaxshi Biluvchi Oliy Zotdir.
Toshkent islom instituti talabasi
Zoirjon Juraboyev
[1] Burhoniddin Marg‘inoniy. “Al-hidaya”. “Maktaba ludhyanviy” nashriyoti. 2020-yil. 2-jild 120-bet.
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Kifoya”. “Sharq” nashriyoti. Toshkent-2011. 2-juz.
[3] Burhoniddin Marg‘inoniy. “Al-hidaya”. “Maktaba ludhyanviy” nashriyoti. 2020-yil. 2-jild 115-bet.
[4] Maqsudxo‘ja ibn Mansurxo‘ja. “Majma’ ul-Maqsud” “Sharq” nashriyoti. Toshkent-2015. 1-juz. 563-bet.
[5] Burhoniddin Marg‘inoniy. “Al-hidaya”. “Maktaba ludhyanviy” nashriyoti. 2020-yil. 2-jild 121-bet
[6] Maqsudxo‘ja ibn Mansurxo‘ja. “Majma’ ul-Maqsud” “Sharq” nashriyoti. Toshkent-2015. 1-juz. 565-bet.
[7] Alouddin Abubakr ibn Mas’ud Kasoniy Al-Hanafiy.”Badoi’ us-sanoiy fi tartib ashsharo‘iy” Dor al-kutub Al-ilmiyya. Bayrut. Ikkinchi nashr 2003. 4-juz. 452-bet.
[8] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Kifoya”. “Sharq” nashriyoti. Toshkent-2011. 2-juz.