“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir” deya marhamat qilgan Alloh taologa O’zining Ulug’vorligicha hamd va sanolar bo’lsin. Uning ne’matlariga mos va xos, O’zining fazliga munosib holda hamd aytamiz!
Bizlarga Alloh jalla jalaluhu himkatlarining ta’limini bergan Payg’ambarimiz, suyukligimiz Muhammad alayhissalomga salom va salovatlarimiz bo’lsin!
Bugun mana shunday ulug’ kunlar ustida turgan ekanimizdan foydalanib, mavzuimizni Qadr kechasi, yanayam to’g’rirog’i, u berkingan Ramazon kechalari xususida so’z yuritamiz.
Alloh taolo Qadr kechasini boshqa kechalar ichiga yashirdi. Nega deb o’ylaysiz?! Chunki, ushbu kecha sababidan xuddi Yusuf alayhissalom sababidan boshqa akalari mag’firatga erishganlaridek, sharafga erishganlaridek, boshqa kechalar ham sharafga erishsin, qadrga erishsin. Toki banda Ramazonning hamma kechalarini, ayniqsa, oxirgi 10 kunlik kechalarini ihyo qilsin – toat-ibodatlar bilan o’tkazsin. Shoyad, Qadr kechasi shu kecha deb o’ylasin, deya…
Ushbu kunning qay darajada ulug’ ekanini anglaylik deya…
Chunki, bir narsa qanchalik yashirin bo’lsa, uning buyukligi shunchalik ulug’, qadri shunchalik baland bo’ladi. Alloh taolo ham bu kunning g’oyatda ulug’ ekanidan boshqa kunlari ichiga yashirdi. Xo’sh, bu kun nega ulug’?!
Avvalo, ushbu kunda Alloh taolo bandalarga xitob o’laroq Muqaddas kitobimiz Qur’onni nozil qildi. Shu bilan birga, bu kunda Allohning bandalarga ato qiladigan fazli va inoyatlari, ikromi, avfi, barokati shu daraja ko’pligi sababli ulug‘ bo‘ldi. U Zot Qur’oni Karimda bu haqida shunday deydi:
“Biz uni Qadr kechasida nozil qildik. Sen Qadr kechasining nimaligini bilasanmi? Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir.” (Qadr surasi, 3-oyat)
Shu yerda nozik nuqta bor. “Qadr kechasi nima ekanini sizga nima bildirdi?!” Odatda, mana shu ko’rinishda kelgan oyatlar buyuk narsalar haqida xabar beradi. Bu yerda ham shu uslub qo’llangan. Ya’ni, bu bilan bu kun shu darajada ulug’, buyukki, “siz bu kunning ulug’ligini bila olmaysiz”, degan ma’noda. Bu kecha haqida Alloh mustaqil sura nozil qilgan. Biz bu xabarlardan bu kechaning ulug’ ekanini, fazilatli ekanini bilib oldik. Endi, bu kechani qayerdan topamiz?!
Ko‘pchilik insonlar Qadr kechasi Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasiga to‘g‘ri keladi deb o‘ylashadi. Bunga sabab – aynan shu kechada takrorlanib keladigan maxsus bayramlar va marosimlardir. Shuning natijasida ko‘pchilik odamlar Qadr kechasi faqat yigirma yettinchi kechaga to‘g‘ri keladi deb hisoblashadi va boshqa kechalarda uni izlashdan bosh tortishadi. Holbuki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bizga Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida bo‘lishi mumkinligini bildirganlar. U zot shunday deganlar:
“Uni Ramazon oyining so‘nggi o‘n kunligidagi toq kechalarda izlang”.
Demak, musulmonlar yigirma yettinchi kechani alohida nishonlashsa ham, Qadr kechasini faqat shu kechaga bog‘lab qo‘ymasliklari kerak. Chunki u boshqa toq kechalarda – yigirma birinchi, yigirma uchinchi, yigirma beshinchi, yigirma yettinchi va yigirma to‘qqizinchi kechalarda ham bo‘lishi mumkin. Demak, Qadr kechasining ulug‘ligi vaqtning o‘zidan emas, balki Allohning fazli va barakotidan keladi. Shu sababli Qadr kechasi har yili turli kechalarda bo‘lishi mumkin.
Ushbu muborak kecha har kecha bo’lishi mumkin ekan. Xo’sh, bu kunni qanday o’tkazmog’imiz kerak?! Qadr kechasi – ming oydan yaxshiroq kecha. Ming oy qariyb 83 yilga teng bo‘lib, bir umrga teng keladigan ulug‘ kecha hisoblanadi. Ushbu kechada ibodat qilish, Qur’on o‘qish, duo va tavba qilish – juda ulug‘ savoblarga sabab bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Kim Qadr kechasini imon bilan va savobini Allohdan umid qilib o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.
1. Tahajjud namozi o‘qish – tunlarni ibodat bilan o‘tkazish fazilatli amallardan hisoblanadi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘n kunlikda tunlarni ibodat bilan jonlantirar edilar.
2. Qur’on tilovati – Qur’on nozil qilingan oy bo‘lganligi sababli, Ramazon oyida Qur’onni ko‘proq tilovat qilish tavsiya etiladi.
3. Tavba va istig‘for qilish – gunohlardan chin dildan tavba qilish va Allohdan kechirim so‘rash lozim.
4. Duo qilish – ayniqsa, Qadr kechasida duo qilish mustahabdir. Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan:
– Yo Rasululloh, Qadr kechasiga yetib borsam, nima deb duo qilay? – deb so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
” اللهم انك عفو, تحب العفو, فاعف عنا”
(Ma’nosi: Ey Alloh, Sen kechirimlisan, kechirishni sevasan, meni kechir) – deb duo qilishni o‘rgatganlar.
5. Sadaqa qilish – kambag‘al, miskin va ehtiyojmandlarga sadaqa berish, zakot va xayr-ehson qilish bu kunlarda katta savoblarga sabab bo‘ladi. Chunki Ramazon oyi – saxiylik va fidoyilik oyidir. Ramazon oyida sadaqa qilishning ajri ro‘za tutishning ajridan kam emas, balki undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.
6. Shu bilan birga bu kechalarda e’tikof o’tirish sunnati muakkadalardan hisoblanadi va insonning ma’naviy olamini boyitishda juda katta yordam beradi.
Payg‘ambarimiz Ramazon oyining oxirgi 10 kunligida e’tikof qilishni odat qilganlar. Oisha roziyallohu anho shunday deydi:
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam hayotlarining oxirigacha Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida e’tikof qilar edilar”.
Demak, biz ham u zotdan kelgan sunnatlarga ergashib, Allohning rahmati, mag’firatiga noil bo’lishimiz kerak ekan. Bu amallarga nafaqat oxirgi 10 kunlikda, balki, butun ramazon mobaynida amal qilib, qalblarimizni poklab, gunohlardan forig‘ bo‘lib Allohga yaqinlashish imkoniyatini qo’ldan boy bermasligimiz kerak.
Azizlar! kelinglar, bu Ramazon oyini Allohga yaqinlashish, qalblarimizni poklash va boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarimizni yaxshilash uchun bir imkoniyat deb bilaylik. Bir-birimiz bilan muhabbat va mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga intilaylik. Birodarimizga yaxshi so‘z aytaylik, unga yordam beraylik. Dilimiz og’rigan bo’lsa, kechiraylik. Zero, kim birodarini kechira olsa, Alloh uni kechiradi. Kim boshqalarga mehribon bo‘lsa, Alloh unga mehribon bo‘ladi. Alloh bizga Ramazon oyini bir maktab sifatida ato etgan – biz unda qalblarimizni tarbiyalaymiz, sabrni o‘rganamiz va boshqalarga yaxshilik qilishni mashq qilamiz. Ramazon oyida boshqalardan uzr so‘rashga, birodarlarimizni rozi qilishga harakat qilamiz. Agar kimningdir haqi bizda qolgan bo‘lsa, uni qaytaramiz. Natijada, Ramazon oyida odatlanganimiz bunday go’zal odatlar, insoniylik xislatlari yil bo’yi bizda yuzaga chiqadi.
Alloh barchamizga qalb pokligi, rahmat va barakasini ato qilsin! Alloh taolo bizni riyodan, manmanlikdan, ko‘z-ko‘z qilishdan poklasin. Alloh taolo bizni faqat Uning roziligi uchun ixlos bilan amal qiluvchilardan qilsin. Bizni pok va to‘g‘ri yo‘lda sobit qilsin! Eng yaxshi mehmonimizni eng yaxshi suratda kuzatib qoluvchilardan qilsin! Ushbu ramazonda najotga erishganlardan, yutuqqa erishganlardan qilsin!
Ziroat OLIMJONOVA,
203-guruh talabasi