islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Islom ta’limotida mo‘jiza tushunchasi va uning payg‘ambarlikdagi o‘rni

Annotatsiya:

Ushbu maqolada “mo‘jiza” tushunchasining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari, uning ilohiy hikmatlari hamda payg‘ambarlarga ato etilgan mo‘jizalarning asosiy jihatlari tahlil qilingan. Qur’oni Karim oyatlari va hadislar asosida turli payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalar misollar orqali yoritilgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga berilgan mo‘jizalarning eng ulug‘i Qur’oni Karim ekani hamda boshqa mo‘jizalari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tilgan. Maqolada mo‘jizalarning iymonni mustahkamlash, kofirlarni ojiz qoldirish va payg‘ambarlik risolatini tasdiqlashdagi o‘rni izohlangan.

Kalit so‘zlar: mo‘jiza, payg‘ambar, aqida, hadis, risolat, iymon, karomat.

Alloh taolo insoniyatga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, ularga haqiqiy hidoyat yo‘lini bayon qilish uchun payg‘ambarlar yuborgan. Payg‘ambarlarga esa ularni ikrom qilish, ularga ergashgan mo‘minlarning iymonlarini yanada ziyoda qilish hamda haqiqatda payg‘ambar ekanliklarini isbotlash uchun turli mo‘jizalar bergan. Quyida mo‘jizaning ta’rifi, turli payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

“Mo‘zija” so‘zi lug‘atda “ojiz qoldiruvchi” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni boshqa bandalar bu ishni qilishdan ojiz qoladilar.

Istilohda esa Alloh taolo O‘z payg‘ambarlariga ularning payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlash uchun bergan, odatdan tashqari, boshqalarning qo‘lidan kelmaydigan ish “mo‘jiza” deyiladi.

Shayx Az-Zarqoniy o‘zining “Manahilul irfon” kitobida mo‘jizani quyidagicha ta’riflaydi:

“المعجزة هي أمر خارق للعادة خارج عن حدود الاأسباب المعروفة يخلقها الله تعالى على يد مدعيا لنبوة عند دعواه اياها شاهدا على صدقه”[1]

Ya’ni: “Mo‘jiza – odatdan tashqari, ma‘lum sabablar chegarasidan chiqqan ish bo‘lib, Alloh taolo uni payg‘ambarlikni da‘vo qiluvchining qo‘lida unga (nubuvvatga) chaqirish vaqtida uning (payg‘ambarning) rostgo‘yligiga guvohlik beruvchi sifatida yaratadi.”

Odatda biror payg‘ambar yuborilsa, kofirlar uni inkor qilishar, agar rostgo‘y bo‘lsalar, ularning payg‘ambarliklarini isbotlovchi, tasdiqlovchi mo‘jiza keltirishini talab qilishar edi. Alloh taolo Payg‘ambarlarning haqligini tasdiqlash, kofirlarni ojiz qoldirish, mo‘minlarning iymonini yanada mustahkamlash uchun ularga mo‘jizalar bergan. Agar Qur’oni karimga murojaat qilsak mo‘jizaga ko‘plab misollarni ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, Solih alayhissalomga mo‘jiza o‘laroq oddiy bir toshdan tuya chiqarilgan.

{وَإِلَىٰ ثَمُودَ أَخَاهُمْ صَالِحًا ۗ قَالَ يَا قَوْمِ اعْبُدُوا اللَّهَ مَا لَكُمْ مِنْ إِلَٰهٍ غَيْرُهُ ۖ قَدْ جَاءَتْكُمْ بَيِّنَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ ۖ هَٰذِهِ نَاقَةُ اللَّهِ لَكُمْ آيَةً ۖ فَذَرُوهَا تَأْكُلْ فِي أَرْضِ اللَّهِ ۖ وَلَا تَمَسُّوهَا بِسُوءٍ فَيَأْخُذَكُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ}

“Samud qavmiga birodarlari Solihni (yubordik). U dedi: “Ey qavmim! Allohga ibodat qilinglar! Sizlarga Undan o‘zga iloh yo‘q. Sizga Robbingizdan hujjat keldi. Allohning mana bu tuyasi sizlarga belgi – mo‘jizadir. Uni Allohning yerida tek qo‘yinglar! Unga yomonlik yetkazmanglar. Yana sizlarni alamli azob
tutmasin-a!” [2](A’rof, 73)

“Allohning halili” – do‘sti deya vasflangan Ibrohim alayhissalom bilan bo‘lgan mo‘jiza esa chindanda hayratlanarli. Ibrohim alayhissalomning qavmi u zotni olovga tashlamoqchi bo‘lishganida Alloh taolo olovga bunday marhamat qilgan:

قُلْنَا يَا نَارُ كُونِي بَرْدًا وَسَلَامًا عَلَىٰ إِبْرَاهِيمَ

“Biz aytdik: “Ey olov! Ibrohimga salqin va omonlik bo‘l!”[3](Anbiyo, 69)

Shundan so‘ng olov Ibrohim alayhissalom tanalariga zarar bermagan, yondirmagan. O‘ziga tashlangan har narsani yondirib kul qilib yuboradigan, alangalanib yonayotgan olovning Ibrohim alayhissalom tanalarini yondirmagani haqiqiy mo‘jiza emasmi?!

Qur’onda eng ko‘p zikr qilingan Muso alayhissalomga esa Alloh taolo juda ko‘plab mo‘jizalar bergan. Qur’oni karimning Isro surasi 101-oyatida Alloh taolo Muso alayhissalomga to‘qqizta mo‘jiza berganligining xabarini beradi:

وَلَقَدْ آتَيْنَا مُوسَىٰ تِسْعَ آيَاتٍ بَيِّنَاتٍ

“Batahqiq, Biz Musoga to‘qqizta ochiq-oydin oyat-mo‘jiza berdik”[4]

Bu to‘qqiz mo‘jiza – qo‘l, aso, to‘fon, chigirtka, bit, baqalar, qon, ocharchilik yillari va mevalarning kamchil bo‘lishi ekanligi boshqa oyatlarda keltirilgan. Jumladan, Muso alayhissalom mo‘jizaviy asosi bilan sehrgarlarning sehrini yo‘q qildi, dengizdan yo‘l ochib, qavmini qutqardi, Fir’avn va uning odamlari esa suvga g‘arq bo‘ldi, suvsagan qavmi uchun asolarini toshga urishlari orqali suv chiqardi. Bularning barchasi insoniyat qilishga ojiz bo‘lgan, g‘ayrioddiy mo‘jizalardandir.

Yana bir payg‘ambarlardan Iyso alayhissalomning mo‘jizalari esa – uning  beshikda, go‘dak bo‘la turib gapirganlari, loydan qush yasab, unga puflaganida unga jon kirib, haqiqiy qushga aylangani, tuzalmas kasallarni davolaganlari, o‘liklarni chiqarganliklari va boshqalardir. Moida surasi 110-oyatda bu haqda shunday marhamat qilinadi:

إِذْ قَالَ اللَّهُ يَا عِيسَى ابْنَ مَرْيَمَ اذْكُرْ نِعْمَتِي عَلَيْكَ وَعَلَىٰ وَالِدَتِكَ إِذْ أَيَّدْتُكَ بِرُوحِ الْقُدُسِ تُكَلِّمُ النَّاسَ فِي الْمَهْدِ وَكَهْلًا ۖ وَإِذْ عَلَّمْتُكَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَالتَّوْرَاةَ وَالْإِنْجِيلَ ۖ وَإِذْ تَخْلُقُ مِنَ الطِّينِ كَهَيْئَةِ الطَّيْرِ بِإِذْنِي فَتَنْفُخُ فِيهَا فَتَكُونُ طَيْرًا بِإِذْنِي ۖ وَتُبْرِئُ الْأَكْمَهَ وَالْأَبْرَصَ بِإِذْنِي ۖ وَإِذْ تُخْرِجُ الْمَوْتَىٰ بِإِذْنِي ۖ وَإِذْ كَفَفْتُ بَنِي إِسْرَائِيلَ عَنْكَ إِذْ جِئْتَهُمْ بِالْبَيِّنَاتِ فَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا مِنْهُمْ إِنْ هَٰذَا إِلَّا سِحْرٌ مُبِينٌ

 “Alloh: “Ey, Iyso ibn Maryam, senga va volidangga bergan ne’matimni esla. Seni muqaddas ruh bilan qo‘llaganimni, odamlarga beshikda ham, kattaligingda ham gapirganingni esla. Senga kitobni, hikmatni, Tavrotni va Injilni o‘rgatganimni esla. Mening iznim ila loydan qush shaklini yasaganingda va unga puflaganingda, Mening iznim ila qush boʻlganini, Mening iznim ila tugʻma koʻrni va pesni tuzatganingni esla. Mening iznim ila oʻliklarni chiqarganingni esla…” deganini yod et!”[5]( Moida, 110)

Dovud alayhissalomga esa mo‘jiza sifatida qushlar va tog‘lar bo‘ysundirilgan va temir u zotga yumshoq qilib berilgan.

وَسَخَّرْنَا مَعَ دَاوُودَ الْجِبَالَ يُسَبِّحْنَ وَالطَّيْرَ

“Dovud (alayhissalom) bilan birga tasbeh aytsin deb tog‘larni va qushlarni bo‘yinsundirib qo‘ydik”[6](Anbiyo, 79)

وَلَقَدْ آتَيْنَا دَاوُودَ مِنَّا فَضْلًا ۖ يَا جِبَالُ أَوِّبِي مَعَهُ وَالطَّيْرَ ۖ وَأَلَنَّا لَهُ الْحَدِيدَ

“Batahqiq, Biz Dovudga Oʻzimizdan fazl berdik. “Ey togʻlar va qushlar, u bilan birga (tasbih) aytinglar”, (dedik). Va unga temirni yumshoq qildik.”[7]
(Saba, 10)

Sulaymon alayhissalomga esa shamol va jinlar bo‘ysundirilgan hamda  hayvonlarning tili tushunarli qilingan.

وَلِسُلَيْمَانَ الرِّيحَ عَاصِفَةً تَجْرِي بِأَمْرِهِ إِلَى الْأَرْضِ الَّتِي بَارَكْنَا فِيهَا

“Sulaymonga shamolni qattiq esuvchi qilib berdik. U (shamol) ni uning amri ila, Biz barakali qilgan yerga esadigan qilib qo‘ydik.”[8](Anbiyo, 81)

وَلِسُلَيْمَانَ الرِّيحَ غُدُوُّهَا شَهْرٌ وَرَوَاحُهَا شَهْرٌ ۖ وَأَسَلْنَا لَهُ عَيْنَ الْقِطْرِ ۖ وَمِنَ الْجِنِّ مَنْ يَعْمَلُ بَيْنَ يَدَيْهِ بِإِذْنِ رَبِّهِ ۖ وَمَنْ يَزِغْ مِنْهُمْ عَنْ أَمْرِنَا نُذِقْهُ مِنْ عَذَابِ السَّعِيرِ. يَعْمَلُونَ لَهُ مَا يَشَاءُ مِنْ مَحَارِيبَ وَتَمَاثِيلَ وَجِفَانٍ كَالْجَوَابِ وَقُدُورٍ رَاسِيَات

“Va Sulaymonga shamolni (berdik). U (shamol)ning ertalab ketishi bir oylik, kechqurun qaytishi bir oylik yoʻl edi. Unga mis bulogʻini oqizib qo‘ydik va jinlardan Robbining izni ila uning huzurida ishlaydiganlari bor edi. Ulardan kim amrimizdan chiqsa, unga qattiq olov azobini tottiramiz. U (jin)lar unga mehroblar, haykallar, hovuzlar kabi laganlar va sobit qozonlardan xohlaganini qilib berishar edi.”[9]
(Saba, 12-13)

Bu misollarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Agar e’tibor beradigan bo‘lsak, barcha payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalar o‘zining zamoniga mos, qavmning holatiga qarab voqe’ bo‘lgan. Sehr avj olgan zamonda yashagan Muso alayhissalomga sehrli aso, tib ilmi rivoj topgan davrda yashagan Iyso alayhissalomga esa o‘liklarni tiriltirish, pes va moxovlarni davolash kabi ishlar mo‘jiza bo‘lgan.

Endi esa Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga berilgan mo‘jizalar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Boshqa payg‘ambarlarga ulkan mo‘jiza bo‘lgan ishlar Muhammad sollallohu alayhi vasallam uchun oddiy bir ish edi. Deyarli barcha payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalarga o‘xshash ishlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida ham bo‘lib o‘tgan. Oʻtgan paygʻambarlarning vafotlari bilan ularning barcha mo‘zijalari ham amaldan qolgan. Chunki, ularning paygʻambarliklari ma’lum bir qavmga, ma’lum bir makonga va ma’lum bir zamonga bog‘liq boʻlgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamga esa, abadiy va ulkan mo‘zija qilib Qur’oni karim berilgan. Chunki, u zotning paygʻambarliklari qiyomat qoim boʻlguncha barcha xalqlar, makonlar va zamonlar uchun bardavomdir. Shuning uchun, u zotga moddiy emas, ma’naviy va boqiy mo‘jiza Qur’oni karim asosiy mo‘jiza qilib berilgandir. U zot oʻtganlaridan soʻng ham moʻjizalari boʻlmish Qur’on to qiyomat turguncha barhayotdir. Shuning uchun ham, qachon mushrik va kofirlar u kishidan paygʻambarliklarini tasdiqlovchi mo‘jiza talab qilishsa, Qur’oni karim ko‘rsatilar edi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم: «مَا مِنَ الْأَنْبِيَاءِ نَبِيٌّ إِلَّا أُعْطِيَ مَا مِثْلُهُ آمَنَ عَلَيْهِ الْبَشَرُ، وَإِنَّمَا كَانَ الَّذِي أُوتِيتُ وَحْيًا أَوْحَاهُ اللهُ إِلَيَّ، فَأَرْجُو أَنْ أَكُونَ أَكْثَرَهُمْ تَابِعًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ وَالنَّسَائِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Anbiyolar ichida birorta nabiy yo‘qki, unga odamlar iymon keltirganlari mislicha (mo‘jizalar) ato etilmagan bo‘lsa. Menga berilgani esa Alloh menga vahiy qilgan vahiydir. Umid qilamanki, men qiyomat kuni ularning ichida tobesi eng ko‘pi bo‘laman”. (Buxoriy, Muslim, Ahmad va Nasoiy rivoyat qilishgan)

Bundan tashqari U zotning yana ko‘plab mo‘jizalari bo‘lib, ulardan oyning yorilishi, Isro hodisasi kabilari mashhur hamda Qur’on oyatlari bilan sobit bo‘lgan.

Isro surasining 1-oyatida bunday marhamat qilinadi:

سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَىٰ بِعَبْدِهِ لَيْلًا مِنَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الْأَقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آيَاتِنَا ۚ إِنَّهُ هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ

“Bandasiga o‘z qudratining nishonalarini namoyon etish uchun uni bir kechada Masjidul Haromdan tevarak-atrofi barokatli Masjidul Aqsoga olib borgan Alloh pokdir. U hamma narsani ko‘rib, bilib turguvchi zotdir”[10].

U zot alayhissalomning yana bir ulkan mo‘jizalaridan biri oyning ikkiga bo‘linishidir. Bir guruh mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan u zotga ishonishlari, iymon keltirishlari uchun mo‘jiza keltirishlarini – oyni ikkiga bo‘lishlarini so‘rashdi. Alloh taoloning qudrati va inoyati ila oy ham ikkiga bo‘lindi. Mana shunda quyidagi oyatlar nozil bo‘ldi:

اقْتَرَبَتِ السَّاعَةُ وَانْشَقَّ الْقَمَرُ. وَإِنْ يَرَوْا آيَةً يُعْرِضُوا وَيَقُولُوا سِحْرٌ مُسْتَمِرٌّ. وَكَذَّبُوا وَاتَّبَعُوا أَهْوَاءَهُمْ وَكُلُّ أَمْرٍ مُسْتَقِرٌّ

“Soat (qiyomat) yaqinlashdi va oy boʻlindi. Agar bir oyat (moʻjiza)ni koʻrsalar, yuz oʻgirarlar va: “Bu – oʻtkinchi sehr”, derlar. Va yolgʻonga chiqardilar hamda havoyi nafslariga ergashdilar. Holbuki, har bir ish oʻz oʻrnini topuvchidir.”[11]

Bulardan tashqari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga juda ko‘plab mo‘jizalar ato qilingan. Bu mo‘jizalar haqida siyrat kitoblarida yetarlicha ma‘lumotlar keltirilgan. Bu mavzuga oid ko‘plab kitoblar yozilgan. Biz bu mo‘jizalarni eslab o‘tish bilangina cheklanamiz:

 -u zotning panjalari orasidan suv chiqishi;

 – u zotning barakalari ila oz suvning ko‘payishi;

 – oz taomning qavmga yetib, ortib qoladigan darajada barakali bo‘lishi;

– u zotning huzurlarida taomning tasbeh aytishi;

 – xurmo shoxining u zotga zorlanishi;

 – daraxtning u zotga bo‘ysunishi va boshqalar…

Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirishimiz mumkin. Shayx Usmonxon Alimov o‘zining “Rosululloh (salollohu alayhi va sallam) mo‘jizalari” nomli kitobida bunday mo‘jizalarning 372 tasini keltirganlar hamda bu mo‘jizalarni oyat va hadislar bilan quvvatlaganlar.

Biz bandalar dalillar bilan sobit bo‘lgan barcha mo‘jizalarga iymon keltirishimiz vojibdir. Bu masalaning aqida ilmiga kirishiga asosan aqlga tayangan holda bundan ishlarning vujudga kelishiga ishonmay, noto‘g‘ri e’tiqodga borgan turli toifalar sabab bo‘lgan. Oramizda haligacha biror mo‘jiza yoki g‘ayriodatiy biror karomat haqida eshitganida bu haqida biror ilmi mavjud emasligi yoki boshqa sabablar tufayli uning mavjud bo‘lishiga ishonmay, shubha ila qarovchilar topiladi. Alloh taolo esa har narsaga qodir. Xohlagan Payg‘ambariga mo‘jiza beradi, xohlagan bandasini karomatlar ila ne‘matlantirib qo‘yadi. Bundan tashqari bu haqida Alloh taoloning O‘zi Qur’oni Karimda xabar bergan. Boshqa oyatlar qatori bu mavzuga aloqador oyatlarga ham iymon keltirishimiz vojibdir.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 403-guruh talabasi Saydillayeva Jannnatxon

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Muhammad Ali Sobuniy. At-tibyan fiy ulumil-qur’an. – Bushro nashriyoti, 2018. – B. 164.
  2. Muhammadbobur Muhiddinov. Payg‘ambarlar mo‘jizalari va sahobalar karomatlari. – T.: “Sharq”, 2020. – 320 b.
  3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. – T.: “Hilol-Nashr”, 2020. – 632 b.
  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar. – T.: “Hilol-Nashr”, 2020. – 296 b.
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 2-juz. – T.: “Sharq”, 2008. – B. 349.
  6. Usmonxon Alimov. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) mo‘jizalari. – T.: “Movarounnahr”, 2018. – 416 b.

[1] Muhammad Ali Sobuniy. “At-tibyan fiy ulumil-qur’an”. Bushro nashriyoti, 2018. – B. 164.

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol. 2-juz. – T.: “Sharq”, 2008. – B. 349.

[3] O‘sha asar. 3-juz. – B. 650.

[4] O‘sha asar. – B. 460.

[5]  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol. 2-juz. – T.: “Sharq”, 2008. – B. 138.

[6] O‘sha asar. 3-juz. – T.: “Sharq”, 2008. – B. 655.

[7] O‘sha asar. 5-juz. – T.: “Sharq”, 2008. – B. 10.

[8] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol.3-juz. – B. 656.

[9] O‘sha asar. 5-juz. – B. 12.

[10] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol. 3-juz. – T.: “Sharq”, 2008. – B. 396.

[11] O‘sha asar. 5-juz. –T.: “Sharq”, 2008. – B. 647.

451940cookie-checkIslom ta’limotida mo‘jiza tushunchasi va uning payg‘ambarlikdagi o‘rni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: