islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Sunnatga ergashish – mo‘tadillik va kamolot kaliti

Islom dini inson hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan mukammal din bo‘lib, u mo‘tadillik, muvozanat va adolat tamoyillariga asoslanadi. Islom na haddan oshishni, na beparvolikni ma’qullaydi, balki har bir ishda o‘rtacha yo‘l tutishni buyuradi. Ayniqsa, ibodat va hayot kechirish masalalarida mo‘tadillik islom shariatining muhim asoslaridan biridir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bu mo‘tadillikning eng go‘zal namunasi bo‘lib, u zot o‘z ummatlarini og‘irlik va qiyinchilikka emas, balki yengillik va muvozanatga chaqirganlar. Quyidagi hadisi sharif ham islomdagi mo‘tadillik tamoyilini yorqin tarzda ifodalab, sunnatga amal qilishning ahamiyatini ochib beradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi:

“Uch kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so‘rash uchun u zotning jufti halollarining uylariga kelishdi. Ularga xabar qilingan edi, buni oz sanaganday bo‘lib, “Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar?! U zotning oldingiyu keyingi gunohlari mag‘firat qilingan bo‘lsa”, deyishdi.

Ularning birinchisi: “Men kechalari doimo namoz o‘qiyman, uxlamayman”, dedi.

Ikkinchisi esa: Men bir umr ro‘za tutaman, og‘iz ochiq yurmayman”, dedi.

Uchinchisi esa: “Men esa ayollardan chetda bo‘laman, hech qachon uylanmayman”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keldilar va bunday dedilar: Shunday, shunday deganlar sizlarmi?! Hoy, Allohga qasamki, men sizlarning Allohdan eng qo‘rqadiganingizman, Unga eng taqvo qiladiganingizman, lekin men ro‘za ham tutaman, og‘iz ochiq ham yuraman, namoz ham o‘qiyman uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas!” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan)

Bu ummat ikki yo‘l, haddan oshish (ifrot) va beparvolik (tafrit) orasini tutgan mo‘tadil ummatdir.

Haddan oshish – qotib qolish, fikriy kasalliklar va begonalarga ko‘r-ko‘rona taqlidni keltirib chiqaradi.

Buyuk islomga nazar soling, u har doim ifrot va tafrit o‘rtasidagi o‘rta yo‘lni tutib kelmoqda.

Islomda jasorat – bemulohazalik bilan qo‘rqoqlik o‘rtasidadir.

Islomda saxovat – isrofgarchilik bilan baxillik o‘rtasidadir.

Islomda hayo – kasallik darajasidagi uyatchanlik bilan behayolik o‘rtasidadir.

Islomda iffat – odamlardan uzilish bilan mutlaq erkinlik o‘rtasidadir.

Islom – buyuk dindir, u modda bilan ruh va aql bilan qalb o‘rtasidagi muvozanatdir.

Xulosa qilib aytganda, islom dini insonni ruhiy va jismoniy jihatdan ezmaydigan, balki uni kamolga yetkazadigan mo‘tadil yo‘lni tanlagan buyuk dindir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, u mendan emas”, degan muborak so‘zlari sunnatga amal qilish nafaqat ibodatlarda, balki hayotning barcha sohalarida muvozanatni saqlash zarurligini ko‘rsatadi. Islom ifrot va tafritdan qaytarib, jasorat, saxovat, hayo va iffat kabi fazilatlarni o‘rtacha va sog‘lom me’yorda tutishni targ‘ib etadi. Demak, haqiqiy musulmonlik – haddan oshmasdan, beparvo bo‘lmasdan, Payg‘ambar sunnatiga ergashgan holda, modda va ruh, aql va qalb o‘rtasida muvozanatni saqlab yashashdir.

  Abdulbosit LUQMONJONOV,

TII Magistratura talabasi

460520cookie-checkSunnatga ergashish – mo‘tadillik va kamolot kaliti

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: