islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Rasullulloh sallallohu alayhi vasallamga yaqinlashtiruvchi amal

Mo‘min kishi Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamga yaqin bo‘lishni, U zotga yaqinlashtiruvchi amallarni bajarishni ko‘zlab yashaydi. Alloh taolo Qur’oni karimning Ahzob surasi, 56-oyatida Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamga qurbat hosil qilishning bosh omili deya salovat va salom yo‘llash ekanini aytib o‘tgan:

  إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَـٰۤىِٕكَتَهُۥ یُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِیِّۚ یَـٰۤأَیُّهَا ٱلَّذِینَ ءَامَنُوا۟ صَلُّوا۟ عَلَیۡهِ وَسَلِّمُوا۟ تَسۡلِیمًا

“Albatta Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, imon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring!”                                                                                                                              

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kuni va juma kechasi salovat aytishni ko‘paytiringlar. Kim menga bir salovat aytsa, Alloh unga o‘nta salovat aytadi, deganlar”. (Imom Bayhaqiy rivoyati)

Nabiy sollallohu alayhi  vasallamga salovat aytish Qur’on orqali ham, hadislar bilan ham buyurilgan amaldir. Nabiy ssllallohu alayhi vasallamga Alloh taolo, farishtalar va payg‘ambarlar ham salovat aytishadi. Biz mo‘minlar ham salovat aytishga buyurilganmiz. Bu, nafaqat Alloh oldidagi bandalik vazifamiz, balki ikki olam saodatini ko‘rsatgan ikki olam Sarvari oldidagi ummatlik tashakkurimizdir!

Ya’ni, salovat tilimiz oson aytadigan, yengil qaraladigan oddiy kalima emas, aksincha, Nabiy sallollohu alayhi vasallamga minnatdorchilik bildirishimiz, rahmat aytishimiz hamda Alloh huzurida yanada darajalari ko‘tarilishini so‘rab bergan duoimizdir.

Salovat so‘zi – duo, rahmat, ulug‘lash va maqtash ma’nolarini anglatadi.

Salovat kimdan hosil bo‘lishiga ko‘ra turli ma’nolarni ifoda etadi. Salovat Alloh taolodan bo‘lsa rahmat, farishtalardan bo‘lsa istig‘for, insonlardan esa duo va ulug‘lashdir. Demak, biz Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning haqqilariga salovat ila duo qilgan, sha’ni obro‘larini yanada ulug‘lagan bo‘lamiz. Salovatni ko‘paytirgan sari, Nabiy sallollohu alayhi vasallamga yaqinlashib boramiz.

Nabiy sallollohu alayhi vasallamga salovat aytish maxsus vaqt, kun yoki makonga xoslanmaydi. Biroq, quyidagi holatlarda salovat aytishga yanada diqqatli bo‘lish talab qilinadi:

  1. Duoning avvalida, o‘rtasida va oxirida;
  2. Masjidga kirayotganda va chiqayotganda;
  3. Musulmon birodarlari bilan ko‘rishganda;
  4. Bir majlis va yig’ilishga to‘planganda;
  5. Xayrli so‘zlarni gapirishdan avval;
  6. Ertalab va kech kirganda;
  7. Uyquga ketishdan avval va uyg’onganda;
  8. Quloqqa g’uvullagan ovoz eshitilganda;
  9. Biror narsani unutib qo‘yganda;
  10. G’am, qayg’u qiyinchilik vaqtida.

Bundan boshqa o‘rinlarda ham salovat zikr sifatida aytilaveradi. Ko‘p salovat aytishning foydasi ulkan bo‘lib, foydalarning eng ulug’i qiyomat kuni Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan yaqin bo‘lish va u zotning shafoatlariga erishishdir.

Ibn Masud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin odamlar menga ko‘p salovat aytganlaridir», deganlar.

Shuningdek, salovat aytish nifoqdan pok bo‘lish va do‘zaxdan najot topishga sabab bo‘ladigan ulug‘ amaldir. Va yana dunyo-yu oxiratda hojatlar ravon  bo‘lishining sababi hamdir.

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim menga har kuni 100 marta salovat aytsa, Alloh taolo uning 100 ta hojatini ravon qiladi. 70 tasi oxiratda, 30 tasi esa dunyoda», dedilar.

Salovat aytgan kishiga yaxshilik eshiklari ochiladi  faqirlik eshiklari esa yopiladi,  gunoh va xatolari kechirilishiga sabab bo‘ladi.

Salovat aytishning bu dunyoda foydalari sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lsa, oxiratda ham xuddi shunday. Masalan, salovat sohibi uchun qiyomat kuni sirotdan o‘tishda nur, qiyomatning daxshatli  holatlaridan najot va omonlik bo‘ladi. Shu bilan birga, sirotdan o‘tishni ham yengillashtiradi. Hattoki salovat aytgan kishi jannat xushxabarini olmaguncha vafot etmaydi. Buning dalili Ibn Qoyyim rohimahulloh “Jilaul afham”da Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadis bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir kunda ming marta salovat aytsa, jannatdagi o‘rnini bilmay turib o‘lmaydi”. (Zaif hadis)

Salovat aytish va uning fazilatlari haqida ko‘plab maqbul va mardud, zaif hadislar mavjud. Ularning umumiy mazmunidan xulosa qilinsa, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamga har kuni salovat aytish imon va ixlos taqazosidir. Olimlar eng ko‘p adad sifatida bir kunda 300 ta salovat aytishni tavsiya qiladilar.

Salovat lafzining eng afzali har namoz ichida aytiladigan mashhur salovatdir. Asosiysi, sanoq yoxud adad emas – ixlos va muhabbat ila aytilgan salovatdir!

Abdulloh Sirojiddinning “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovat aytish” kitobi asosida “Hadis va islom tarixi” kafedrasi katta o‘qituvchisi N.Saidakbarova va 2-kurs talabasi M.Nigmatova tayyorladi

462400cookie-checkRasullulloh sallallohu alayhi vasallamga yaqinlashtiruvchi amal

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: