islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qurʻoni karim ma’nolarini tushunishda balogʻat ilmining ahamiyati

Qurʼoni karimni Alloh taolo eng yuksak darajadagi fasohat va balogʻat bilan nozil qilgan. U arab tilini barcha nozik jihatlarini o‘zida mujassam etgan kitobdir. Qur’oni karimni chuqur va to‘g‘ri anglashda arab tili ilmlari muhim vositalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, balogʻat ilmi — Qur’on oyatlarining nozik ma’nolarini idrok etishda beqiyos o‘ringa ega.

Qur’oni karimda  xilma-xil uslublar — xitob, ogohlantirish, xushxabar berish, hikoya qilish va boshqa uslublar mavjud. Har bir uslub o‘ziga xos vaziyatda, o‘ziga mos ta’sir kuchiga ega. Balogʻat ilmi bu uslublar orasidagi tafovutlarni tushunish va ularning ahamiyatini anglashda yordam beradi. Oyatlarning mo‘jizaviyligi faqat mazmunida emas, balki uning tilidagi badiiy go‘zalligida hamdir. Agar balogʻat ilmi e’tibordan chetda qolsa, Qur’on oyatlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi, ularning ilohiy ma’nolari e’tiborsiz qolishi, hatto chalkash tushunchalar shakllanishi mumkin. Balogʻatni bilmagan kishi, Qur’on oyatlaridan ko’zlangan maqsadlarni tushunmay, uni faqat zohiriy talqin qilishi mumkin. Bu esa Qur’on ilmlarining insonlar ruhiyatiga yetib borishda katta to‘siq bo‘ladi.

Bugungi kunda Qur’onni anglash, unga tafsir berish, undan hayotiy saboq olish istagida bo‘lgan ko‘plab kishilar uchun balogʻat ilmini o‘rganish dolzarb masalaga aylangan. Chunki Qur’on tafsirida yuzaga kelayotgan ayrim chalkashliklar yoki turlicha talqinlar ko‘pincha balog‘aviy jihatlarni anglamaslikdan kelib chiqadi. Shu boisdan, Qur’on ilmlari bilan shug‘ullanuvchi har bir kishi balogʻat ilmini zarur darajada bilmog‘i lozim.

Balogʻat — arab tilida “yetish”, “erishish” ma’nolarini bildiradigan بلغ (balag‘a) fe’lidan olingan bo‘lib, istilohiy jihatdan fikr va ma’noni go‘zal, aniq va holatga mos tarzda ifoda etish mahoratini bildiradi.

Balogʻat ilmi uch asosiy bo‘limdan iborat bo‘lib, har biri Qur’on oyatlarini turli jihatdan anglashga xizmat qiladi:

  1. Maʻoniy ilmi:

Bu bo‘lim so‘zning maqomga mosligini, fikrning joyida va vaziyatga qarab aytilganligini tahlil qiladi. Masalan, muhatabning holatiga qarab gapning ifoda shakli qanday o‘zgarishi kerakligini o‘rgatadi. Qur’onda bu jihat juda nozik tarzda ishlatilgan: ba’zan qat’iy buyrug‘, ba’zan muloyim, ba’zida ogohlantiruvchi ohangda bo‘ladi. Maʻoniy ilmi bu farqlarni tushunish imkonini beradi.

  1. Bayon ilmi:

Bayon ilmi ma’noni tashbeh, istiʻora, kinoya kabi usullar orqali chuqurroq yetkazib berishga xizmat qiladi. Bu bo‘lim fikrni tasvir orqali etkazish, ruhiy holatni misol orqali ifodalashni o‘rgatadi. Qur’onda bunday ifodalar juda ko‘p.

  1. Badiʻ ilmi:

Bu bo‘lim nutqning go‘zalligini, ohangdorligini o‘rganadi. Badiʻ ilmida tajnis, muqobala kabi usullar orqali nutqqa go‘zallik beriladi. Qur’onda ko‘plab oyatlarda bu uslublar mavjuddir.

Xulosa:

Balogʻat ilmi — Qur’onni nafaqat tushunish, balki his qilish, ruhiyatga singdirish, va uni chuqur anglash vositasidir. Ushbu ilm orqali oyatlardagi xitob, tashbeh, va ma’no go‘zalligini to‘liq tushunish mumkin bo‘ladi. Shuning ushun har bir Qur’on ilmlari bilan shug‘ullanadigan kishidan balogʻat ilmini puxta egallashi talab qilinadi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi

Raximov Abdulbosid Muhammad Ali o‘g‘li

449390cookie-checkQurʻoni karim ma’nolarini tushunishda balogʻat ilmining ahamiyati

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: