islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Mantiq ilmi nima uchun muhim?

Shar’iy ilmlarni o‘qir ekanmiz, bu ilmlarni o‘rganishda mantiq ilmi muhim ahamiyat kasb etishi haqida eshitamiz. Bu ilmning muhimligi sababini ulamolarimiz bayon qilib o‘tganlar. Quyida ularning bayonlarini osonroq ko‘rinishda keltirishga harakat qilamiz.

Ulamolarimiz mantiq ilmining muhim ekanligini asosan ikki sababga bog‘laydilar:

  1. Mantiq ilmining aynan o‘ziga tegishli bo‘lgan ichki sabab;
  2. Mantiq ilmining o‘ziga tegishli bo‘lmagan tashqi sabab.

Quyida ushbu ikki sabab batafsil keltiriladi.

Birinchi sabab – mantiq ilmining mohiyati va uning vazifasidan kelib chiqadi. Ma’lumki, mantiq ilmi ta’rif va dalil nima ekanligini, ularning shartlari va vazifalarini o‘rgatadigan fan hisoblanadi.

Biz ilmlarni bir qancha yo‘nalishlar, qismlarga bo‘lishimiz mumkin: ijtimoiy, gumanitar, falsafiy, lug‘aviy, tajribiy, shar’iy va hokazo. Dunyodagi har qanday ilm yoki fanda (u yuqorida aytilgan yo‘nalishlarning qaysi biriga mansub bo‘lishidan qat’i nazar) o‘sha fanga tegishli tushunchalarning ta’riflari, hukmlari va ana shu hukmlarning dalillari zikr qilinadi. Shundan bilish mumkinki, mantiq ilmini bilish orqali har qanday ilmda yozilgan kitoblardagi ta’riflarni va u yerda zikr qilingan hukmlarning dalillarini oson va eng muhimi to‘g‘ri anglash mumkin bo‘ladi. Biror ilmdagi ta’rif va dalillarni oson va to‘g‘ri tushunish esa bu – aynan o‘sha fanni oson va to‘g‘ri tushunish demakdir.

Ikkinchi – tashqi sababga keladigan bo‘lsak, uni quyidagicha ifodalash mumkin:

Mutaaxxir ulamolarimiz barcha fanlarda o‘z kitoblarini mantiq ilmi istilohlari bilan boyitganlar. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z kitoblarini mantiq “tili” bilan yozganlar. Albatta, bu gapimiz kitobning barcha joyiga emas, balki asosan yuqorida aytilganidek, ta’rif va dalillar tahlil qilingan o‘rinlarga tegishlidir.

Shu sabab, ulamolarimiz bizga qoldirgan ulkan merosni tushunish, rivojlantirish va bu merosni xalqimiz hamda kelgusi avlodlarga yetkazish uchun mantiq ilmini o‘rganishimiz, tushunishimiz shart bo‘ladi. Aks holda bu ulkan merosni to‘liq tushuna olmaymiz. Zero, kitob yozilgan tilni bilmay, uni tushunib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda “mantiq ilmini o‘rganish kerak emas”, deyuvchilar tomonidan aytilgan bir shubha va uning javobini zikr qilib o‘tsak.
Ular: “Islomning avvalgi asrlarida mantiq ilmi mavjud bo‘lmagan, shunday bo‘lsa-da, mujtahid ulamolarimiz mantiq ilmiga ehtiyoj sezmagan holda dalillar, ta’riflar, ularning shartlari va turlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotni bilganlar. Demak, mantiq ilmini o‘rganish kerak emas”, deya zikr qiladilar.

Ushbu shubhaga quyidagicha javob beriladi: “Ha, u zotlar mantiq ilmini o‘rganmaganlar. Ammo, o‘zingiz aytganingizdek, ular biz nazarda tutayotgan ilmlar, ma’lumotlar, ta’rif va dalillarning qanday ekanligi, qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lganlar. Biz “mantiq ilmini o‘rganish kerak”, degan gapimiz bilan, ana shu ma’lumotlarni bilishni nazarda tutayapmiz”.

Bu xuddi nahv ilmiga o‘xshaydi. Ma’lumki, nahv va boshqa lug‘at ilmlari ham Islomning avvalgi asrlarida mavjud bo‘lmagan. Lekin ushbu ilmlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shubhasiz, o‘sha paytdagi ulamolarimizga ma’lum bo‘lgan. Holbuki, bugun hech kim nahv, sarf va boshqa lug‘at ilmlarini o‘tgan davrlarda o‘qish kerak bo‘lmagani uchun hozir ham o‘qish kerak emas, degan da’voni qilmaydi.

Agar sizda yoki bugungi asrimizda yashayotgan biror insonda xuddi avvalgi mujtahid imomlarimizda bo‘lgani kabi ta’rif va dalil to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, u inson uchun mantiq ilmini o‘rganish shart bo‘lmaydi. Lekin bugun shunday inson bormi?

Boz ustiga, ikkinchi sababda aytilganidek, biz ulamolarimiz kitoblarini, ularning maqsadlarini to‘g‘ri tushuna olishimiz uchun ular qo‘llagan uslubni yoki “til”ni bilishimiz shartdir.

Aslida, bu ilmni o‘rganish uchun birgina sababning o‘zi yetarli edi. Chunki bu ikki sababning har biri alohida bo‘lganda ham bizning bu ilmga naqadar muhtoj ekanligimizni ko‘rsatadi. Endi esa ikki sabab jamlanganda, ular ifoda etadigan ma’no birgina sabab ifoda etadigan ma’nodan kuchliroq va muhimroq bo‘ladi.

Ibrohim ERQULOV,

TII magistratura talabasi

460190cookie-checkMantiq ilmi nima uchun muhim?

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: