Islom ta’limotida kasallik faqat jismoniy holat emas, balki tarbiya, poklanish va ilohiy rahmatning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam kasallikka duchor bo‘lgan kishilarga tasalli berar, uni yomonlashdan qaytarar va bu holatning ma’naviy hikmatlarini bayon qilib berar edilar. Quyidagi rivoyat ham aynan shu haqiqatni ochib beradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ummu Saib (roziyallohu anho)ni kasallik paytida ziyorat qildilar. Uni qaltirab turgan holda ko‘rib:
– “Ey Ummu Saib, sizga nima bo‘ldi, nega titrayapsiz?” – dedilar. U:
– Isitma! Alloh uni barakali qilmasin! (kasallikka la’nat bo‘lsin), – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
– “Ey Ummu Saib, isitmani so‘kmang. Chunki u Bani Odamning gunohlarini, xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek, ketkazadi”, – dedilar.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kasallikning ilohiy hikmatlarini bayon qilib, shunday dedilar:
– “Albatta, Alloh taolo bandasini kasallik bilan uch holatdan biri uchun sinovdan o‘tkazadi:
- Agar bandaning gunohlari bo‘lsa, Alloh ularni kechirishni iroda qilsa;
- Agar bandasini O‘zidan uzoqlashganini ko‘rib, uni O‘ziga yaqinlashtirishni xohlasa;
- Yoki bandaning jannatda u uchun tayyorlangan joyi bo‘lib, qilmagan amallari o‘sha tayyorlangan joyga yetmay turganda, Alloh uni o‘sha maqomga yetkazishni iroda qilsa”.
Demak, kasallikda sabr qilgandan keyin bandaning oldida faqat yaxshilik bor: u tavbaga keladi, ibodatda sobit bo‘ladi va Allohga nisbatan go‘zal gumon bilan yashaydi.
Alloh taolo nihoyatda rahmlidir, bandalaridan azobni daf etuvchidir va U bizga onalarimizdan ham ko‘ra rahmliroqdir. Shuning uchun dardni Yaratganga arz qiling, Unga hamd bilan yuzlaning va qalblaringizni istig‘for bilan poklang.
Ushbu rivoyatdan anglashiladiki, Islomda kasallik jazolash vositasi emas, balki bandani tarbiyalovchi, uni gunohlardan poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi rahmat eshigidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam kasallikni yomonlashdan qaytarib, undagi ilohiy hikmatlarni ochib berdilar. Chunki mo‘min kishi uchun kasallik sabr, tavba va ibodat bilan qarshi olinsa, yuksalish va daraja oshishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, bu hadis bandaga har qanday holatda ham Alloh haqida go‘zal gumonda bo‘lish, dardini Unga arz qilish va qalbini istig‘for bilan poklash lozimligini o‘rgatadi. Zero, Alloh taolo bandalariga nihoyatda rahmli bo‘lib, U kasallik orqali ham O‘z qulining oxiratini obod qilishni iroda qiladi.
Demak, mo‘min inson uchun muhim bo‘lgan narsa kasallikning o‘zi emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sabr, shukr va ixlos bilan qarshi olingan har bir sinov oxir-oqibat bandani Alloh roziligiga yetaklaydi.
TII magistratura talabasi
Fazliddinov Saidburhon
Adham Sharqaviyning kitobi asosida tayyorlandi.






