islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Jadidchilik harakatining kelib chiqishi

Jadidchilik dastlab 19-asrning 80-yillarida Qrimda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida qrimtatarlar oʻrtasida vujudga keldi. Jadidchilik harakati namoyandalari koʻpincha oʻzlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. Oʻsha davrning ilgʻor taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Jadidchilik mohiyat eʼtibori bilan avvalo siyosiy harakat edi. Uning shakllanish va magʻlubiyatga uchrash davrlari boʻlib, ularni shartli ravishda toʻrtga boʻlish mumkin.

Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895-1905; 1906-1916; 1917-1920; 1921-1929-yillarni oʻz ichiga oladi. Birinchi davrda Turkistonda podsho Rossiyasining mustahkam oʻrnashib olishi kuzatiladi. U oʻz siyosiy agentlari (vakillari) yordamida mahalliy xon va amir vakolatlarini cheklabgina qolmay, ularni qoʻgʻirchoqqa aylantirib, rus va gʻarb sarmoyadorlarining ishlashi va yashashi uchun sharoit yaratadi, turli kompaniyalar, aksiyadorlik jamiyatlari manfaatini koʻzlaydi. Ayni chogʻda mahalliy aholining talab va ehtiyojlari nazarga olinmay qoʻyildi, diniy eʼtiqodlari, urf-odatlari bilan hisoblashmaslik, ularni mensimaslik kuchaydi. Hayotiy, ilmiy saviyasi yuqori boʻlgan qozilar tajribasiz kishilar bilan almashtirildi, poraxoʻrlik, ijtimoiy-siyosiy adolatsizlik avj oldi. Madrasa va maktablar faoliyatini cheklash, mahalliy joy nomlarini ruscha atamalar bilan almashtirish, hatto mahkama jarayonida qozilar boʻyniga xoch taqtirishgacha borildi. Oʻsha davr ahvolini Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻli (Dukchi eshon) xalqqa qarata oʻz „Xitobnoma“si (1898)da yaxshi bayon qilgan. Millat istiqbolini oʻylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari — hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uygʻotish — siyosiy-maʼrifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda Turkiston mintaqasida rivojlanish uchun oʻziga qulay zamin topdi. Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod va oʻz vatanlarini mustaqil koʻrishni orzu qildilar va shu yoʻlda kurashdilar. Jadidlarning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan quyidagi yoʻnalishlar ustuvor edi: yangi usul maktablari tarmogʻini kengaytirish; qobiliyatli yoshlarni chet elga oʻqishga yuborish; turli maʼrifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop qilish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish. Jadid ziyolilarining kuchli partiyasi tashkil qilingan taqdirdagina bu ishlarni amalga oshirish mumkin edi.

Jadidchilikning asosiy g’oya va maqsadlari

Turkistonni o’rta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa ma’rifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o’rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qo’shin tuzish.

Toshkent, Farg’ona, Buxoro, Samarqand va Xivada hur fikrli va taraqqiyparvar kishilarning ayrim guruhlari tomonidan ochilgan madaniy-ma’rifiy yo’nalishdagi jamiyat va uyushmalardan jadidchilik harakati shakllandi.

Turkiston mintaqasidagi asoschilari

Turkistonda jadidchilik harakatini vujudga keltiruvchilar tepasida Mahmudxo’ja Behbudiy, Abduqodir Shukuriy (Shakuriy), Ajziy (Samarqand), Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Majid Qori Qodiriy, Ubaydullaxo’ja

Asadullaxo’jayev (Ubaydulla Xoʻjayev), Toshpo’latbek Norbo’tabekov (Toshkent), Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxo’ja Po’latxo’jayev, Abdulvohid Burhonov, Sadriddin Ayniy, Abdulqodir Muhiddinov (Buxoro), Obidjon Mahmudov, Hamza, Cho’lpon, Is’hoqxon Ibrat, Muhammadsharif So’fizoda (Farg’ona vodiysi), Boltihoji Sultonov, Rahmonberdi

Madazimov, Fozilbek Qosimbekov (O’sh uyezdi), Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov (Xorazm) turardi.

Toshkent islom instituti talabasi Mahkamov Mirkamol

3648557cookie-checkJadidchilik harakatining kelib chiqishi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: