islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Halol va harom masalalarida “istihola”ning o’rni

Islom fiqhida har bir narsa haqida hukm berishda uning asl holati, sifati va foydalilik darajasi e’tiborga olinadi. Harom yoki najas bo‘lgan biror narsa o‘z holatini tubdan o‘zgartirib, boshqa bir pok va foydali modda holiga kirsa, bu holat istihola deb ataladi. Istihola so‘zi lug‘aviy jihatdan “o‘zgarish”, “tahavvul” ma’nolarini bildiradi. Fiqhiy nuqtai nazardan esa, bu – bir moddaning sifat jihatdan tubdan o‘zgarib, boshqa bir modda shakliga kirishidir.

Istiholaning ta’rifi va shartlari:

Istihola – najas yoki harom bo‘lgan moddada yuz beradigan shunday kimyoviy yoki tabiiy o‘zgarishki, natijada u modda boshqa bir moddaning mohiyatini oladi. Bu o‘zgarishda moddaning rangi, hidi, ta’mi, sifati va nomi butunlay o‘zgaradi. Masalan, inson najasi yoki spirtli ichimlik yer ostida uzoq yotib, tabiiy kimyoviy jarayon natijasida gazga yoki boshqa foydali moddalarga aylansa, bu istihola deb qaraladi.

Ushbu jarayonning fiqhiy jihatdan e’tiborga olinishi uchun quyidagi shartlar mavjud:

  1. Mohiyat o‘zgarishi: modda o‘zining asl sifatini butunlay yo‘qotib, yangi modda holiga kirishi.
  2. O‘zgarish tabiiy yoki sun’iy bo‘lishi mumkin: ba’zi fuqaholar tabiiy o‘zgarishni afzal deb biladi ammo ko‘pchilik sun’iy (kimyoviy) o‘zgarishni ham qabul qiladi.
  3. Istihola ochiq-oydin bo‘lishi: o‘zgarish shubhali yoki yuzaki bo‘lmasligi lozim.

Fiqhiy manbalarda istihola natijasida ba’zi holatlarda harom narsa halolga aylanishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Masalan:

Sharob sirka holiga kelsa, agar bu tabiiy tarzda bo‘lsa, ko‘pchilik ulamolar uni pok va halol deb hisoblaydi.

Odam yoki hayvon najasi tuproqqa aylansa, u yerda yetishtirilgan ekinlar halol bo‘ladi.

O‘lik hayvon terisi agar to‘liq kimyoviy qayta ishlash orqali yangi materialga aylansa (masalan, jelatin), ba’zi ulamolar bu holatni istihola deb bilib, uning halol bo‘lishi haqida ixtilof qilishgan.

Zamonaviy hayotda istihola masalasi:

Zamonaviy texnologiyalar, ayniqsa oziq-ovqat sanoatida kimyoviy jarayonlar yordamida najas yoki harom manbalardan turli qo‘shimchalar olinmoqda (masalan, E-kodli moddalardan ayrimlari hayvon yoki najas manbalaridan olinadi). Bu masalada istihola prinsipi muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, farmatsevtika, kosmetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida ham istiholaning hukmiy natijalari dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Istihola, fiqhiy jihatdan halol va haromlik masalalarida muhim o‘rin tutadi. Ulamolar bu masalada tafsilotli bahs yuritgan bo‘lib, istiholaning mavjudligi moddaning holatiga, o‘zgarish darajasiga va natijasiga qarab belgilanadi. Zamonaviy ilm-fan va texnologiya taraqqiyoti bu masalani yangicha yondashuv bilan ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Shu sababli, har bir holat alohida o‘rganilib, dalillarga asoslangan fatvolar berilishi lozim.

Kamoliddin DOSMATOV,

TII 4-kurs talabasi

446720cookie-checkHalol va harom masalalarida “istihola”ning o’rni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: