islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ta’rifot kitobiga tavsif

Ilmiy mazmundagi asar, kitob yoki maqolalarni o‘qish jarayonida o‘quvchi oldida ko‘plab istilohlar, atamalar, terminlar hamda maxsus ilmiy iboralar uchrab turishi odatiy holatdir. Chunki har bir ilmiy soha yoki fan o‘ziga xos terminologiya tizimiga ega. Ushbu terminlar o‘sha sohaning asosiy tushunchalarini aniq, qisqa va bir ma’noli tarzda ifodalashga xizmat qiladi. Agar oldimizdan bizga ma’lum bo‘lmagan istilohlar chiqsa, hozirgi kunda qiladigan ishimiz internet yoki sun’iy intellektdan foydalanishdir.

Internet va sun’iy intellekt tadqiqotlarda samarali vosita hisoblanadi. Ammo shuni ta’kidlash lozimki, bu ma’lumot har doim ham to‘liq va ishonchli bo‘lmaydi. Shu sababli, olingan ma’lumotlarni asl manbalar bilan solishtirib tekshirish zarur. Bu ilmiy tadqiqotlarda zaruriy ish bo‘lib, ilmiy aniqlik va ishonchlilikni ta’minlaydi.
To‘g‘ri, bu masalada ham biz internet va sun’iy intellektdan foydalangan holda ma’lumotni asl manbalariga tezroq solishtirishimiz mumkin. Lekin baribir bu yerdagi asl narsa – bu sun’iy ong emas, balki u ma’lumotni olgan manbalardir.

Bizdan oldingi davrlarda olimlar duch kelgan istilohlarning ma’nolarini topish ikki bosqichda amalga oshirilgan:

Birinchi bosqich – izlanayotgan atama aynan qaysi sohaga tegishli bo‘lsa, o‘sha sohada yozilgan asarlarni qidirib topish;

Ikkinchi bosqich – topilgan asarlar ichidan kerakli atama ma’lumotlarini izlab topish.

Sir emaski, bu ikki bosqichli qidiruv amaliyoti biroz murakkab bo‘lib, uni yengillashtiruvchi uslub va asarlarga ehtiyoj tug‘ilgan edi. Shu muammoni bartaraf etish hamda talaba va tadqiqotchilarning izlanish jarayonini osonlashtirish maqsadida mazhabimiz ulug‘ olimlaridan biri bo‘lmish Aliy ibn Muhammad ibn Aliy Sayyid Sharif Jurjoniy (1339–1413) o‘zining “Ta’rifot” (ta’riflar) nomli kitobini yozdilar.

Sayyid Sharif Jurjoniy Islom olamida katta martabaga ega, islom tarixidagi eng buyuk aql egalaridan biri bo‘lgan mashhur olimdir. U kishi ko‘plab kitoblar yozgan va ilmiy xizmatlari bilan tanilgan. Bizning diyorlarda u kishining Mas’ud ibn Umar Sa’diddin Taftazoniy (1322–1390) bilan birga Amir Temur (1336–1405) huzurida jam bo‘lganliklari mashhurdir.

Kitob falsafa, mantiq, tasavvuf, nahv, sarf, aruz va balog‘at kabi ilmiy sohalarga oid atamalar va tushunchalarni alifbo tartibida tizimli tarzda jamlagan. Asarning mazmuni o‘quvchilarga murakkab ilmiy tushunchalarni osonroq anglashga yordam beradi va turli ilmiy sohalar bo‘yicha terminologik aniqlikni ta’minlaydi. Shu sababli u nafaqat o‘sha zamondagilar uchun, balki keyingi avlod talabalari uchun ham muhim ilmiy manba sifatida qadrlanadi.

Sun’iy intellekt orqali olingan ma’lumotlarni asl manbalar bilan solishtirib qayta tekshirish zarurligini aytdik. Shu sabab Sayyid Sharif Jurjoniy yaratgan ushbu kitobning ahamiyati bugungi kunda ham o‘zgarmagan va aslo kamaymagan.
Bundan tashqari, Sayyid Sharif Jurjoniy murakkab masalalarni oson bayon qilish uslublari va yuksak aqliy darajalari bilan ajralib turganlar. Aslida mana shu ikki sababning o‘zi ham u kishining ushbu asarlarini o‘qish va o‘rganishga undaydi. Chunki olimlar: “Inson kitob o‘qiganida nafaqat muallif aytgan ma’lumotlarni, balki uning aqlini o‘qiydi”, deganlar.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, oldingizdan siz bilmagan yangi atama chiqib qolsa, sun’iy ongdan foydalanishga shoshilmang. “Ta’rifot”ni oching va islom tarixidagi eng buyuk “aql”lardan biriga sayohat qiling. Lekin aslida sayohatni boshlashingiz uchun oldingizdan yangi atama chiqishini kutishingiz shart emas…

 

Ibrohim ERQULOV,

TII magistr talabasi

459090cookie-checkTa’rifot kitobiga tavsif

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: