Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir ko‘zi ojiz (ko‘r) kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib, “Menga shifo berishini so‘rab, Allohga duo qiling” dedi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar xohlasang duo qilaman va agar xohlasang sabr qilgin va mana shu sen uchun yaxshisidir” dedilar. Ko‘zi ojiz kishi esa “Duo qila qoling” dedi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam unga tahorat olishlikni va tahoratini go‘zal qilishligini so‘ngra ushbu duo bilan duo qilishlikni buyurdilar:
اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ، وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّكَ مُحَمَّدٍ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ، إِنِّي تَوَجَّهْتُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَتِي هَذِهِ لِتُقْضَى لِيَ اللَّهُمَّ فَشَفِّعْهُ فِيَّ
(Imom Termiziy rivoyati 3578-hadis).
Duoning o‘qilishi (Allohumma inniy asaluka, va atavajjahu ilayka binabiyyik Muhammad Nabiyyir-Rohmah, inniy tavajjahtu bika ilaa Robbiy fiy haajatiy haazihi lituqzoo liya, Allohumma fashaffi’hu fiyya).
Ma’nosi: Allohim Sendan so‘rayman va Payg‘ambaring, olamlarga rahmat Payg‘ambar bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan Senga yuzlanaman. Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam Alloh meni bu hojatimni bajo keltirishi uchun men Siz bilan ushbu hojatim borasida Robbimga yuzlandim. Ey Allohim U(Muhammad sollallohu alayhi va sallam)ning men boramdagi shafoatlarini qabul etgin.
Ushbu hadis boshqa muhaddislar tomonidan ham rivoyat qilingan bo‘Iib, uni sahih deyishgan. Xususan Imom Ahmad rohimahulloh musnadida ushbu hadisni keltirib, unda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam tahoratdan so‘ng ikki rakat namoz o‘qishga ham buyurganliklarini rivoyat qilgan.
Imom Nasoiy rohimahulloh esa bu hadisning oxirida “Bu duodan so‘ng Alloh taolo uning ko‘zini ochdi” deb aytgan va Imom Ibn Moja va ibn Xuzayma rohimahumallohlar ham “U ko‘rishni boshladi” deb ziyoda qilishgan.
Bu dunyoda biror-bir kasallik yo‘q-ki, uni davosi bo‘lmasa, dardni yaratgan Zot shifosini ham O‘zi xohlagan kishisiga ato etadi. Ammo Alloh taolo xohlamasa na tibbiyot va na davo dardga yordam bera olmaydi.
Ta’bir joiz bo‘lsa bu hadis borasida ustozlarimizdan eshitgan, biz yashayotgan asrda sodir bo‘lgan bir voqea xulosasini keltirib o‘tamiz: “Juma kuni ushbu hadisni xutbada insonlarga aytdim, namozdan keyin bir kishi ushbu duoni yozib berishimni iltimos qildi. Yozib berdim. Bir necha kunlardan keyin oldimga yig’lab kelib, unda o‘limga olib boradigan saraton kasalligi borligini va ushbu duoni o‘qib, Allohdan shifo so‘raganini va bir kuni bosh miyya qismini aparatga tushirganda unda hech qanday kasallik yo‘qligini va bundan doktorlar juda ajablanganini aytib berdi. Alloh naqadar buyuk va rahimli zot!”.
Toshkent islom instituti bitiruvchisi Mirabbos YOROV






