O‘zbek xalqi tarixida shunday buyuk shaxslar borki, ularning nomi nafaqat bir xalq yoki bir hudud bilan, balki butun jahon sivilizatsiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ana shunday ulug‘ siymolardan biri — Zahiriddin Muhammad Boburdir. Bobur shaxsi o‘zida bir necha fazilatlarni mujassam etgan noyob tarixiy hodisadir: u zabardast sarkarda, dono davlat arbobi, nozik didli shoir, iste’dodli yozuvchi, tarixchi va geograf olim sifatida mashhurdir. Uning hayoti tinimsiz kurashlar, siyosiy to‘qnashuvlar, g‘alaba va mag‘lubiyatlar, hijrat va safarlardan iborat bo‘lsa-da, u har qanday vaziyatda ham ilm va ijodni tark etmagan.
Bobur asos solgan Boburiylar imperiyasi Hindiston tarixida uch yuz yildan ortiq hukmronlik qilib, u yerda kuchli davlat tizimi, boy madaniyat va ulkan me’morchilik merosini yaratdi. Shu bilan birga, Boburning adabiy merosi — ayniqsa “Boburnoma” — jahon memuar adabiyotining eng nodir namunalaridan biri sifatida qadrlanadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijon shahrida tug‘ilgan. Otasi Umarshayx Mirzo Amir Temurning beshinchi avlodi bo‘lib, Farg‘ona viloyatini boshqargan. Onasi Qutlug‘ Nigorxonim esa Chingizxon sulolasidan edi. Demak, Bobur ikki buyuk tarixiy sulolaning qonini o‘zida jamlagan. Bu nasab Boburga ikki muhim meros qoldirdi: Temuriylardan – davlat boshqaruvi, ilm-fan va madaniyatga e’tibor, Chingiziylardan – harbiy jasorat va sarkardalik ruhi. Shu bois Bobur yoshligidan o‘zini buyuk ishlar uchun mas’ul deb his qilgan.
Bobur saroy muhitida puxta ta’lim oldi. U arab va fors tillarini mukammal o‘rgandi, she’riyatni sevdi, tarix va geografiyani chuqur egalladi. Yoshligidanoq kundalik yozish odati paydo bo‘ldi. Keyinchalik bu odat “Boburnoma”ning asosini tashkil etdi.Bobur o‘z xotiralarida yoshligidagi ilmga muhabbatini bevosita ko‘rsatadi. U voqealarni shunchaki sanab o‘tmaydi, balki ularni tahlil qiladi, sabablarini tushuntiradi. Bu esa uning fikrlash doirasi keng bo‘lganini bildiradi.
1494-yilda otasi vafot etgach, 12 yoshli Bobur taxtga o‘tirdi. Bu juda og‘ir mas’uliyat edi. Yosh hukmdor bir vaqtning o‘zida ichki nizolar va tashqi dushmanlar bilan kurashishga majbur bo‘ldi. Bobur bu davrni “Boburnoma”da samimiy tasvirlaydi. U o‘zini yosh va tajribasiz deb tan oladi, ammo qat’iyat bilan harakat qiladi. Aynan shu davr uning xarakterini chiniqtirdi. Boburning eng buyuk orzusi Samarqandni egallash edi. U bu shaharni bir necha bor qo‘lga kiritdi, biroq saqlab qola olmadi.U Samarqandni shunchaki shahar emas, balki ma’naviy meros deb bilgan. Shayboniyxon bilan to‘qnashuvlar Shayboniyxon bilan janglar Bobur uchun eng og‘ir sinov bo‘ldi. U mag‘lubiyatlarni ham ochiq yozadi. Bu uning rostgo‘yligini ko‘rsatadi.
1504-yilda Bobur Qobulni egalladi va mustaqil davlat tuzdi. Qobul haqida u juda iliq so‘zlar bilan yozadi: “Qobul viloyati xush havo, latif va safoliqdur, bog‘lari va mevalari bisyordur”. Bu tasvir Boburning tabiatga mehrini ko‘rsatadi. U hukmdor bo‘lsa ham, atrof-muhit go‘zalligini chuqur his etgan.
1526-yilda Panipat jangida Bobur Ibrohim Lo‘diy ustidan g‘alaba qozondi. Bu jang Hindiston tarixini o‘zgartirdi. Bobur jang tafsilotlarini batafsil yozib qoldirgan. U harbiy tartib-intizom va yangi qurollardan foydalanishni alohida ta’kidlaydi. Natijada Boburiylar imperiyasi vujudga keldi.
Bobur nafaqat hukmdor, balki yirik shoir edi. Uning devonida g‘azal, ruboiy, tuyuq va qit’alar mavjud. She’rlarida inson qalbining nozik kechinmalari aks etadi.
“Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu, xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu”. Bu baytda Bobur boshidan kechirgan qiyinchiliklarni ifodalaydi.
“Boburnoma” – nodir memuar “Boburnoma” tarix, adabiyot va geografiyani birlashtirgan noyob asardir. Unda voqealar nihoyatda samimiy bayon etiladi.
“Ko‘nglumda ne kechsa, tilga andog‘ kelur, yolg‘on so‘zlamoq odatim yo‘q.”
Bu jumla Boburning haqiqatparvarligini ko‘rsatadi. Quyidagi mashhur bayti esa harkim qilgan amaliga ko’ra hisob qilinib, mukofot yoki jazo olishi haqida yozilgan:
“Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir”.
Bobur she’riyatida vatan sog‘inchi, hijrat alami, ishq, tabiat, insoniylik kabi mavzular yetakchi o‘rin tutadi. Tarixchilar Boburni: jasur sarkarda, kamtar inson, adolatli hukmdor, ilmparvar shaxs sifatida tasvirlaydilar. U askarlar bilan birga yurish qilgan, oddiy hayot kechirgan. Shu sababli xalq uni hurmat qilgan.
Boburning jahon tarixidagi o‘rni: U Movarounnahr va Hindistonni bog‘ladi, Boburiylar imperiyasiga asos soldi, o‘zbek adabiyotini yuksak bosqichga ko‘tardi, “Boburnoma” orqali jahon memuar adabiyotiga ulkan hissa qo‘shdi. Bugungi kunda uning nomi bog‘lar, ko‘chalar, ilmiy muassasalar va madaniy maskanlarga berilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur — tarix sahnasida kam uchraydigan buyuk shaxslardan biridir. U adolat bilan davlat qurdi, qalam bilan esa abadiy meros qoldirdi. Uning hayoti jasorat, sabr-toqat va ilmga muhabbat namunasi bo‘lib, kelajak avlodlar uchun ibrat maktabidir.
Bobur merosi — bu nafaqat tarix, balki ma’naviyat xazinasidir.
Toshkent islom instituti 202-guruh talabasi Komiljon Abdujaliliy tayyorladi






