“Til bilgan, el biladi” (Oʻzbek xalq maqoli)
Xalqimizda “til bilgan, el bilar”, “tilga eʼtibor – elga eʼtibor” degan hikmatli maqollar mavjud. Dunyodagi qaysi bir xalqni olmaylik, uning oʻz oʻrni, mavqei, milliyligi va tarixiy rivojlanish yoʻli bor. Xalqning madaniy-maʼnaviy boyligi, aql-idroki, tafakkuri hamda ilmiy va tarixiy boyliklari uning tilida oʻz ifodasini topadi. Til – ilm oʻrganish kalitidir. Tillarni puxta bilish – katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuning uchun ham dono xalqimiz “ish bilganga bir tanga, til bilganga ming tanga” deb bejiz aytishmagan. Hozirgi davrda ham ishni, ham chet tillarini bilish shart deb oʻylaymiz. Shunday ekan, har doim oʻqish va oʻrganishdan toʻxtamanglar.
Maʼlumki, til – bu xalq madaniyatini tushunishda ramziy boshqaruvchi, leksika esa madaniyatning his-tuygʻularga boy ifodasidir. Til inson maʼnaviyatining eng buyuk mahsuli hamda maʼlum bir fikrni ifoda etuvchi vositadir. Qolaversa, til madaniyat tashuvchisi boʻlib, u ajdodlardan avlodlarga milliy madaniyat xazinasini meros qilib qoldiradi. Yosh avlod ona tilini oʻzlashtirish bilan birga ajdodlarning boy madaniy tajribasini ham oʻrganadi. Jamiyatda sodir boʻlayotgan barcha oʻzgarishlar tilda oʻz aksini topadi.
Bugun jadallik bilan rivojlanib borayotgan jamiyatda til bilishning ahamiyati beqiyosdir. Yangi Oʻzbekistonimizda uchinchi Renessans poydevorini mustahkam qurishda, ilm-fan taraqqiyoti negizida tillarni oʻrganish juda muhim. Globallashuv sharoitida yangiliklardan bir xil xabardor boʻlish, ularni tahlil va tadqiq qilishda turli tillarni ilmiy nuqtai nazardan oʻrganish, ularni ona tilimiz bilan qiyoslash va natijalarni asoslash davlat tilining mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
“Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash…” Davlat dasturiga muvofiq, xorijiy tillarni oʻrgatishni taʼlim siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida rivojlantirish, taʼlim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarga boʻlgan qiziqishini oshirish belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-sonli qarorida ham yoshlarni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash, ularga fan asoslaridan chuqur bilim berish, zamonaviy dunyoqarashini shakllantirish lozimligi taʼkidlangan. Ularni estetik tarbiyalash va turli sohalarda mehnat qilishga tayyorlashda chet tili ham oʻz hissasini qoʻshadi.
Chet tillarini oʻrganish va oʻrgatish jonajon Oʻzbekistonimizda ham davr talabiga aylandi. Mustaqillikdan keyin xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqish ortdi va koʻplab imkoniyatlar yaratildi. Malakali kadrlar tayyorlash jarayonini jahon taʼlim darajasiga yetkazish uchun muayyan vazifalarni amalga oshirish lozim. Dunyo ilm-fani yutuqlaridan bahramand boʻlish – davr talabidir. Shu maqsadda samarali yoʻllarni izlash va zamonaviy oʻqitish metodlarini yaratish tilshunos olimlarimiz, oʻqituvchilarimiz va bilimli yoshlarimiz oldidagi dolzarb vazifadir.
Hozirgi davrda taʼlim taraqqiyoti innovatsion texnologiya va zamonaviy metodlarni keltirib chiqardi. “Innovatsiya” – inglizcha soʻz boʻlib, “kiritilgan yangilik, ixtiro” maʼnolarini bildiradi. “Yangilik” esa – bu vosita, yangi metod va metodika demakdir. Innovatsiya – bu maʼlum bosqichlar boʻyicha rivojlanadigan taʼlimiy jarayondir. Chet tili – bu xorijiy mamlakat tilidir. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ingliz, arab, turk, ispan, nemis, rus, fransuz, xitoy, hind kabi koʻplab tillar oʻqitilmoqda. Chet tili oʻqituvchisi metodika fani yutuqlarini egallash orqali talabaning til tajribasini aniq bilishga va uni takomillashtirishga erishadi.
Chet tillarini samarali oʻrgatish metodika masalalarini nazariy ishlab chiqishga va uning amalda ijodiy qoʻllanilishiga bogʻliqdir.
Chet tilini oʻrgatish – ona tili va ikkinchi tildan keskin farqlanadi. Bu esa tegishli oʻqitish texnologiyasini qoʻllashni taqozo etadi. Fan asosiy toʻrtta nutq qobiliyatiga, yaʼni oʻqish, yozish, tinglab-tushunish va gapirishga boʻlinadi. Taʼlim texnologiyalari – bu jarayonda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish demakdir. Bu orqali taʼlim sifati va samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda. Tinglab-tushunish uchun kompyuter, pleyer, CD disklar va mobil telefonlardan foydalaniladi. Bunda oʻquvchining talaffuzi, grammatikasi va soʻz boyligiga alohida eʼtibor beriladi.
Chet tilini oʻqitish metodi – bu oʻqituvchi va oʻquvchi faoliyatining majmuasi boʻlib, u amaliy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlarga xizmat qiladi. Darsning oʻyinlar asosida oʻtilishi talabalarning diqqatini jamlash va bilimlarini oshirishni taʼminlaydi. Oʻyin – oʻqitish usullaridan biri boʻlib, talabalar bunday darslarda faol qatnashadilar. Hozirgi taʼlimda oʻquvchi va talaba markazda boʻlishi, interfaol (suhbatli) metodlarga koʻproq eʼtibor berish lozim.
Ingliz tili darslarining muhim talabi – oʻrganuvchilarni mustaqil fikrlashga oʻrgatishdir. Buning uchun talaba va oʻquvchidan qiziqish, motivatsiya va tildan amalda toʻgʻri foydalanish talab etiladi.
Quyidagi interfaol usullarning afzalliklarini koʻrib chiqamiz:
- “Muammoli vaziyat yechimi”: Hikoyaning boshlanishi oʻqib beriladi, yakunlash esa oʻquvchilarga havola qilinadi.
- “Tezkor javob”: Oʻtilgan dars samaradorligini oshirishga yordam beradi.
- “Pantomima”: Qiyin mavzularni tushuntirishda yoki oʻquvchilar charchagan paytda qoʻl keladi.
- “Hikoya zanjiri”: Oʻquvchilarning ogʻzaki nutqini oʻstirishga xizmat qiladi.
- “Rolli oʻyinlar”: Darsning barcha shakllarida qoʻllanilishi mumkin.
- “Allomalar yigʻini”: Navoiy, Shekspir, Bobur kabi allomalarning hikmatli soʻzlari yordamida yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashda foydalaniladi.
- “Rasmlar soʻzlaganda”: Ogʻzaki nutqni rivojlantirishga yordam beradigan qulay usuldir.
Ingliz tilida gapirish qobiliyatining pastligi koʻp oʻquvchilarda kuzatiladi. Buning sababi – talabalar til oʻrganayotganda faqat lugʻat va grammatikaga eʼtibor berishadi. Natijada xato qilishdan qoʻrqish yoki ona tilida fikrlash kabi qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bu kamchilikni bartaraf etish uchun talaffuz, tinglab-tushunish va soʻz boyligidan unumli foydalanish kabi jihatlarga alohida ahamiyat berish kerak.
Oʻqituvchilar tegishli usullardan xabardor boʻlishsa, talabalarning nutq mahoratini oshirib, ularni ragʻbatlantiradilar. Innovatsion texnologiyalar yosh avlodning tezkor va samarali bilim olishini taʼminlaydi. Oʻqituvchining vazifasi – amaliy til oʻrganish uchun shart-sharoit yaratish va toʻgʻri oʻqitish usullarini tanlashdir.
Xulosa qilib aytganda, ingliz tilini oʻrganishda interfaol usullardan foydalanish juda muhimdir. Bu usullar natijasida oʻquvchilarning mantiqiy fikrlashi va nutqi rivojlanadi, tez va toʻgʻri javob berish malakasi shakllanadi. Interfaol usullar oʻquvchilarda bilimga boʻlgan qiziqishni uygʻotib, ularni taʼlim jarayonining faol ishtirokchisiga aylantiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-sonli qarori.
- Oʻ. Hoshimov, I. Yoqubov. Ingliz tili oʻqitish metodikasi. Toshkent, 2003.
- J. Jalolov. Chet tilini oʻqitish metodikasi. Toshkent, 2012.
- hazratnavoi.uz sayti maʼlumotlari.
Tayyorladi: “Tillar” kafedrasi katta oʻqituvchisi Faxriddin Yernazarov






