islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Ibn Abu Dovud Sijistoniyning hayoti va ilmiy merosi

Hadis, fiqh va qiroat ilmlarini o’rganish, tadvin qilish milodiy sakkizinchi asr oxiri, to’qqizinchi asr boshlariga kelib keng ko’lamda tarqala boshlandi. Bularni o’rganib, o’zidan keyingi avlodlarga o’rgatishda Ibn Abu Dovud ham bemisl iz qoldirgan ulamolar orasida salmoqli o’rin egallaydi.

Ibn Abu Dovud hijriy 230-yilda (milodiy 844-yil) dunyoga kelgan. Tug’ilgan joyi haqida manbalarda Sijiston yoki Isfahon deb qayd etilgan. Ibn Abu Dovud ilm va salohiyati bilan mashhur, ziyoli oilada tug’ilib, otasining ilmiy va tarbiyaviy rahbarligi ostida voyaga yetdi, uning otasi hadis ilmi sohasida Basraning ulug’ allomalaridan, ahli sunna ulamolarining buyuk yetakchilaridan biri, ahli bidatlarga qarshi turuvchi buyuk olim, “Sunan” asarining muallifi Abu Dovud Sulaymon ibn Ash’asning o’g’lidir. Allomaning to’liq ismi Abu Bakr Abdulloh ibn Sulaymon ibn Ash’as ibn Is’hoq ibn Bashir ibn Shaddod ibn Amr ibn Imron as-Sijistoniy bo’lib, kunyasi Abu Bakr, Ibn Abu Dovud nomi bilan mashhur bo’lgan.

Abu Dovud ilm-maʼrifatga to‘la uyda voyaga yetdi va otasining homiyligi ostida tarbiya topdi. Otasi – sunnat ilmining himoyachisi, ulug‘ muhaddis va zamonasining imomi edi. U fiqhda, ilmda, hadislarda mustahkam bilimga ega bo‘lib, Qurʼon va sunnatni o‘zida mujassam qilgan buyuk ulamolardan biri edi. Otasi taqvo, ibodat va halollikda peshqadam bo‘lgan, sunnatga qatʼiy amal qilgan, va bidʼatga qarshi kurashgan. Shu bilan birga, u mashhur kitoblardan biri boʻlgan “Musohif” nomli asarning muallifi edi.

Ibn Abu Dovud kuchli xotirasi bilan ajralib turar, hadislarni yodlar edi. Shuningdek, u ilm majlislarida va ilm halqalarida ishtirok etar edi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, Al-Azhariy shunday degan: “Men Ahmad ibn Ibrohim ibn Shohdo‘ndan eshitganman. U shunday dedi: “Abu Bakr ibn Abu Dovud Sajistonga Amr ibn al-Lays davrida keldi. Hadis ahli u bilan uchrashish uchun to‘planishdi va undan hadis aytib berishini so‘rashdi. U ularga bunday dedi: “Yonimda kitoblarim va yozuvlarim yo‘q”. Shunda ular: “Bu Abu Dovudning o‘g‘li emasmi?”, deb so‘rashdi. Abu Bakr esa: “Ha, men Abu Dovudning o‘g‘liman”, dedi. Keyin ularga men yodimda saqlab qolgan o‘ttiz ming hadisimni o‘qib berdim. Ibn Abu Dovudning eng mashhur asari “Kitab al-Masahif” bo‘lib, bu kitobda Qur’on qiroatlari, mus’haflarning turli nusxalari va Qur’on matnining tarixiy rivojlanishi haqida ma’lumot berilgan. Ushbu asar Qur’on ilmlarida muhim o‘rin tutadi va musulmon jamiyatida ilmiy qadriyatga ega.

Ibn Abu Dovud o‘z zamonasida ilm-fan va taqvo bobida yetakchi shaxs bo‘lgan. U Qur’on va hadis ilmlarini o‘rganish va o‘rgatishga butun hayotini bag‘ishlagan. Uning ilmiy faoliyati faqat hadis ilmi bilan cheklanib qolmay, fiqh va qiroat sohalarini ham qamrab olgan.

U Misr va Shomning ko‘plab shayxlari bilan uchrashgan. Shuningdek, Buxoriy, Muslim va Sunan sohiblari bilan ham uchrashgan. Shuningdek, U otasi bilan sayohat qilgan turli mamlakatlarning shayxlaridan ilm olgan va otasi bilan 65 nafar shayxga sherik bo‘lgan. Ulardan 22 nafari Imom Buxoriy shayxlari, 17 nafari esa Imom Muslimning shayxlari hisoblanadi.

Ibn Abu Dovud (Alloh rahmat qilsin) juda ko‘p foydali kitoblar tasnif qilgan. Bizga ularning ba’zilari yetib kelgan bo‘lsa-da, ba’zilari haqida hech qanday ma’lumotga ega emasmiz. Ularning ichida quyidagilar bor:

Tafsirga oid asarlari: “At Tafsir”, “Shariatu’t-Tafsir”,

Quron ilmlariga oid asarlari: “An-Nasixu va-l-Mansux”, “Al-Qiroat (Qiroatlar)”, “Shariy’atul-Maqoriy” (Qorilar shariati), “Fada’ilul-Qur’on”, “Nazmul-Qur’on”,

Hadisga oid asarlari: “Al-Musnad fil-Hadis”, “As-Sunan fil-Hadis”, “Kitobul-Masobih”,

Aqidaga oid asarlari: “Kitobul-Ba’s”

Ibn Abu Dovudning hayot yo’li 80 yoshdan oshganida o’z nihoyasiga yetdi. U 316 hijriy yil zulhijja oyining 16-sanasida, dushanba kuni vafot etdi. Uning sharafiga juda ko’p odamlar yig’ilib, janoza namozi o’qishgan, hatto aytilishicha, unga sakkiz martadan ko’proq janoza namozi o’qilgan. Bu uning naqadar hurmatga sazovor inson bo’lganligini ko’rsatadi. Ibn Abu Dovud o’zidan keyin ilmga muhabbat bilan yashagan farzandlar va boy ilmiy meros qoldirgan.

Hikmatulloh XUDASHKUROV,

 Toshkent islom instituti talabasi

439950cookie-checkIbn Abu Dovud Sijistoniyning hayoti va ilmiy merosi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: