islom-instituti@mail.ru         71-227-42-37

Ayollar nafaqasi vojiblik hukmining shar’iy asoslari

Annotatsiya:

Ushbu maqolada ayol nafaqasining shar’iy asoslari va uning vojiblik hukmi islom fiqhi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Xususan, Qur’oni karim oyatlari, hadislar hamda fiqh ulamolarining qarashlari asosida ayolning moddiy ta’minoti er zimmasiga yuklatilgan majburiyat ekani yoritib beriladi. Shuningdek, nafaqaning mohiyati, uning vojib bo‘lish shartlari va ijtimoiy ahamiyati ilmiy-ommabop tarzda bayon etiladi. Maqolada oilaviy barqarorlikni ta’minlashda nafaqa o‘rni alohida ta’kidlanadi.

Kalit so‘zlar: nafaqa, fiqh, ta’minot, oila, shar’iy hukm, vojib, islom fiqhi.

Bugungi kunda ayollar jamiyatning muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Ularning ijtimoiy ta’minoti har bir davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, ayollarga beriladigan nafaqalar ularning moddiy ahvolini yaxshilash, oilaviy barqarorlikni ta’minlash hamda farzandlar tarbiyasini qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyatga ega.

Islom dini inson hayotining barcha jabhalarini, jumladan, oilaviy munosabatlarni ham mukammal tarzda tartibga soladi. Oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, undagi barqarorlik er va xotinning o‘zaro huquq va majburiyatlariga bog‘liqdir. Shunday muhim masalalardan biri – ayolning nafaqasi bo‘lib, u islom shariatida er zimmasiga yuklatilgan asosiy majburiyatlardan biri hisoblanadi. Ayollarning nafaqasi Qur’on, sunnat va ijmo’ asosida vojib qilingan.

«Nafaqa» atamasi lug‘aviy ma’noda mablag‘ni yaxshilik yo‘lida sarflashni bildiradi. Shariatda esa u shaxsning o‘z zimmasidagi insonlarni asosiy hayotiy ehtiyojlar, ya’ni oziq-ovqat, kiyim-kechak va turar joy bilan ta’minlash majburiyatidir.

Nafaqaning erga vojib bo‘lishi Qur’on, sunnat, ijmo’ va aql ila sobit bo‘lgan.

Qur’ondan dalillar:

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

لِیُنفِقۡ ذُو سَعَةࣲ مِّن سَعَتِهِۦۖ وَمَن قُدِرَ عَلَیۡهِ رِزۡقُهُۥ فَلۡیُنفِقۡ مِمَّاۤ ءَاتَىٰهُ ٱللَّهُۚ لَا یُكَلِّفُ ٱللَّهُ نَفۡسًا إِلَّا مَاۤ ءَاتَىٰهَاۚ سَیَجۡعَلُ ٱللَّهُ بَعۡدَ عُسۡرࣲ یُسۡرࣰا

«Rizqi keng kengligidan nafaqa qilsin. Kimning rizqi tor qilingan bo‘lsa, unga Alloh berganidan nafaqa qilsin. Alloh hech bir jonga O‘zi berganidan ortiqchani yuklamas. Alloh qiyinchilikdan so‘ng tezda osonlikni berur»[1].

Va yana Alloh taolo aytadiki:

وَعَلَى ٱلۡمَوۡلُودِ لَهُۥ رِزۡقُهُنَّ وَكِسۡوَتُهُنَّ بِٱلۡمَعۡرُوفِۚ

«Ularni ma’ruf ila yedirib, kiyintirish tug‘dirganning zimmasidadir»[2].

Alloh taolo yana shunday deb buyuradi:

أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُم مِن وُجْدِكُمْ

«U (ayol)larga imkoningiz boricha o‘zingiz yashab turgan joydan joy bering»[3].

Sunnatdan dalillar:

عن جابر رضي الله عنه، قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «…فاتقوا الله قي النساء، فإنكم أخذتموهن بأمان الله، واستحللتم فروجهن بكلمة الله، ولكم عليهن أن لا يوطئن فروشكم أحدا تكرهونه، فإن فعلن ذلك فاضربوهن ضربا غير مبرح، ولهن عليكم رزقهن، وكسوتهن بالمعروف».

Imom Muslim, Abu Dovud va Molik Vidolashuv haji hadisida Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

«Bas, ayollar haqida Allohdan qo‘rqinglar! Chunki siz ularni Allohning omonati ila olgansizlar. Ularning farjlarini Allohning kalimasi ila halol qilib olgan-sizlar. Sizlar uchun ularning zimmasida siz yomon ko‘rgan biror kishiga to‘shaklaringizni bostirmaslik majburiyati bor. Agar o‘shani qilsalar, ularni achitmaydigan qilib uringlar. Ular uchun sizning zimmangizda ma’ruf yo‘l bilan rizqlari va kiyimlari majburiyati bor»[4].

عن حكيم بن معاوية القشيري رضي الله عنه، قال: قلت: يا رسول الله، ما حق زوجة أحدنا عليه؟ قال: «أن تطعمها إذا طعمت، وتكسوها إذا اكتسبت، أو اكتسبت، ولا تضرب الوجه، ولا تقبح، ولا تهجر إلا في البيت».

Hakim ibn Muoviya Qushayriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ey Allohning Rasuli, bizda xotinlarimizning nima haqqi bor?» dedim. U zot:

«Qachon taomlansang, uni ham taomlantirgin. Qachon kiyim kiysang – yoki topganingda – uni ham kiyintirgin. Yuziga urmagin. qattik so‘kmagin va uydan boshqa joyda hijron qilmagin», dedilar»[5].

Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.

عن عائشة: أن هند بنت عتبة، قالت: يا رسول الله، إن أبا سفيان رجل شحيح، وليس يعطيني ما يكفيني وولدي، إلا ما أخذت منه وهو لا يعلم، فقال: «خذي ما يكفيك وولدك بالمعروف».

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Hind bint Utba: «Ey Allohning Rasuli, Abu Sufyon xasis odam, menga va bolamga yetarli narsa bermaydi. Unga bildirmagan holda undan olganimdagina (yetishi mumkin)», dedi. Shunda u zot: «O‘zingga va bolangga yetarlisini insof bilan olaver», dedilar»[6].

Ikki shayx rivoyat qilishgan.

Islom ulamolari ayollarning nafaqasi er zimmasiga vojib bo‘lishi borasida ittifoq qilganlar. Aqliy jihatdan ham bu holat asosli bo‘lib, ayol erining xizmatida va uning ixtiyorida yashaganidan keyin, uni moddiy jihatdan ta’minlash mas’uliyati er zimmasiga yuklatiladi.

Quduriy rahimahulloh aytadi: xotinning nafaqasi, xoh u muslima, xoh kofir ayol bolsin, erning zimmasiga vojibdir. Agar xotin o‘zini erning uyiga topshirib qo‘ygan bo‘lsa (yani erining uyiga ko‘chib o‘tgan bolsa), erning zimmasiga ayolning nafaqasi, kiyim-kechagi va yashash joy bilan ta’minlash vojib bo‘ladi. Chunki nafaqa (ayolning er huzurida) turishining mukofoti (evazidir). Kimni boshqaning maqsadini amalga oshirish maqsadida ushlab turilsa, ushlab turganning zimmasiga uning nafaqasi vojib bo‘ladi. Yuqorida aytilgan dalillarda (yani oyati karima va hadisda) (nafaqa beriladigan odamlar) ajratib ko‘rsatilmagan. Shunday ekan, (ayol xoh boy, xoh kambag‘al, xoh eri jinsiy yaqinlik qilgan yoki qilmagan, erining uyiga ko‘chib o‘tgan, xoh ko‘chib o‘tmagan bo‘lishidan qat’iy nazar) muslima bo‘lsa ham, kofira bo‘lsa ham, ta’minot borasida ular barobar bo‘ladilar[7].

Ayolni nafaqa bilan ta’minlash masalasida er-xotinning moddiy ahvoli muhim omil sifatida qaraladi. Fiqhiy jihatdan nafaqa miqdori qat’iy belgilab qo‘yilmagan bo‘lib, u erning moliyaviy imkoniyati va ijtimoiy holatidan kelib chiqib aniqlanadi. Shunga ko‘ra, boy kishi o‘z boyligiga mos tarzda kengroq nafaqa berishi vojib bo‘lsa, moddiy imkoniyati cheklangan er esa o‘z holatiga muvofiq darajada ta’minot qilish bilan kifoyalanadi. Bu esa shariatning adolat va muvozanat tamoyillariga mos keladi.

Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh aytadiki, ta’minot borasida er-xotin holatlarini e’tiborga olish Abu Bakr Ahmad al-Xassof rahimahullohning tanlovi bo‘lib, fatvo shunga berilgan. Abu Bakr Ahmad al-Xassof rahimahulloh so‘zining izohi shuki, agar er-xotin badavlat bo‘lsalar, ayolga badavlatlarga munosib nafaqa berish vojib boladi. Agar kambag‘al bo‘lsalar, ayolga kambag‘alning nafaqasi vojib bo‘ladi. Agar xotin kambag‘al, er boy bolsa, xotinga boylarning nafaqasidan kamroq kambag‘allar nafaqasidan ko‘proq nafaqa tayinlash vojib bo‘ladi[8].

Erga xotini uchun vojib nafaqalar besh qismdir:

  1. Taom.

Bunga oziq-ovqat, ichimlik va ovqatga qo‘shib yeyiladigan narsalar (sirka, yo va shunga o‘xshash) hamda taom pishirish uchun ketadigan barcha narsalar kiradi. Taomning miqdori yetarli bo‘lishi kerak, mazkur miqdor erning boy-kambag‘alligiga qarab belgilanadi.

  1. Kiyim.

Yetarli darajada, bir sidra kiyim-kechak doimo bo‘lishi kerak. Hanafiy va shofeiy mazhablarida: «Har olti oyda bir sidra yangi kiyim olib beriladi», deyilgan.

  1. Maskan.

Er o‘z xotinini maskan bilan ta’minlashi vojib. Maskan erning moliyaviy imkoniyati darajasida bo‘ladi. Shu bilan birga, maskan to‘liq jihozlangan bo‘lishi shart. Unda yashash uchun kerakli har bir narsa bo‘lishi lozim.

  1. Agar xotin xizmatkor ishlatib yuradigan toifadan bo‘lsa, xizmatkor yollab berish ham uning nafaqasiga kiradi.
  2. Tozalik asbob-anjomlari va uy-ro‘zg‘or uchun kerakli matohlar[9].

Agar xotin eri (nikoh vaqtida naqd berishga kelishilgan) mahrni bermagunicha, o‘zini uning qo‘liga topshirishdan bo‘yin tovlasa, (garchi ayol erining uyiga bormasa ham) unga nafaqasini berishi lozim bo‘ladi. Chunki (ayol tomonidan) bo‘yin tovlash haq sababli (yani ayol naqd olish kerak bo‘lgan mahrini talab qilgani uchun) dir. Shunda erning ayolini uyida ushlab tura olmagani er tomondan sodir bo‘lgan ayb sababli yuzaga keldi. Shuning uchun (bu holatda) erning ayolini ushlab turish haqqi yo‘qolmagandek holatdagidek qaraladi[10].

O‘zboshimchalik bilan erining uyidan chiqib ketgan, qarz uchun hibsga olingan, kasalligi tufayli kuyovning uyiga keltirilmagan, zo‘rlik bilan olib qochib ketilgan va erisiz haj qilgan ayolga nafaqa yo‘q. Agar eri bilan haj qilsa, u safar va kiraning emas, hazarning nafaqasiga haqli[11].

Ushbu masalalarning bayoni quyida birin-ketin izohlanadi.

Agar xotin eriga itoatsizlik qilib, uning ruxsatisiz uydan chiqib ketsa, u erining uyiga qaytib kelmagunicha nafaqa olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Chunki bunday holatda nikohdan kelib chiqadigan “ushlab turish” (ihtibos) huquqi xotin tomonidan buzilgan hisoblanadi. Xotin qaytib kelgach esa, ushbu huquq tiklanadi va natijada er zimmasiga yana nafaqa berish vojib bo‘ladi. Biroq xotin erining uyida bo‘la turib, jinsiy munosabatga rozilik bermasa ham, uning nafaqasi saqlanib qoladi. Sababi, bu holatda erning xotinini o‘z huzurida saqlab turish imkoniyati mavjud bo‘lib, u istasa, shar’iy doirada yaqinlikni talab qilish imkoniga ega.

Agar xotin qarzi sababli boshqa shaxslar tomonidan ushlab turilgan bo‘lsa, bu holatda er zimmasiga nafaqa vojib bo‘lmaydi. Chunki erning xotinini o‘z uyida saqlay olmasligi xotinning qarz masalasidagi beparvoligi yoki uni kechiktirgani bilan bog‘liq bo‘ladi. Hatto xotin qarzini to‘lashga qodir bo‘lmagan holatda ham, ushbu sabab tufayli erdan nafaqa talab qilinmaydi.

Shuningdek, agar ayol majburan olib qochilgan bo‘lsa, ya’ni uning ixtiyoridan tashqari eridan ajratilgan bo‘lsa, bu davr uchun ham u eridan nafaqa talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Shuningdek, ayol (eri bilan emas, boshqa) maxrami bilan hajga borsa ham, (haj vaqtidagi muddat uchun) er nafaqa bermaydi. Chunki saqlab turishning bekor bo‘lishi ayol tomonidan sodir bo‘ldi. Abu Yusuf rahimahulloh: «Ayolga nafaqa beriladi, chunki (bu holatda) ayol zimmasidagi farzni ado etishi (ya’ni erga xotinlik qilishi), uzrlidir. Lekin er ayolga o‘z vatanidagi nafaqa qiymatini berish vojib bo‘ladi, safardagi nafaqa qiymatini bermaydi. Chunki er zimmasidagi ayol haqli

bo‘lgan nafaqa muqimlikdagi nafaqadir», degan. Ammo er ayoli bilan birga safarga chiqsa, bu holda er ayoli uchun nafaqa berishi kerakligiga faqihlar ittifoq qilganlar. Chunki, er ayoli bilan birga bo‘lgani uchun (bu holatda) er ayolni ushlab turish holati mavjud. Shunda erga nafaqani safardagi qiymat bilan emas, muqimlikdagi qiymatda to‘lash vojib bo‘ladi. Biz yuqoridagi: «Chunki er zimmasidagi ayol haqli bo‘lgan nafaqa muqimlikdagi nafaqadir» degan so‘zimizga binoan er ayol uchun ulovga haq to‘lashi vojib bo‘lmaydi[12].

Nikoh doirasida ayolning nafaqa olish huquqi uning erining uyida yashab, nikoh majburiyatlari doirasida bo‘lishi bilan bog‘liq. Agar ayol erining uyida bo‘lgan holatda kasallikka chalinib qolsa, asl qoida bo‘yicha uning nafaqasi saqlanib qoladi. Ba’zi qiyosiy yondashuvlarda esa, agar kasallik er-xotin o‘rtasidagi jinsiy munosabatga to‘sqinlik qilsa, nafaqa vojibligi bekor bo‘lishi mumkin degan fikr ilgari suriladi. Bu qarash nikohdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri – er-xotin

yaqinligi amalga oshmayotganiga asoslanadi. Biroq istihson tamoyiliga ko‘ra, mazkur masalada yengillik va adolatliroq yechim ustuvor hisoblanadi. Zero, ayol erining uyida istiqomat qilayotgan bo‘lib, ular o‘rtasidagi boshqa oilaviy munosabatlar – o‘zaro muomala, mehr-muhabbat va birga yashash kabi jihatlar davom etadi. Bundan tashqari, ayolning uyda bo‘lishi orqali xonadon muhofazasi va tartibi ta’minlanadi. Kasallik tufayli jinsiy munosabatning vaqtincha amalga oshmasligi ayolning ixtiyoriga bog‘liq emas. Shu jihatdan bu holat hayz davriga qiyos qilinadi, chunki unda ham yaqinlik cheklanadi, ammo nafaqa vojibligi saqlanib qoladi. Natijada, ayolning huquqlarini himoya qilish va unga nisbatan muruvvat tamoyilini ta’minlash nuqtai nazaridan, kasallik holatida ham uning nafaqasi vojib bo‘lib qolishi to‘g‘riroq deb baholanadi.

Moliyaviy imkoniyati keng bo‘lgan er zimmasiga, xotinining ehtiyojlaridan kelib chiqib, unga xizmat qiluvchi bir xodimning nafaqasini ta’minlash ham vojib hisoblanadi. Ammo sahih qavlga ko‘ra, moddiy jihatdan nochor bo‘lgan er uchun bunday majburiyat yuklanmaydi.

Agar er badavlat bo‘lsa, uning zimmasiga nafaqat xotinining, balki xotiniga xizmat qiluvchi xodimning nafaqasini ta’minlash ham vojib bo‘ladi. Bu holatning mazmuni shundan iboratki, er xotiniga yetarli darajada nafaqa berishga majburdir. Xizmatkor nafaqasining ham ta’minlanishi esa, aslida xotinning nafaqasi to‘liq va mukammal ravishda ado etilayotganini bildiradi. Zero, ayrim holatlarda ayol uchun xizmatkorning mavjudligi zarurat darajasida baholanadi.

Erga bitta xizmatkorning nafaqasidan ziyoda nafaqa berish vojib bo‘lmaydi. (Burhonuddin Marg‘inoniy rahimahulloh aytadiki:) bu hukm Abu Hanifa va Muhammad rahimahumallohga ko‘ra olingan. Abu Yusuf rahimahulloh esa: «Ayolning ikkita xizmatkoriga nafaqa berishi erga vojib bo‘ladi. Chunki ayol uy ichidagi ishlari uchun bittasiga, tashqaridagi ishlari uchun yana bir xizmatkorga muhtoj bo‘ladi», degan. Abu Hanifa va Muhammad rahimahumallohning dalili shuki, bitta xizmatkor ham ichkaridagi, ham tashqaridagi ishlarni bajara oladi, shunday ekan, ikkita xizmatkorga zarurat bo‘lmaydi. Chunki eri xotinining ichki va tashqi ehtiyojlarini o‘zi bajarsa, kifoya qilar edi. Shunday bo‘lgach, er o‘zining o‘rniga bir xizmatkor tayin qilsa kifoya[13].

Agar er moli bo‘la turib nafaqa bermasa, qozi uni qamashga hukm chiqaradi. Xotin talab qilsa, erining mulklari sotilib, uning nafaqasi beriladi. Er noilojlikdan nafaqa bera olmasa, qamalmaydi[14].

Erning nafaqa ta’minlashga qodir emasligi nikohni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi va bu sabab bilan er-xotin ajratilmaydi. Bunday holatda ayolga er nomidan qarz olib, o‘z nafaqasini ta’minlash tavsiya etiladi. Demak, er nafaqa berishga ojiz bo‘lgan taqdirda ham, nikoh munosabatlari saqlanib qoladi va ajrimga hukm qilinmaydi.

Er nafaqa berishga ojiz bolsa ham, xotinidan ajratilmasligining hujjati quyidagicha:

Alloh taolo Baqara surasida shunday deb buyuradi:

وَإِن كَانَ ذُوعُسۡرَةࣲ فَنَظِرَةٌ إِلَىٰ مَیۡسَرَةࣲۚ

«Agar nochor bo‘lsa, boyigunicha kutishdir»[15].

Demak, nochor odamni kutish kerak. Nochorligi uchun boshqa chora ko‘rish durust emas.

Va yana Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَأَنكِحُوا۟ ٱلۡأَیَـٰمَىٰ مِنكُمۡ وَٱلصَّـٰلِحِینَ مِنۡ عِبَادِكُمۡ وَإِمَاۤىِٕكُمۡۚ إِن یَكُونُوا۟ فُقَرَاۤءَ یُغۡنِهِمُ ٱللَّهُ مِن فَضۡلِهِۦۗ وَٱللَّهُ وَ ⁠سِعٌ عَلِیمࣱ

«Oralaringizdagi nikohsizlarni va qul-u cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh qamrovi kengdir, o‘ta biluvchidir»[16].

Mazkur o‘rinda faqirlik holati nikohning davomiyligiga to‘sqinlik qiluvchi omil sifatida e’tirof etilmasligi ta’kidlanmoqda.

Ushbu masalaning bayoni hidoya asarida quyidagicha sharhlanadi.

Kim xotiniga nafaqa berishga qiynalsa (ya’ni er nafaqa bera olmasa), er-xotin o‘rtalarini ajratib yuborilmaydi, (balki qozi tomonidan) xotiniga: «Ering hisobidan (birovdan) qarz ol», deyiladi. (er-xotin o‘rtasini ajratish bilan jinsiy yaqinlikka bo‘lgan) erning haqqi bekor bo‘ladi, (er ayoliga nafaqa bera olmaganda esa) xotinning nafaqa olish haqqi kechikadi. (Ushbu ikki zarar qiyos qilinsa) birinchi zarar ikkinchisiga qaraganda kuchliroqdir. Haqning kechikishi, haqning yuk bo‘lishiga qaraganda afzalligi, qozi nafaqani (erning zimmasiga farz qilishi bilan nafaqa) qarzga aylanadi. Shunday ekan, qarzni erdan to‘lig‘icha boshqa vaqt undirib olinadi. Qozi (erning zimmasiga) nafaqani farz qilish bilan birga xotinni qarz olishga buyurishining foydasi ayolga qarz bergan haqdorni er zimmasiga havola qilib qo‘yish imkonini beradi. Ammo ayol qarzni qozining buyrug‘isiz olsa, qarzni eridan emas, ayoldan talab qilinadi[17].

Agar qozi xotinga erining kambag‘allik holatidan kelib chiqib nafaqa miqdorini belgilagan bo‘lsa, keyinchalik er boyib qolgan taqdirda ayol yuqoriroq, ya’ni boy kishiga mos nafaqa talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bu borada nizo yuzaga kelib, masala qoziga olib chiqilsa, qozi avvalgi hukmni o‘zgartirib, ayol foydasiga boylik holatiga mos nafaqani belgilaydi. Buning sababi shundaki, xotinning nafaqasi erning moddiy ahvoliga qarab o‘zgarib turadi. Qozining dastlabki hukmi esa hali to‘liq vojib bo‘lmagan nafaqani vaqtincha belgilash hisoblanadi. Shu bois, erning moddiy holati o‘zgarganda, ayol o‘zining to‘liq va munosib nafaqasini talab qilishga haqli bo‘ladi.

Agar ma’lum muddat o‘tib, er shu vaqt davomida xotiniga nafaqa bermagan bo‘lsa, xotin odatda o‘tgan davr uchun nafaqa talab qila olmaydi. Biroq agar qozi avvaldan o‘sha muddat uchun nafaqani belgilab qo‘ygan bo‘lsa yoki er-xotin o‘zaro ma’lum miqdordagi nafaqa haqida kelishuvga erishgan bo‘lsa, bu holda qozi o‘tgan davr uchun ham nafaqa to‘lashga hukm qiladi. Buning asosiy sababi shundaki, hanafiy mazhabiga ko‘ra nafaqa “silai rahm” sifatida talqin etiladi, ya’ni u muqobil (evaz) sifatida emas, balki oila doirasidagi ta’minot va muruvvat ko‘rinishida qaraladi. Shu bois, o‘tgan muddat uchun nafaqa faqat qozi hukmi yoki oldindan mavjud kelishuv asosida vojib bo‘ladi.

Agar qozi er zimmasiga nafaqa berishni hukm qilganidan so‘ng er vafot etsa va oradan ma’lum vaqt o‘tsa, bu nafaqa majburiyati uning zimmasidan soqit bo‘ladi. Xuddi shuningdek, agar xotin vafot etsa ham nafaqa majburiyati bekor bo‘ladi. Buning sababi shundaki, nafaqa bizning mazhabda silai rahm sifatida qaraladi. Silai rahm esa taraflardan birining vafoti bilan o‘z kuchini yo‘qotadi. Bu holat, go‘yo bir kishiga hadya berilib, u hadyani qabul qilib ulgurmasdan vafot etganida, hadyaning ham bekor bo‘lishiga o‘xshatiladi.

Agar er o‘z xotiniga bir yillik nafaqani oldindan to‘liq berib qo‘ygan bo‘lsa, so‘ngra yil tugamasdan vafot etsa, qolgan muddatga tegishli nafaqa qaytarib olinmaydi. Chunki xotinga beriladigan nafaqa silai rahm hukmiga kiradi va u allaqachon xotin qo‘liga yetib borgan hisoblanadi. Vafotdan keyin silai rahm yo‘li bilan berilgan mol-mulkni qaytarib olish joiz emas, chunki uning huquqiy jihatdan berilish jarayoni yakunlangan bo‘ladi. Bu holat hadya hukmiga o‘xshaydi: hadya topshirilib bo‘lingach, uni qaytarib olish mumkin bo‘lmaydi. Shu sababli, nafaqa ishlatib ulgurilmagan bo‘lsa ham, u yo‘q bo‘lib ketsa yoki sarf qilinmasa, faqihlar ittifoqiga ko‘ra undan hech qanday miqdor qaytarib olinmaydi.

Er kishi o‘z rafiqasiga alohida yashash joyini ta’minlab berishi shart hisoblanadi. Ayol yashaydigan uyda erning yaqin qarindoshlaridan hech kim bo‘lmasligi lozim. Biroq xotin o‘zi rozilik bildirsa, erining qarindoshlari bilan birga yashash joiz sanaladi. Chunki uy-joy ham ayolning asosiy ehtiyojlaridan biri bo‘lib, bu jihatdan u nafaqa kabi er zimmasidagi majburiyat hisoblanadi. Alloh taolo erkak zimmasiga xotinini turar joy bilan ta’minlashni ham nafaqa berish kabi vojib qilgan. Shu bois, uy-joy ta’minoti ayolning haqqi bo‘lsa, er o‘sha uyda unga begona shaxslarni qo‘shib yashata olmaydi. Aks holda, ayolga noqulaylik va zarar yetishi, uning shaxsiyati va xotirjamligi buzilishi mumkin. Bu esa er-xotin o‘rtasidagi tinch va sog‘lom oilaviy hayotga ham salbiy ta’sir qiladi. Ammo ayol o‘z ixtiyori bilan erining qarindoshlaridan biri bilan birga yashashga rozi bo‘lsa, bu joizdir, chunki u o‘z haqqidan ma’lum darajada voz kechgan hisoblanadi.

Er kishi o‘zining boshqa rafiqasidan tug‘ilgan farzandni ushbu xotini bilan bir uyda yashatishga majbur emas. Buning sababi avval aytib o‘tilgan zarar va noqulaylik ehtimollaridir. Agar er xotinini alohida, qulflanadigan va mustaqil xonada yashash sharoiti bilan ta’minlasa, bu yetarli hisoblanadi va ayol bundan ortiq talab qo‘yishga haqli emas. Chunki bu holatda uning asosiy yashash huquqi amalga oshgan bo‘ladi.

Shuningdek, er xotinining ota-onasi, boshqa nikohdan bo‘lgan farzandlari hamda qarindoshlarini uning yashash joyiga kirishiga ruxsat bermaslik huquqiga ega. Zero, uy erning mulki bo‘lib, u o‘z mulkidan foydalanish tartibini belgilashda erkindir.

Biroq er ayolining qarindoshlari bilan aloqalarni uzib qo‘yishga sabab bo‘ladigan darajada ularni butunlay ko‘rishdan to‘sib qo‘ya olmaydi. Qarindoshlarning vaqti-vaqti bilan kelib hol-ahvol so‘rashi va muloqot qilishi tabiiy va joiz hisoblanadi, chunki bunda qarindoshlik rishtalari uzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda erga jiddiy zarar ham yetmaydi.

Ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, er qarindoshlarning ayol huzuriga kirib qisqa muloqot qilishiga to‘sqinlik qilmaydi, biroq ularning uzoq vaqt davomida birga qolishi va ko‘p suhbatlashishiga cheklov qo‘yishi mumkin. Chunki bunday holat turli fitna va nojo‘ya holatlarga sabab bo‘lish ehtimolini oshiradi.

Yana bir rivoyatda esa er xotiniga haftada bir marta ota-onasini ziyorat qilishiga to‘sqinlik qilmasligi, shuningdek ota-onaning ham vaqti-vaqti bilan qizining holidan xabar olish uchun kelishiga ruxsat berilishi zikr etilgan. Ayolning boshqa mahram qarindoshlari esa odatda yiliga bir marta ziyorat qilish bilan cheklanadi, bu yondashuv esa ko‘plab fiqhiy manbalarda maqbul deb topilgan.

Maxramlar ziyoratiga oid gaplar ichida «Mazkur muddat bir oydan oshmasligi lozim» degan va «Bir haftadan oshmasligi lozim», degan ulamolar ham bor[18].

G‘oyib, ya’ni qayerdaligi noma’lum bo‘lib qolgan shaxsning mol-mulki hisobidan uning xotini, farzandi va ota-onasining ta’minoti faqat ularga tegishli bo‘lgan haq miqdorida belgilab beriladi.

G‘oyib deb yo‘qolib qolgan yoki manzili aniq bo‘lmagan kishiga aytiladi. Bunday holatda qozi uning molidan ularning haqi bo‘lgan jinsdan faqat rafiqasi, farzandlari va ota-onasi uchun nafaqa tayin qilish vakolatiga ega bo‘ladi. Boshqa qarindoshlar uchun esa nafaqa huquqi bekor qilinadi.

“Ularning haqi bo‘lgan jinsdan” degan ibora, ularga zarur va tegishli bo‘lgan ehtiyojlar, ya’ni ularning yashashi uchun kerak bo‘ladigan narsalardan berilishi lozimligini anglatadi. Shu sababli “mana buni sotib olib foydalanasizlar” deb, o‘rniga mutlaqo boshqa turdagi mol-mulk berish bilan bu majburiyat bajarilgan hisoblanmaydi. Bunda beriladigan mol-mulk omonatga qo‘yilgan, muzoraba (sheriklik) asosida turgan yoki qarz tariqasida birovning qo‘lida bo‘lsa ham, u shaxs buni tan olishi va tasdiqlashi shart. Shuningdek, nikoh holati ham isbotlangan bo‘lishi yoki qozi tomonidan aniq ma’lum bo‘lishi lozim. Ya’ni, qozi mol-mulk, nikoh va nasab kabi holatlarni aniq bilgan taqdirda, nafaqa to‘g‘risida hukm chiqarishi mumkin. Chunki qozining aniq bilimi ham shariatda dalil sifatida qabul qilinadi va u shu asosda hukm chiqarish huquqiga ega bo‘ladi.

Qozi ayoldan, eri unga nafaqa bermaganini tasdiqlash uchun qasam ichishni talab qiladi va bundan tashqari, ayolga kafil (kafolat beruvchi) keltirishni ham buyuradi. Buning sababi shuki, er yo‘qolishidan oldin ayolga nafaqasini berib ketgan bo‘lishi ehtimoli mavjud bo‘lib, ayol bu masalada noto‘g‘ri da’vo qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Kafil esa ehtiyot chorasi sifatida olinadi: agar keyinchalik er qaytib kelib, nafaqa haqiqatda berilganini va o‘z zimmasidagi majburiyatni bajarganini isbotlasa, ayolga noto‘g‘ri berilgan mablag‘ni qaytarish yoki zararni qoplash masalasi shu kafil orqali hal qilinadi.

G‘oyibga nafaqani yuklash uchun hujjat keltirishni talab qilmaydi va ayolga erining nomidan qarz olishni amr qiladi. Nikoh haqida hukm chiqarmaydi. Zufar: «Nafaqa haqida hukm chiqaradi, nikoh haqida chiqarmaydi», degan. Bugungi kunda qozilar hojat uchun shunga amal qiladilar. Chunki bunda odamlarga yengillik bor[19].

Agar er o‘z xotinini raj’iy yoki boin taloq qilgan bo‘lsa, ayol idda muddati davomida er tomonidan nafaqa va yashash joyi bilan ta’minlanadi.

Bu hukmga quyidagi dalillar mavjud:

Alloh taolo Quroni Karimning Taloq surasida bunday deb buyuradi:

أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُم مِن وُجْدِكُمْ

«U(ayol)larga imkoningiz boricha o‘zingiz yashab turgan joydan joy bering»[20].

Quyidagi hadisda ham shu ma’noga ishora bor:

عن أبي إسحق، قال: كنت مع الأسود ابن يزيد جالسا في المسجد الأعظم، ومعنا الشعبي، فحدث الشعبي بحديث فاطمة بنت قيس، أن رسول الله صلى الله عليه وسلم لم يجعل لها سكنى، ولا نفقة، ثم أخذ الأسود كفا من حصى، فحصبه به، فقال: ويلك، تحدث بمثل هذا، قال عمر: لا نترك كتاب الله، و سنة نبينا صلى الله عليه وسلم لقوا امرأة، لا ندري لعلها حفظت، أو نسيت، لها السكنى والنفقة، قال الله عز وجل: ﴿لَا تُخۡرِجُوهُنَّ مِنۢ بُیُوتِهِنَّ وَلَا یَخۡرُجۡنَ إِلَّاۤ أَن یَأۡتِینَ بِفَـٰحِشَةࣲ مُّبَیِّنَةࣲۚ﴾

Abu Is’hoqdan rivoyat qilinadi:

«Asvad ibn Yaziyd bilan katta masjidda o‘tirgan edim. Biz bilan Sha’biy ham birga edi. Sha’biy Fotima binti Qaysning hadisini aytib:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga maskan ham, nafaqa ham buyurmaganlar», dedi. Shunda Asvad bir kaft mayda toshni olib, unga otdi-da:

«Sho‘ring qursin! Shunaqa gapni ham aytasanmi?!

Umar:

«Yod olgani yoki unutganini bilmaganimiz bir ayolning gapi deb Allohning Kitobini va Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tark qilmaymiz. Unday ayolga maskan ham, nafaqa ham beriladi. Alloh azza va jalla: «Ularni uylaridan chiqarmanglar va o‘zlari ham chiqmasinlar, ochiq faxsh ish qilgan bo‘lsalar, mustasno», degan», dedi»[21].

Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Er xotinini raj’iy taloq qilgan holatda nikoh darhol butunlay bekor bo‘lmaydi, balki idda muddati davomida saqlanib qoladi. Shu sababli, bu turdagi taloqda er va xotin o‘rtasida qayta birlashish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Hatto raj’iy taloqda erning ayoli bilan yaqinlik qilishi shariat nuqtayi nazaridan joiz hisoblanadi. Aynan shu sababli, idda davrida ayolning nafaqasi va yashash joyi bilan ta’minlanishi er zimmasida qoladi.

Boin taloq holatida ham, idda muddati davomida ayolni nafaqa va yashash joyi bilan ta’minlash masalasi mavjud bo‘lib, bu ham ma’lum ma’noda uni er huzurida “ushlab turish” evaziga belgilanadi. Bu yerda “ushlab turish” deganda nikohdan ko‘zlangan asosiy shar’iy maqsad bilan bog‘liq hukm tushuniladi. Nikohdan asl maqsad nasl davomiyligini ta’minlash, ya’ni farzand ko‘rish va jinsiy ehtiyojni halol yo‘l bilan qondirishdir. Shu nuqtai nazardan, idda muddatining belgilanishi ham homiladorlik ehtimoli bo‘lgan holatda nasab aralashib ketmasligi uchun joriy etilgan. Shuning uchun idda davridagi ayolga er tomonidan nafaqa berilishi vojib hisoblanadi. Er uni o‘z nikohiy huquqi doirasida ma’lum ma’noda “ushlab turgani” sababli, fiqh ulamolarining ijmosiga ko‘ra, unga yashash joyi ham ta’minlab beriladi. Bunday holatda ayolning holati homilador ayolnikiga o‘xshab ketadi, ya’ni u er tomonidan nafaqa va uy-joy bilan ta’minlangan hisoblanadi.

Eri vafot etgan ayolga nafaqa tayinlanmaydi. Buning sababi shundaki, ayolning idda davrida uyidan chiqmay yashashi erning huquqi emas, balki shariat tomonidan belgilangan majburiyat hisoblanadi. Zero, idda tutish ayol tomonidan bajariladigan ibodat sanaladi. Ma’lumki, eri vafot etgan ayolning iddasi davomida uning bachadonining homiladan xoli ekanligini aniqlash asosiy masala bo‘lmaydi, balki bu holatda asosiy e’tibor motam va idda hukmlarini ado etishga qaratiladi. Shu sababli, er vafotidan keyin nafaqa er zimmasiga vojib bo‘lib qolmaydi. Chunki nafaqa odatda davriy (kunma-kun) majburiyat hisoblanadi va erning vafoti bilan nikohiy huquqiy munosabatlar tugaydi. Natijada, ayolning nafaqasini merosxo‘rlar mulkidan to‘lash ham shariat nuqtayi nazaridan joiz emas.

Agar nikohdan ajralish xotin tomonidan sodir etilgan gunohlar, jumladan dindan qaytish (ridda) yoki erning boshqa xotinidan tug‘ilgan balog‘atga yetgan o‘g‘lini shahvat qo‘zg‘aladigan darajada o‘pish kabi holatlar sababli yuz bersa va shu asosda ajralish amalga oshirilsa, bunday holatda xotinga nafaqa berilishi vojib hisoblanmaydi. Chunki bu vaziyatda xotin o‘zini shariat nuqtayi nazaridan haqli bo‘lmagan tasarrufda tutgan bo‘lib, erning huquqlariga zid xatti-harakat sodir etgan hisoblanadi. Shu bilan birga, er jinsiy yaqinlikka chaqirgan holatda unga itoatsizlik (nushuz) holati ham yuzaga kelgan bo‘ladi.

Biroq er tomonidan jinsiy yaqinlik amalga oshirilganidan so‘ng xotin tomonidan yuqoridagi kabi gunohlar sodir etilgan taqdirda ham, xotinning mahr huquqi saqlanib qoladi. Chunki mahr masalasida asosiy e’tibor erning jinsiy munosabat orqali ayolni nikoh huquqiy doirasida qabul qilgani va ayolning o‘zini eriga topshirgan holatiga qaratiladi.

Ammo er-xotin o‘rtasidagi ajralish, xuddi cho‘rining ozod bo‘lish ixtiyori, balog‘atga yetgan qizning ixtiyori va er-xotin (moddiy va ma’naviy) teng emasligi kabi, xotin tomonidan gunohga yo‘l qo‘yilmay ajralish sodir bo‘lsa, ayolga nafaqa beriladi. Chunki (bu holatda) ayol o‘zini haq sababli (ya’ni idda o‘tirgani sababli er uyida o‘zini) ushlab turgan bo‘ladi va bu holat nafaqani (erning) bo‘ynidan soqit qilmaydi. Xuddi ayol mahrini (eridan) to‘liq undirib olish uchun o‘zini (erining uyida) ushlab turgani kabi (mazkur holatda ham ayolga nafaqa berish erga vojib bo‘ladi)[22].

Uch taloq qilinganning murtad bo‘lishi nafaqani soqit qiladi, erning o‘g‘liga imkon berishi emas. Chunki murtad bo‘lgan ayol tavba qilishi uchun qamaladi. Qamalgan ayolga nafaqa berilmaydi. Erining o‘g‘liga o‘ziga yaqinlashishga imkon berishda esa nafaqa beriladi[23].

Bu so‘zning ma’nosi shuki, xotin (eridan) taloqni olganidan so‘ng (erining o‘g‘liga jinsiy yaqinlik qilish uchun) imkon yaratib bergan bo‘lsa, (deganidir). Chunki uch taloq bilan ajralish aniq bo‘ladi. (Ayol eridan uch taloq bilan ajralganidan keyin) uning murtad bo‘lishi va (erining o‘g‘liga jinsiy yaqinlik uchun) imkoniyat yaratib berishiga amal qilinmaydi (ya’ni etiborga olinmaydi). Biroq, murtad bo‘lgan ayolni, toki tavba qilib (qayta dinga kirguncha) qamab qo‘yiladi. Qamab qo‘yilgan ayolga (erining molidan) nafaqa berilmaydi. Erining o‘g‘liga jinsiy yaqinlik qilish uchun imkon yaratib bergan ayolni qamab qo‘yilmaydi (lekin nafaqa beriladi). Keltirilgan dalillarga ko‘ra, erining o‘g‘liga imkon yaratib bergan ayol va idda saqlab turgan holida murtad bo‘lgan ayol o‘rtasidagi farq namoyon bo‘ladi: birinchisiga nafaqa beriladi, ikkinchisiga berilmaydi[24].

Ayol nafaqasi masalasi islom fiqhida oddiy moddiy majburiyat sifatida emas, balki nikoh bilan yuzaga keladigan huquqiy, axloqiy va ijtimoiy mas’uliyatlar tizimi sifatida qaraladi. Shar’iy nuqtai nazardan, nafaqa er zimmasiga yuklatilgan vojib amal bo‘lib, uning bajarilishi nikohning to‘g‘ri davom etishining muhim shartlaridan biridir. Bu hukm nafaqat ayolning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan, balki oilada adolat, mas’uliyat va huquqiy muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Fiqhiy manbalardan anglashiladiki, nafaqa majburiyati erning qobiliyati va sharoitiga mos ravishda belgilanadi, bu esa islom huquqining real hayotiy holatlarga moslashuvchan va adolatli tizim ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, nafaqa bermaslik yoki uni e’tiborsiz qoldirish faqat iqtisodiy kamchilik emas, balki shar’iy mas’uliyatni buzish sifatida baholanadi. Bu esa oila muhitida huquq va burchning teng darajada ahamiyatga ega ekanini anglatadi.

Ijtimoiy jihatdan esa nafaqa tizimi ayolning iqtisodiy xavfsizligini kafolatlash orqali uni jamiyatdagi zaif holatlardan himoya qiladi va oilaviy barqarorlikni mustahkamlaydi. Ayol moddiy tashvishlardan holi bo‘lgani sari u farzand tarbiyasi va oilaviy muhitni yaxshilashga ko‘proq e’tibor qaratadi, bu esa bevosita jamiyat sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu tizim erkakda mas’uliyat hissini kuchaytirib, oilani boshqarishda adolat va javobgarlikni mustahkamlaydi.

Umuman olganda, ayol nafaqasi islomda faqat iqtisodiy ta’minot emas, balki oilaviy tartibni saqlovchi va jamiyat barqarorligini ta’minlovchi huquqiy-ijtimoiy asos sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois, uning to‘g‘ri amal qilinishi nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning sog‘lom rivojlanishiga xizmat qiladi.

Toshkent islom instituti 303-guruh talabasi Robiya Muzaffarxonova 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Qur’oni Karim.
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 2-juz. Tuzatilgan va to‘ldirilgan qayta nashr – T.: «Hilol-Nashr», 2018. – 608 b.
  3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 5-juz. Tuzatilgan va to‘ldirilgan qayta nashr – T.: «Hilol-Nashr», 2018. – 672 b.
  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 6-juz. Tuzatilgan va to‘ldirilgan qayta nashr – T.: «Hilol-Nashr», 2018. – 616 b.
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 2-juz. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. – 584 b.
  6. Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. – 592 b.

[1] Taloq surasi, 7-oyat.

[2] Baqara surasi, 233-oyat.

[3] Taloq surasi,6-oyat.

[4] Sahih Muslim, 1218-hadis.

[5] Sunan Abu Dovud, 2144-hadis.

[6] Sahih al-Buxoriy, 5364-hadis.

[7] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 442.

[8] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 443.

[9] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 2-juz. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 567.

[10] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 444.

[11] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 2-juz. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 567.

[12] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 447.

[13] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 449.

[14] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 2-juz. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 567.

[15] Baqara surasi, 280-oyat.

[16] Nur surasi, 32-oyat.

[17] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 450.

[18] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 2-juz. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 569.

[19] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 2-juz. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 570.

[20] Taloq surasi, 6-oyat.

[21] Sahih Muslim, 1480-hadis.

[22] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 466.

[23] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Kifoya. 2-juz. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 572.

[24] Burhonuddin Marg‘inoniy Hidoya sharh bidoyatil mubtadi – 2. – T.: «Hilol-Nashr», 2020. B – 467.

463590cookie-checkAyollar nafaqasi vojiblik hukmining shar’iy asoslari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: