islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Musulmon olamiga beqiyos hissa qo’shgan Imom Zahabiy

Islom olamida mo‘tabar bo‘lgan ulamolardan biri, tarixchi, muhaddis, shubhasiz, Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qaymaz ibn Abdulloh Zahabiy Shofe’iydir.

Imom Zahabiy hijriy 673-yili robiul avval oyida, asli turkmoniy oilada Suriyaning Damashq shahrida tavallud topganlar.

Imom Zahabiyning otasining bobosi Qaymaz ibn Abdulloh mashhur Diyor-Bakr o’lkasining Mayyafariqin shahrida yashab, o’sha joyda 109 yoshida vafot etdilar. Imom Zahabiyning bobosi Faxriddin Abu Ahmad Usmon ilmdan xabari yo’q, lekin hunarmand va muttaqin kishilardan edi. Faxriddin Abu Ahmad Usmon Damashqqa kelib o’sha joyni maskan tutib hijriy 673-yili vafot etdilar. Imom  Zahabiyning otasi Shihabuddin Ahmad tahminan hijriy 641-yili tug’ilgan. Shihabuddin Ahmad otasining kasbini zargarlikka o’zgartirdi. U kishi zargarlik borasida juda mohir bo’lib, “Zahabiy” tahallusi bilan tanilgan edilar. Imom  Zahabiyning otasi tunlarini nomoz bilan o’tkazadigan dindor edilar. Ilm talab qilib hijriy 666-yili Miqdadul Qaysdan “Sahihul Buxoriy”ni o’rgandilar. U kishini halol kasbi barakali kelib juda boy bo’lib ketdilar. Hamda o’zini boyligidan 5 ta qulni ozod qilgan edilar. Shunda Imom Zahabiyning otasi o’zini boyligi va aql-donoligi bilan tanilgan, asli Musililik Ilmuddin Abubakr Sanjar ibn Abdullohning qiziga uylandilar. Ilmuddin Abubakr Sanjar ibn Abdulloh vafotidan oldin 15 ming dinorni meros qoldirdi. Uning ilmi va boyligi, odamiyligi Damashq ahlini, uning vafoti kuni so’nggi manziliga extirom bilan kuztishiga sabab bo’ldi. Janozasini qozi-ul quzot Izzuddin ibn Jamoa al Kinoniy o’qigan edilar. Vafoti hijriy 697-yili.

Imom Zahabiy ilmli va dindor oilaning qaramog’ida o’sib ulg’aydi, u zotni emizgan ayol – ammasi Sittu Ahil bintu Usmon edilar. Sittu Ahil ilm borasida ibn Abi Yusr hamda Jamoliddn ibn Malik va boshqa ko’plab kishilardan ijoza olgan fozila ayol edi. Bunday ilmdan nasibasi bo’lgan oilada o’sib ulg’aygan zotning o’z farzandlariga va qaramog’idagilarga g’amxo’rlik qilishligi tabiiy hol edi.

«Zahabiy» taxallusi u kishiga otalarining kasbiga nisbatan berilgan bo‘lib, «Zargarni o’g’li» degan ma’noni anglatadi. Bu so’zni ham asrlari Tojiddin Subkiy va Husayniylar aytgan.

Imom Zahabiy hadis va qur’on ilmi bilan 18 yoshdan shug‘ullanishni boshladilar, Ba’labakka, Hims, Hama, Aleppo, Tripoli, Nabulus, Ramla, Qohira, Iskandariya, Quddus, Hijoz kabi jami o‘ttizta shaharda bo‘ldilar. Ilm tahsili uchun juda ko‘p olimlarning xizmatida turdilar. Ibn Zahiriy, Abarquhiy, Shayxul-Islom Ibn Daqiq Iyd (Imom Zahabiy u kishining oldiga ilm o‘rgangani kelganida, imtihon qilib: «Abu Muhammad Hiloliy kim?» deb so‘ragan, Imom Zahabiy: «Sufyon ibn Uyayna», deb to‘g‘ri javob bergach, Ibn Daqiq Iyd u zotni shogirdlikka qabul qilgan), davrining yetuk hadisshunos olimi Sharafiddin Dimyatiy, Jaloliddin Abu Ma’li Ansoriy kabi olimlardan hadis va fiqh ilmini o‘rgandilar. So‘ng Damashq shahriga qaytib, hadis ilmidan dars berdilar, islom olamida nomlarini mashhur etgan kitoblarini yozdilar.

73 yoshda ko‘z nuridan ayrildilar va ikki yildan so‘ng foniy dunyoni tark etdilar. Uchta farzandi bor edi: qizining ismi Amat Aziz va o‘g‘illari Abdulloh bilan Abu Hurayra Abdurahmon. Abdurahmon keyinchalik hadis ilmi peshvosiga aylanib, Ibn Nasriddin Damashqiy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi olimlarga dars berdi, otasidan eshitgan ko‘plab hadislarni rivoyat qildi.

Imom Zahabiy 75 yil umr ko‘rdilar, islom olamida hadis ilmining sultoni, qomusiy ilmlarga ega tarixchi, shajarashunos va shayxul islom sifatida nom qozondilar.

Imom Zahabiyning mashhur asarlari:

  • Tarixul Islom. Katta bibliografik qomus.
  • Al-Ibar bi axbar man abar. Olimlar haqida keng bibliografik tarix.
  • Duvalul Islom. Siyosiy shaxslar va voqealar haqida.
  • Siyaru a’lamin-nubala.
  • Tazkiratul huffaz. Hadis olimlari tazkirasi. Abu Bakr Siddiqdan boshlab to o‘zlari yashagan davrigacha o‘tgan hadis roviylari va olimlari hayotiga bag‘ishlangan asar. Keyinchalik Imom Suyutiy bu kitobni o‘z zamondoshlari bilan boyitib, «Tabaqatul huffaz» asarini yozganlar.
  • Tabaqatul qurro. Qur’on olimlarining hayotiga bag‘ishlangan kitob.
  • Zikru man yu’tamid qavluhu fil jarhi vat-ta’dil. Ishonchliligi jarh va ta’dil yo‘lida tekshirilgan hadis roviylariga bag‘ishlangan kitob.
  • Muxtasaru Sunan al-Bayhaqiy.
  • At-tajrid fi asmaais-sahaba. Sahobalar haqida lug‘at.
  • Muxtasaru al-Mustadrak lil Hakim. Hakimning «Mustadrak» asariga qisqa sharh.
  • Muxtasaru tarixi Naysabur lil Hakim.
  • Nabaud-Dajjal. Dajjol haqidagi hadis va rivoyatlar monografiyasi.

Imom Zahabiyning qirqqa yaqin asarlari bo‘lib, ularning ichida eng ko‘p tarqalgani, shubhasiz, «Kaboir» kitobidir. Qur’on va hadisda tilga olingan, had-jazo belgilangan, Alloh taolo va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam la’natlagan gunoh ishlar ushbu kitobda batafsil yoritilgan.

Inson yomon va munkar ishlarni qolmasligi uchun uni yaxshilab tanib olishi kerak. Ushbu kitob bizga bu borada katta yordam beradi. To‘g‘ri, oldin ham katta gunohlar haqida ba’zi risolalar chop etilgan. Lekin biz Alloh taoloning: “Va eslatgin. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zariyat, 55), degan oyatiga amal qilgan holda eslatmoqchimiz xolos.

Alloh taolo bandalari katta gunohlardan saqlansa, mayda-kichik gunohlarini kechirishini aytgan. O‘qiyotgan besh vaqt namozimiz, tutayotgan ro‘zamiz, juma namozlarimiz ham, gunohi kabiralardan saqlanar ekanmiz, kichik gunohlarimizni yuvib turadi. Shuning uchun kabiralardan saqlanmog‘imiz, mabodo, beixtiyor ulardan birortasini sodir etib qo‘ysak, tavba va pushaymonlik o‘ti ila uni kuydirmog‘imiz lozim. Gunohlardan chekinish va ulardan poklanish yo‘lida ushbu kitob o‘quvchilarga zarur qo‘llanma bo‘ladi inshaAlloh. Uni o‘qib, uqib, nafsida naf topganlar avvalo Imom Zahabiy hazratlarining haqlariga duoi xayrlar qilgaylar.

Olamlar Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Barchamizga u  Zotning huzuriga gunohlarsiz, pok holda borishimizni nasib aylasin.

Toshkent islom instituti

401-guruh talabasi  

Davutov Sayyidburhon

369020cookie-checkMusulmon olamiga beqiyos hissa qo’shgan Imom Zahabiy

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: