Jadid matbuotida, shu jumladan, Behbudiyning “Oyna”sida oila masalalari hamisha diqqat markazida bo’ldi. Afsuski, bu maqolalar hozirgi joriy imloda qayta nashr etilmagan. Shuning uchun ham ularni maxsus o’rganish uchun muayyan vaqt talab etiladi. Lekin masalaning yana bir tomoni borki, Fitratning 1914-yili yozilib, 1915 yili nashr etilgan “Oila” kitobi jadid ma’rifatparvarlarining bu borada e’lon qilingan asarlarining ma’lum darajada mantiqiy yakuni sifatida yaratilgan. Shuning uchun ham bu kitobda jadidchilik namoyandalarining oilaga oid huquqiy qarashlari o’z aksini to’la topgan, deyishimiz mumkin.
Shubhasiz, Fitratning oilaga nisbatan qarashlari zaminida Qur’onda shu masala bo’yicha olg‘a surilgan fikr va g‘oyalar yotadi. Shuning uchun ham bu kitob o’z vaqtida taraqqiyparvar yoshlar tomonidan samimiy qarshi olingan va uzoq vaqt qo’llanma bo’lib xizmat qilgan.
“Jadidlarning fikri bo’yicha, oila asosini to’g‘ri qurmasdan va yosh avlodni to’laqonli to’g‘ri yo’lda tarbiyalamasdan turib, jamiyatni isloh qilish, uning rivojini taraqqiyot sari yo’naltirish mumkin emas va oxir-oqibatda millat taqdiri uning oilasi holatiga bog‘liq. Bu g‘oya Fitrat asarida o’z ifodasini topgan: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik esa shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo’ladi”, deb yozadi u. Fitrat asarda chuqur va keng bilimlarga asoslangani bois, o’tkir mutaxassis sifatida fikr yuritadi”.
Oila, Fitratning talqinida, uch muhim omildan iborat: er, xotin va farzand (farzandlar). Ana shu uch omilning har biri nozik, o’ziga xos jihatlarga ega. Chunonchi, er va xotin uchun uylanish (turmushga chiqish) asosiy muammo bo’lishi bilan birga yagona hisoblangan muhim qirralarga ham ega. Fitrat oilaning huquqiy asoslarini yoritib berishdan avval “Uylanish va uylanmaslik xususida”, “Nechta xotinga uylanish mumkin?”, “Uylanmoq zarur bo’lganda qanday xotinni tanlash lozim?” singari fasllarni o’quvchiga havola etib, masalaning huquqiy tomonlaridan tashqari, ijtimoiy g‘oyat muhim jihatlarini ham yoddan chiqarmaydi.
Fitrat ushbu asarini yozgan paytida boryo’g‘i 28 yoshda edi. 1914-yilda shu yoshdagi buxorolik bir yigitni ko’z oldimizga keltirsak, uning nafaqat dunyodagi demografik vaziyat, balki oilaning falsafiy, huquqiy va shar’iy tomonlarini ham shu qadar puxta bilganidan hayratga tushamiz.
Shuningdek Fitrat oila qurish uchun to’rt narsaga e’tibor berishni talab etadi: mol, nasab, husn va imonu-e’tiqod. Buni quyidagicha tushunish lozim:
- Uylanish orzusida bo’lgan er bilan xotinning mol (boylik)lari va nasablari taxminan bir xil bo’lishi lozim. Aks holda ular hayoti azobda o’tadi.
2. Husn garchand tashqi fazilat bo’lsa ham, kishi qalbini o’ziga moyil qilish xususiyatiga ega, agar ana shu qalbiy moyillik paydo bo’lmasa, er bilan xotin saodatli umr kechirmaydi.
3. Er va xotin dindor bo’lishi lozim. Dindorlik Allohni tanish, bilish va haqdan qo’rqishdir. Husni axloqning asosi va mezoni Allohdan qo’rqish va haqni bilishda, ya’ni dindorlikdadir. Har bir oila poydevorining mustahkam bo’lishi turli ijtimoiy, ma’naviy, iqtisodiy va maishiy omillarga bog‘liq. Shuning uchun ham muallif baxtli va ayniqsa, baxtsiz oilalar hayotiga nazar tashlab, kitobxonga ibrat bo’lishga arziydigan hayotiy misollarni keltirgan holda ularning oila inqirozidagi ishtirokini chuqur tahlil etib beradi.
Toshkent islom instituti
402-guruh talabasi
Maxkamov Mirkamol