islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Oisha roziyallohu anhoning tafsir ilmiga qo’shgan hissalari

Ulugʻ sahobalar qatorida, shubhasiz, Oisha (roziyallohu anho) onamizning nomlari tilga olinadi. Muallima onamiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) suyukli rafiqalari edilar. U kishi haqida oyati karimalar tushgan. Oisha (roziyallohu anho) Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Anas ibn Molik va Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhum) keyin eng koʻp hadis rivoyat qilgan. Onamiz hadislarni Rosulullohdan (alayhissalom) bevosita eshitib, rivoyat etganlar.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga dahldor ekaniga shubha boʻlishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotini diqqat bilan oʻrgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda boʻlmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini taʼkidlashadi. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki ogʻiz soʻz aytmoqni ravo koʻrdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida soʻz yuritar ekanmiz, bu sifatlar roʻyxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan hadisi shariflar turishini aytib oʻtmogʻimiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda”, dedilar.

Dunyoda paygʻambarlardan boshqa kimga Jabroil alayhissalom salom aytibdilar?!

Jabroil alayhissalom dunyoda paygʻambarlardan boshqa Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytibdilar. Mana shu ulugʻ maqomning oʻzi bir olamga tatiydi. Oisha onamiz roziyallohu anho Qurʼoni Karimni toʻliq va puxta yod bilganliklari bilan shuhrat topgan edilar. Ulumul Qurʼon nomli ilm mutaxassislari birinchi boʻlib, Qurʼoni Karimni toʻliq va puxta yod olgan zotlar haqida soʻz yuritganlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning ismlarini dastlabkilardan yodga olishadi.

Shu bilan bir qatorda, Oisha onamiz roziyallohu anho Qurʼoni Karimning tafsirini ham juda yaxshi bilganlar.

Az-Zuhriy Oisha onamiz haqlarida aytadilar:

“Agar Rasulullohning barcha ayollarining ilmini va jamiki ayollarning ilmini toʻplab turib, Oishaning ilmiga solishtirilsa, albatta, Oishaning ilmi afzaldur”.

Oisha onamizning ilmlari toʻgʻrisida Urva:

“Tib fanida, sheʼriyatda va fiqh ilmida Oishadan ilmliroq biror kishini koʻrmadim”, dedilar.

Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida birinchi bo‘lib so‘radim.

 يَوْمَ تُبَدَّلُ الأَرْضُ غَيْرَ الأَرْضِ وَالسَّمَوَاتُ

 Ma’nosi: “Bu, Yer boshqa yerga  va osmonlar ham ( boshqa   osmonlarga) almashtiriladigan kunda» (Ibrohim: 48), dedilar: «O‘sha kuni odamlar qayerda bo‘ladilar , ey Allohning Rasuli? U zot aytdilar: Sirotda.

Imom Qurtubiy oʻz tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida soʻz yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytgan:

“Baʼzi ahli tahqiqlar ayturlar: «Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganda Alloh u kishini beshikdagi goʻdak tili ila oqladi. Maryam fohishalikda tuhmat qilinganda Alloh u kishini oʻgʻillari Iyso alayhissalomning tili ila oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganda Alloh u kishini Qurʼon ila oqladi. Alloh u kishi uchun goʻdakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo koʻrmadi. Alloh u kishini tuhmatdan Oʻz kalomi ila oqladi”.

Hazrati Oisha (r.a) nihoyatda qanoatli ayol bo‘lib, butun hayoti davomida bir juftgina oyoq kiyim, bir nechtagina ko‘ylak kiyganlari rivoyat qilinadi. Milodiy 678 yil 13 iyul, hijriy ellik sakkizinchi sananing Ramazondan o‘n sakkiz kun o‘tganda, dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Oisha onamiz dorul fanodan, dorul baqoga  rihlat qildilar. janozalarini Abu Hurayra (r.a) o‘qigan. Madinadagi Baqiy qabristoniga dafn qilingan.

Toshkent islom instituti

401-guruh talabasi

 Muhammad Amin Mahmudov

371020cookie-checkOisha roziyallohu anhoning tafsir ilmiga qo’shgan hissalari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: