islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Sahihi Buxoriyning so’ngi ikki yuz yildagi mashhur sharhlari (1-qism)

Ma’lumki, Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning shoh asari bo’lmish Al-jome as-sahih asari Islom dunyosida Qur’oni Karimdan keyingi o’rinda turadigan eng ishonchli manba hisoblanadi.

Shu eʼtibordan bu kitobga yozilganidan shu kungacha butun dunyo Islom ulamolari yuksak ahamiyat qaratishgan. Kitobga hozirgi kungacha 28 xil turli yo’nalishlarda minglab ilmiy ishlar qilingan. Jumladan, Imom Buxoriyning Al-jome as-sahih asarining sharhlari, mustadraklari, mustaxlrajlari, lafzlarining sharhiga bag’ishlangan kitoblar, hadislarning sanadidagi roviylari haqidagi kitoblar, asardagi tarojimlarga, boblarga bag’ishlangan kitoblarni va boshqa yo’nalishlardagi kitoblarni keltirish mumkin.

XIX-XX asrlarda ham Islom olamining turli joylarida ham asarga ulamolar tarafidan yuzlab sharhlar bitilgan.

Xususan, Misr diyorining o’zida bu davrda 40 ga yaqin ilmiy ishlar qilinganining o’zi oxirgi ikki asrda ham bu kitobga e’tibor naqadar kuchli bo’lganini ifoda qiladi.

Quyida o’sha sharhlarning eng mashhurlari haqida tahliliy ilmiy ma’lumotlarni keltirib o’tiladi:

  • “Sharhu muxtasari Ibni Abiy Jamroh”

Bu kitobning muallifi Abu Muhammad Abdulmajid Ash-Sharnubiy Al-Azhariy bo’lib, bu zot Molikiy mazhabining faqihi va muhaqqiq olim edi. Azhari Sharifning buyuk olimlaridan ta’lim olgan Shayx Abdulmajid ash-sharnubiy Arab ilmiy merosiga tegishli asarlarning go’zal, ishonchli, mashhur ilmiy kitoblarini taqdim qilayotgan “Dor at-tibaa al-Misriyya al-Amiyriyya al-Ariyqo” matbaasining musahhih va muhaqqiqlaridan bir edi.

Shayx Abdulmajid ash-sharnubiy Misr Arab Respublikasi Buhayro provinsiyasining markazi bo’lmish Damanhur tumaniga qarashli Sharnub qishlog’ida tug’ilgan. Hazratning tug’ilgan sanasi haqida hozircha ma’lumot topilmadi. Shayx Sharnubiy Al-Azhar Jomeasiga o’qishga kiradi va keyinchalik “Dor al-kutub al-Azhariyya” matbaasiga musahhihlik vazifasiga tayinlandi. Shayx Abdulmajid Sharnubiy hijriy 1348-yil, milodiy 1929-yilda vafot etgan. Hazrat Sharnubiy Arab ilmiy merosini yuzaga chiqarishga umrining oxiriga qadar xizmat qilib keldi.

U zotning ayniqsa tasavvuf ilmiga doir Ibn Atoulloh Sakandariy rohimahullohning “Al-hikam al-Atoiyya” asariga yozgan sharhlari ahli ilmlar orasida sevib o’qiladigan kitoblar sirasiga kiradi.

Shayx Sharnubiyning ushbu “Sharhu muxtasari Ibn Abiy Jamroh” asari Ibn Abiy Jamrohning “Jam’ an-nihoya fiy bad’i al-xoyri val-g’oya” deb atalmish asariga yozilgan go’zal sharhdir.

Bu kitob Qohirada hijriy 1286, 1302, 1311 va 1349-yillarda nashr etilgan. Ushbu nashlar haqida “Mo’jam al-matbuaat” asarida aytib o’tilgan.

Ilmiy izlanish davomida Livan davlatining Bayrut shahrida “Muassasa al-kutub as-saqofiyya” nashriyotida chop etilgan nusxasi bilan tanishib chiqdik.

Shayx Sharnubiyning ushbu asari juda manfaatli, ilmiy ma’lumotlarga boy, o’ta sinchkovlik bilan yozilgan mo’tabar manbadir. Qolaversa, Shayx Sharnubiy o’z kitobida Ibn Abiy Jamrohning muxtasaridagi grammatik qoida va uslublarini bayon qilishga, asldagi g’arib lafzlarini yoritib berishga, undagi muammoli va chigal joylarini yechib berishga, mustalah al-hadis ilmidagi qoidalarni turlari bilan birga keltirishga jiddiy e’tibor qaratgan. Shuningdek, muxtasardagi kuniyasi bilan keltirilgan roviylarni ismlarini ham qo’shib keltirishga ahamiyat qaratgan. Bundan tashqari Shayx matn va uning lafzlariga, undagi hadislarning hukmlariga ta’liq bitgan. Xulosa qilib aytganda, Shayx Sharnubiy asarda sharh yozishning eng go’zal uslubini namoyon qilgan.

 

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

4-kurs talabasi Mirboboyev Mirabbos

manbalar asosida tayyorladi.

 

 

400910cookie-checkSahihi Buxoriyning so’ngi ikki yuz yildagi mashhur sharhlari (1-qism)

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: