Allohning kalomi Qur’oni karimda ko’plab joy nomlari va ularga bog’liq hodisalar sanab o’tiladi. Ya’ni ushbu hodisalar ma’lum shaharlarda va qishloqlarda bo’lgan. Inson tabiati va yaratilishi o’xshash bo’lganligi sababli, insonda uchraydigan xatolar ham aksar holatlarda o’xshash bo’ladi. Alloh taolo ushbu qissalar orqali biz ummatlarga pand-u nasihatlarni eslatma qilgan. Bundan inson oldingilar qilgan xatoni qilmasligi, agar shu xatolarni qilsa oxiri qanday oqibatlarga olib kelishini Alloh taolo Qur’oni karimda zikr qilib o’tgan. Qur’oni karimda eng ko’p zikr qilingan shahar va joylar quyidagilar:
- Makkai Mukarrama:
U (Alloh) Makkaning ichida (ya’ni Hudaybiyyada) sizlarni ularning (Makka mushriklarining) ustiga g‘olib qilganidan keyin ularning qo‘llarini sizlardan, sizlarning qo‘llaringizni ulardan to‘sgan (ya’ni o‘rtalaringizda sulh paydo qilgan) zotdir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchi bo‘lgan zotdir. (Fath surasi: 24-oyat)
- Madinai Munavvara:
Madina aholisi va ularning atroflaridagi a’robiylar uchun (jihodga chiqmay) Allohning payg‘ambaridan qolishlari va Undan yuz o‘girib o‘zlari bilan ovora bo‘lishlari joiz emas edi. Zero, Alloh yo‘lida ularga biron tashnalik, mashaqqat, ochlik yetsa va kofirlarni g‘azablantiradigan biron qadam bossalar, dushmanga biron ziyon yetkazsalar, albatta ular uchun bu ishlari sababli, yaxshi amal yozilur. Zotan, Alloh yaxshilik qilguvchilarning amallarini zoe qilmas. (Tavba surasi: 120-oyat)
- Saba shahri:
Shu joy nomi ostida Alloh taolo qur’onu karimda Saba surani nozil qilgan. Ushbu sura Qur’on karimda 34-sura hisoblanadi. Bu suraning 15- oyatida Alloh taolo marhamat qiladi:
Batahqiq, saba’liklar uchun o’z maskanlarida oyat (belgi) – o’ng va chapdan ikki bog’ bor edi. (Sab’a surasi: 15-oyat)
- Irom Shahri:
- Rabbingiz Od (qabilasi)ni nima qildi, ko’rmadingizmi?! 7.(Ular) baland ustunli Iram (shahridan) bo’lib, 8. (boshqa) yurtlarda uning o’xshashi yaratilmagan. (Fajr surasi: 6-7-8 oyatlar)
- Ar-Roqiym:
Balki, Kahf (g’or) va Bitik (voqealari yozilgan tosh) egalarini Bizning mo’jizalarimizning eng ajoyibi, deb hisoblagandirsiz? (Kahf surasi: 9-oyat)
- Madyan Shahri:
Madyan (qavmi)ga birodari Shuaybni (elchi – payg’ambar etib yubordik). (U) dedi: “Ey, qavmim! Allohga sig’iningiz! Sizlar uchun Undan o’zga iloh yo’qdir. O’lchov va vazndan urib qolmangiz. Men sizlarni (hozircha) yaxshilik (farovonlik)da ko’rib turibman va men sizlarga (hammani) qamrab oluvchi kun (qiyomat)ning azobi (bo’lishi)dan qo’rqaman. (A’rof surasi: 85-oyat)
- Bobil:
Va Sulaymon davridagi shaytonlar (jinlar) aytgan narsalarga ergashadilar. Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr oʻrgatadigan shaytonlar kofir edilar. Va Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarga ergashadilar. — Holbuki, u farishtalar: «Biz faqatgina fitnamiz (yaʼni odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz), bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir boʻlib qolma», demasdan turib hech kimga hech narsa oʻrgatmas edilar. — Va oʻshalardan (Horut va Morutdan) er-xotinning oʻrtasini buzadigan narsalar oʻrganadilar. (Lekin) ular (yahudiy sehrgarlar) sehr bilan Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Va hech foydasiz, bilʼaks zararli narsalarni oʻrganadilar. Axir (Allohning kitobi oʻrniga sehrni) almashgan kimsalarga Oxiratda hech qanday nasiba yoʻq ekanini bilgan edilar-ku. Jonlarini naqadar yomon narsaga (yaʼni Oxiratdagi mahrumlikka) sotganlarini bilsalar edi. (Baqara surasi: 102-oyat)
- Misr:
Biz Musoga va uning birodariga: “Ikkovingiz qavmingiz uchun Misrdan uylar tayyorlang, uylaringizni qibla qilib, namozni to’kis ado etinglar va mo’minlarga xushxabar ber”, deb vahiy yubordik. (Yunus surasi: 87-oyat)
- Ahqof shahri:
(Ey, Muhammad,) Od (qabilasi)ning birodarini (Hudni) eslang! O’shanda u o’zining qum-tepalardagi qavmini:”Sizlar Allohgagina ibodat qilinglar! Men, haqiqatan, sizlarga ulug’ Kunning azobidan qo’rqarman”, – deb ogohlantirgan edi. Vaholanki, undan oldin va keyin ham ogohlantiruvchilar (payg’ambarlar) o’tgandir. (Ahqof surasi: 21-oyat)
Qur’on karimda juda ko’p joylarning zikri kelgan bo’lib ulardan mashhur va ma’lumlarini aytib o’tdik.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent
islom instituti 4-kurs talabasi
To’laganov Murod tayyorladi