“Men faqat muallim qilib yuborildim” – Ibn Moja rivoyati
Insonga qalam bilan ilm o’rgatgan, Inson zotini ilm bilan barcha maxluqotlardan ortiq qilgan Alloh taologa O’zining jaloliga yarasha hamdu sanolar bo’lsin.
Shu rabboniy nur bilan qoraygan qalblarimizga yorug’lik olib kirgan, go’zal ta’lim uslublari bilan barcha narsada o’rnak bo’lgan Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassallamga mukammal va batamom salavotu salomlar bo’lsin.
Ushbu satrlar orqali Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning ta’lim va tarbiya uslublarining barchasini jamlab berishlikni maqsad qilmadik, lekin Alloh qodir qilganicha U zot ta’lim bergan uslublarining nodir qirralaridan ba’zilarini yoritib berishlikka harakat qilamiz. Va bu ilohiy ta’limot ostida tarbiya topgan insonlarning hayot jabhalaridan misollar keltirib o’tamiz.
Alloh taolo O’zining kalomida u zotni butun insoniyatga muallim qilib yuborgani haqida shunday marhamat qiladi:
{ هُوَ ٱلَّذِی بَعَثَ فِی ٱلۡأُمِّیِّـۧنَ رَسُولࣰا مِّنۡهُمۡ یَتۡلُوا۟ عَلَیۡهِمۡ ءَایَـٰتِهِۦ وَیُزَكِّیهِمۡ وَیُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَـٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَإِن كَانُوا۟ مِن قَبۡلُ لَفِی ضَلَـٰلࣲ مُّبِینࣲ }
U Zot savodsizlar ichidan, garchi ular bundan avval ochiq zalolatda bo‘lsalar ham, ularga oyatlarini o‘qib beradigan va ularni poklaydigan hamda kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Payg‘ambarni yubordi.[1]
Rasululloh sollallohu alayhi vassallam Alloh taolo o’zining eng oxirgi va mukammal shariatini bashariyatga ta’lim berishi uchun tanlab olgan ustoz edilar. Shunday ustoz bo’ldilarki, dunyo avvalida ham oxirida ham bunday muallimni hech ko’rmagan va ko’rmaydi ham. Ko’zlarimizning nuri, qalblarimiz sururi, ongimizdagi ilm deb atalmish cho’lga aylangan maskanni bog’ga aylantirgan, bog’ning har bir niholiga alohida e’tibor qaratgan bundayin bog’bon hech qayerda yo’q. Dunyo tarixi qanchadan qancha oltinlar-u, qimmatbaho buyumlar ortilgan uzundan uzun karvonlarni ko’rgan. Ularning barchasi bir kun kelib zavolga yuz tutgan. Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vassalam boshchiligidagi karvon hali hamon yo’lda, ba’zan shikast yedi, ba’zan o’tirib, ba’zan yotib qoldi ammo hech yana qayta yurishlikdan to’xtamadi. Hech bir kuch yo’lboshchisi Rasululloh sollallohu alayhi vassallamdek bo’lgan karvonni to’xtata olmadi. Ajabo, nima uchun shunday ekan-a? Hech mulohaza qilib ko’rganmisiz? Menimcha buning siri shariatni bundayin mukammal tarzda ummatlariga yetkaza olgan zotdadir.
Ta’lim berishning o’ziga xos ulug’ fazilatlari bor. Buyuk Alloh ta’lim berishning fazilatlari haqida shunday marhamat qiladi:
ٱدۡعُ إِلَىٰ سَبِیلِ رَبِّكَ بِٱلۡحِكۡمَةِ وَٱلۡمَوۡعِظَةِ ٱلۡحَسَنَةِۖ وَجَـٰدِلۡهُم بِٱلَّتِی هِیَ أَحۡسَنُۚ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعۡلَمُ بِمَن ضَلَّ عَن سَبِیلِهِۦ وَهُوَ أَعۡلَمُ بِٱلۡمُهۡتَدِینَ
( Ey, Muhammad!) Rabbingizning yo‘li ( dini) ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning o‘zi Uning yo‘lidan chalg‘igan kimsalarni yaxshi biluvchi va hidoyat topganlarni ham U biluvchiroqdir.[2]
Bejizga muallimlik ulug’vor kasb emas, chunki uning o’ziga yarasha anchagina mas’uliyatlari bor. Muallimning qo’llarida butun boshli insonning kelajagi shakllanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vassallam shunday bir muallim edilarki, U zotning qo’llari ostida tarbiya topgan sahobalar insoniyat tarixida misli ko’rilmagan ishlarni amalga oshirishgan.
To’g’ri, aytishingiz mumkin, hozir zamon ancha rivojlandi ta’lim va tarbiya berishning ko’pgina samarali usullari o’ylab topildi bunday uslublar bundan 14 asr ilgari bo’lmagan, bo’lishi ham mumkin bo’lmagan. Bunday deb o’ylasangiz siz yanglishasiz, hozirgi kundagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga kiruvchi Amerika, Angliya, Yaponiya va Germaniyaning ta’lim sohalarida joriy qilgan metodlarining ko’pgina elementlari bundan anchagina oldin, ya’ni 14 asr ilgari Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning ta’lim berish usullarida mavjud ekanligini o’zlari ham tan olishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning tarbiya va ta’limlari uchun butun dunyo xalqlari u zotdan qarzdordir. Misol uchun Nabiy sollallohu alayhi vassallam sahobalarining bilmlarini, zakovatlarini yuksaltirish, ziyrakliklarini oshirish uchun bilgan narsalari haqida savol berib, ta’lim berishlari juda samarali edi. Mana shu uslub 1941-yilda amerikalik Aleks Osborn tomonidan o’ylab topilgan bo’lib, u ”aqliy hujum” deb nomlanadi. Insof bilan o’ylab qarasak Aleks Osbornga bu uslubni topgan deyishligimiz qanchalik to’g’ri…
Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning ta’lim berish usullari nihoyatda katta, bitmas-tuganmas xazina kabidir. Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning ta’lim berish uslublari har bir zamon va makonga mos kelaveradi.[3]
Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning ta’lim berish metodlari xilma-xilligi bilan ajralib turadi, ta’lim berishda qalbga oson jo bo’ladigan, eshitgan inson malollanib qolmaydigan, qalbga huzur baxshida etadigan go’zal uslublardan foydalanar edilar, ta’lim berish jarayonlarida goho savollar berar, ba’zan yozdirar va yana ba’zan esa yodlatar, ba’zi kunlarini xossatan ayollarga ta’lim berishga ajratar, toliblarining zehni, aql idroki, salohiyatiga qarab ta’lim berar, ularning qay uslubni yaxshi qabul qilishlariga qarab vazifalar berardilar. Shundayin dona-dona gapirar edilarki, hatto so’zlarini sanasa bo’lar edi, ba’zan so’zlarining qanchalik ahamiyatli ekanligini bildirish uchun uch marotabagacha takrorlar edilar. Ta’lim berish, da’vat va ilmni yetkazish yo’lida ehtiyoj bo’lganda chet tillaridan ham foydalanar edilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuga suryoniy tilni o’rganishga buyurganlar[4] bu orqali yahudiylar qilishi mumkin bo’lgan ko’plab fitnalar oldi olingan.
Nabiy sollallohu alayhi vassallamning ta’lim berishdagi eng muhim uslublaridan yana biri yaxshilikka da’vat qilganda – rag’batlantirish, yomonlikdan qaytarganda – qo’rqitish edi va yana ko’pincha avval o’tgan qavmlarning qissalari va o’tmishdagi voqealarni aytib berish uslubi bilan ta’lim berar edilar. Chunki qissa aytib berish eng afzal bo’lgan usullardan biri bo’lib tinglovchiga yaxshi ta’sir qiladi, uning bor diqqat e’tiborini jamlashiga, faol bo’lishiga sabab bo’ladi, goh zarbulmasal keltirardilar, goh tuproqqa chizib berardilar, goh qo’l harakatlar bilan misollar keltirardilar, goh sahobalarni imtihon ham qilar edilar, to’g’ri javob berganni rag’batlantirib ham qo’yardilar, goho esa hazil mutoyiba ham qilardilar. Bundayin turfa xil uslubni o’zida mujassam etgan ustoz yana qayda bor. Qanday holatda bo’lganda ham ta’lim albatta fe’l va amal bilan birgalikda bo’lsagina ko’zlangan natijani beradi va insonlarga ta’sir qilishi kuchli bo’ladi. Bu narsa eng avvalo Rasululloh sollallohu alayhi vassallamda bor edi, ular avval o’zlari qilib, ko’rsatib berib namuna bo’lardilar. Bu narsa ta’limning negizidir. Bu haqida Imom Shofeiy r.a shunday deganlar: “Muhammad sollallohu alayhi vassallam mukammal ustoz edilar. Ular o’zlarini sokin tutar va shu bilan birgalikda hech qachon dadillikni yoqotmaganlar. Ularning ovozlarida doimo shahdamlik sezilgan, lekin ular hech qachon holatlaridan kibrlanmaganlar”.[5]
Rasululloh sollallohu alayhi vassallam eng qoloq ahvolda bo’lgan sahroyi arablarni shu darajada yuksak madaniyatli, butun dunyo ilm ma’rifatda o’rnak oladigan darajaga olib chiqdilar. Tomas Karleyl arablar haqida bunday yozadi: “Ular sahroda yashaydigan ko‘chmanchi xalq bo‘lib, asrlar davomida ularga hech kim e’tibor ham qaratmagan. Ammo arab payg‘ambar kelgandan keyin ilmda ham, irfonda ham butun dunyoning diqqat markaziga aylanishdi, ozchilik edilar ko‘payishdi, xorlikdan azizlikka chiqishdi. Bir asrga qolmay aql va ilmlari bilan butun yer yuzini nurga to‘ldirdilar”[6].
Qaysi muallimning ushbu ulug’ Payg’ambar qo’lida yetishib chiqqan sahoba va tobe’inlar kabi shogirdlari bor?! Butun olamni ilmu irfonga, adolatga to’ldirgan u zotlar Nabiy alayhissalomdan avval qanday edilar-u, keyin qaysi maqomga ko’tarildilar? Darhaqiqat, sahobalarning har biri biz so’z yuritayotgan muallim va murabbiy zotning qanchalar ulug’ ekaniga dalildir. Bu holat bizga ayrim buyuk usuliy olimlarning quyidagi ajoyib so’zlarini eslatadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa mo’jizalari bo’lmaganida ham, u kishining nubuvvatlarini isbotlash uchun sahobalarning o’zi kifoya qilar edi”[7].
Xulosa o’rnida shuni aytib o’tish mumkinki, yuqorida keltirib o’tilgan misollar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nubuvvatlari to’g’riligining ochiq-oydin dalillaridan va risolatlari rostligining aniq-ravshan belgilaridan bo’lib, ularni bunday aniqlikdan so’ng faqat johil kimsalargina inkor etishi mumkin, xolos. U zotga itoat etishga muvaffaq qilgan va risolatlarini tasdiqlash yo’liga hidoyat qilgan Allohga hamd bo’lsin! U zotga Alloh taoloning salavotu salomlari bo’lsin.
TII 3-kurs talabasi Azimjon Rixsiboyev
[1] Juma surasi 2-oyat.
[2] Nahl surasi 125-oyat.
[3] An’anaviy va noan’anaviy ta’lim/ Gulobod Qudratulloh qizi.
[4] Imom Termiziy rivoyati.
[5] An’anaviy va noan’anaviy ta’lim/ Gulobod Qudratulloh qizi.
[6] Qahramonlar va qahramonlikka sig’inish. (Heroes and Hero Worship) Tomas Karleyl.
[7] Ar-Rosul al-muallim va asaliybuhu fit-ta’lim; Abdulfattoh Abu G’udda.